Iqtisodiyot faolligining ayrim ko‘rsatkichlarining haftalik dinamikasi

Iqtisodiyot faolligining ayrim ko‘rsatkichlarining haftalik dinamikasi

EconomyPress

Iqtisodiy faollik 2022-yil 24-30-yanvarda joriy yilning 1-haftasiga nisbatan jonlangani kuzatildi. Xususan:

Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 24-30-yanvar kunlari tovarlar eksporti hajmi 155,5 mln dollarni hamda tovarlar importi hajmi esa 613,3 mln dollarni tashkil qildi.

Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 72,2 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 112,2 mln dollarni tashkil qilmoqda. Xususan, 38,3 mln dollarlik kalava ip, 29,6 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari,  23,8 mln dollarlik metall va metall buyumlar, 11,6 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari va 8,9 mln dollar miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilingan.

Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 397,4 mln dollarni tashkil etdi. Bular:

Transport va uning ehtiyot qismlari (99,8 mln dollar), kimyo sanoati mahsulotlari (96,3 mln dollar), texnologik asbob va uskunalar (78,8 mln dollar), elektrotexnika va uning qismlari (69,6 mln dollar) hamda metall va metall buyumlar (52,8 mln dollar).

Shuningdek, ushbu davrda “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi”da ham yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 1,1 barobarga o‘sishi kuzatildi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan suyultirilgan gaz 2,0 barobarga, polietilen 1,5 barobarga, qora metallar prokati 1,2 barobarga, avtomobil benzini 1,2 barobarga, oshgani qayd etildi.

Joriy yilning 17-23-yanvar kunlari, iste’mol narxlari indeksi (INI) bo‘yicha inflyatsiya darajasi 0,09 foizni, tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida). Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari hafta davomida o‘rtacha -0,03 foiz miqdorida, oziq-ovqat mahsulotlari esa 0,22 foiz miqdorida qayd etilgan.

 Hududlar kesimida sezilarli haftalik o‘sish sur’ati Samarqand (0,20%) va Andijon (0,13%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (0,16%) qayd etildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati

Report Page