Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi Anqaradagi O‘zbekiston-Turkiya biznes forumida ishtirok etishdi
EconomyMoliyaPressBosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi Turkiyaning Anqara shahridagi Turkiya palatalari va birjalari ittifoqi binosida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston-Turkiya biznes forumida ishtirok etishdi.
Yuqori darajadagi ushbu forum ikki davlat ishbilarmon doira vakillari, investorlar, xalqaro ekspertlar va mutaxassislardan iborat 500 nafar ishtirokchini birlashtirdi.

Ma'lumot uchun ta'kidlab o‘tish joizki, 2017-2023-yillarda Turkiya bilan savdo qilayotgan O‘zbekistondagi tadbirkorlik subyektlari soni 2 baravarga ko‘payib, qariyb 5200 tani tashkil qildi. Mazkur kompaniyalar energetika,qurilish, to‘qimachilik, turizm, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda faoliyat olib bormoqda.

2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi Imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolandi. Bitim doirasida belgilangan 12 ta tovarlar bo‘yicha o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yil yakunida 30 foizga oshgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-aprel oylarida ushbu tovarlar savdosi hajmi yana 12 foizga o‘sdi.

Tadbir kun tartibidan Turkiya kompaniyalarining salohiyatli rahbarlari bilan davlat-xususiy sheriklik, xususiylashtirish, tog‘-kon sanoati va geologiya, ikki davlat o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik va mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan islohotlar hamda sanoat sohalaridagi yangi loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan muzokaralar va taqdimotlar oʻrin oldi.

Xususan, davlat-xususiy sheriklik sohasiga qaratilgan sessiya yakunida 10 ta salohiyatli turk kompaniyalari bilan mazkur sohalarda loyihalarni hamkorlikda tayyorlash va amalga oshirishda ishtirok etish uchun (“swiss challenge” asosida) anglashuv memorandumlari imzolandi. Shuningdek, vazirlik mutasaddi vakillari tomonidan 2024-2025-yillarda e’lon qilinishi kutilayotgan tenderlarga turk tadbirkorlarini jalb qilishga qaratilgan taqdimot namoyish etildi.

Tadbir kun tartibida Turkiya kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi, energetika, sog‘liqni saqlash, to‘qimachilik, geologiya, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish kabi sohalardagi hamkorlik muhokamalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, mamlakatimizning Samarqand, Toshkent, Xorazm va Buxoro viloyatlarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi qo‘shma loyihalarini shakllantirish masalalari hamda ushbu viloyatlarning turistik salohiyatini taqdim etish va yangi turistik infratuzilma loyihalariga turk tadbirkorlarini jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Forum yakuniy qismida qatnashchilarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik, zargarlik, qurilish, charm va sanoatning boshqa turlaridagi mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Shuningdek, biznes-forum doirasidagi B2B shakldagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, ular yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlikning aniq masalalarini atroflicha muhokama qilish imkonini berdi.

Forum doirasida O‘zbekiston-Turkiya iqtisodiy va biznes doiralarining o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, sanoat klasterlarini tashkil etish, energetika sohasini qo‘llab-quvvatlash, elektrostansiyalar barpo etish, tekstil va charm-poyabzal ishlab chiqarish, davlat-xususiy sheriklik asosida avtomobil yo‘llari, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish yuzasidan bir qator kelishuv va memorandumlar imzolandi.
Tadbir Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalarini mustahkamlash, iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘shma loyihalar va sarmoya kiritish uchun yangi imkoniyatlar ochishda muhim qadam bo‘ldi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati