Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Yangi Qo‘yliq bozori” — “Food city”dagi mahsulotlar narxlari yuzasidan izohi

Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Yangi Qo‘yliq bozori” — “Food city”dagi mahsulotlar narxlari yuzasidan izohi

EconomyMoliyaPress

Avval xabar berilganidek, “Qo‘yliq ulgurji bozori” rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Yangi Qo‘yliq bozori” — “Food city” savdo majmuasidagi narxlarni e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlash lozimki, joriy yilning 4–6-yanvar kunlari “Qo‘yliq ulgurji bozori” va “Food city” majmuasidagi narxlar orasida sezilarli tafovut mavjud bo‘lmagan.

Masalan, kartoshka, piyoz, karam, sabzi, olma, uzum, anor, nok narxlarida deyarli tafovut mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, pomidor, banan va boshqa mahsulotlar narxlari orasida 5 foizgacha (2 000–3 000 so‘m) farq kuzatilgan. Ushbu davrda bodringning minimal narxi “Food city”da “Qo‘yliq ulgurji bozori”ga nisbatan 6 000 so‘mga (-20 foizgacha) arzonroq bo‘lgan.

Shu bilan birga, “Food city”da ayrim mahsulotlarning yuqori ulgurji narxlari Toshkent shahrining boshqa dehqon bozorlaridagi chakana yuqori narxlarga yaqin bo‘lmoqda.

Bu “Food city”da narxlar bo‘yicha monitoring ishlari dastlabki bosqichdaligi, monitoring jarayonida ayrim sotuvchilar tomonidan chakana va ulgurji narxlarning bir xil e’lon qilingani bilan bog‘liq.

Masalan, bodring, sarimsoq piyoz, no‘xatning maksimal ulgurji narxlari “Tansiqboyev”, “Aviasozlar” va boshqa bozorlardagi eng yuqori chakana narxlar bilan deyarli bir xil. Shuning uchun narx o‘zgarishlari to‘g‘risidagi umumiy xulosalar uchun muayyan vaqt talab qilinishi mumkin.

Kelgusida bozor faoliyatining to‘liq yo‘lga qo‘yilishi, sotuvchi va xaridorlarning yangi sharoitga moslashuvi bilan ulgurji hamda chakana narxlar bo‘yicha ma’lumotlar sifati va kuzatish metodologiyasi takomillashtirib boriladi.

Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Food city”dagi narxlarni kuzatish va e’lon qilish amaliyotini davom ettiradi.

 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati


Report Page