Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi o‘rtasida bitim imzolandi
EconomyMoliyaPressO‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida 100 million AQSh dollari miqdoridagi “Murabaha” moliyalashtirish bitimi va agentlik kelishuvi imzolandi. Mazkur bitim O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan.
Mablag‘lar 24 oygacha bo‘lgan muddatga qulay shartlarda ikki transhda ajratiladi. Ushbu mablag‘lar O‘zbekiston aholisining ehtiyojlarini qondirish, mamlakat agrar sektorining barqarorligi va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi.
Shu bilan birga, ITFC vakillari bilan kelgusida boshqa ustuvor sohalarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
ITFC haqida
Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) Islom taraqqiyot bankining asosiy instituti bo‘lib, uning vazifasi Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy o‘sish va savdoni rivojlantirishni rag‘batlantirishdan iborat.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati