Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, IT Park va BMTTD tomonidan ishga tushirilgan “Youth Digital Skills” dasturining dastlabki natijalari haqida

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, IT Park va BMTTD tomonidan ishga tushirilgan “Youth Digital Skills” dasturining dastlabki natijalari haqida

EconomyPress

Joriy yilning 24–27-oktabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan “ICTWEEK UZBEKISTAN 2022” axborot texnologiyalari sohasidagi yilning eng yirik tadbiri doirasida “Youth Digital Skills” dasturi taqdim etiladi.

Ushbu dastur mohiyati va maqsadi nimalardan iborat?

Dasturning maqsadi raqamli tadbirkorlik ko‘nikmalarini, raqamli vositalarni shakllantirish va qulay muhitni yaratish orqali yoshlar, ayniqsa ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Dastur fuqarolar bandligini hamda raqobatbardoshlikni oshirish va tengsizlikni kamaytirish, inklyuziv, innovatsion va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va ish o‘rinlari yaratishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Dastur doirasida yoshlar va ayollarga raqamli ko‘nikmalarni o‘rgatish – internetda muhim kontentni topish va baholash qobiliyatidan tortib, ilg‘or foydalanuvchi “know-how”lari, ya’ni internet-marketing va savdo yo‘nalishlari, axborot texnologiyalarining deyarli butun sohasini qamrab oluvchi hamda mamlakatimizda raqamli tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 13 ta tashabbus amalga oshirilmoqda.

ICTWEEK haftaligi doirasida O‘zbekistondagi AT-bozori, raqamli tadbirkorlik tendensiyalar salohiyati va jadal rivojlanayotgan raqamli dunyoda zarur bo‘lgan ko‘nikmalar bo‘yicha tadqiqot natijalari ham taqdim etildi.

Shuningdek, 6 ta asosiy biznes yo‘nalishlari bo‘yicha kompaniyalarning raqamli faoliyatini baholaydigan (raqamli aloqa; mijozlar bilan raqamli aloqalar; xodimlar va raqamli innovatsiyalar; axborot va AT xavfsizligi; raqamli vositalardan foydalangan holda kompaniya boshqaruvi; raqamli ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish) “Digital Pulse” vositasi keng jamoatchilikka taqdim etildi. Ushbu vosita bugunga qadar 250 dan ortiq kompaniyalarga biznes-jarayonlarni raqamlashtirish darajasini aniqlashga yordam berdi, diagnostika natijalari ushbu kichik korxonalarning raqamli transformatsiyasiga asos bo‘lib, yangi biznes g‘oyalar va yondashuvlarni ishlab chiqishga turtki bo‘ldi.

Biznes-jarayonlar autsorsingi (Business Process Outsourcing, BPO) sohasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bu autsorsing turlaridan biri bo‘lib, unda tashkilot ma’lum biznes jarayonlarini boshqa kompaniya zimmasiga yuklaydi. Ushbu tashabbus doirasida BPO metodologiyasi ishlab chiqildi, yangi xizmatlar/yo‘nalishlar va BPO bizneslarini ishga tushirishda ko‘mak berilmoqda. BPO rivojlanishi uchun barqaror sharoitlar yaratish maqsadida, hududlardagi BPO maktablarining institutsional salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. BPO yo‘nalishini amalga oshirish uchun o‘quv dasturi va autsorsing kompaniyalarida xalqaro ish tajribasiga ega bo‘lishni xohlovchi 17 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lganlar uchun amaliyot tashkil etiladi.

Navbatdagi yana bir tashabbus – “IT Women” dasturi. Loyiha yosh ayollar uchun kompyuter savodxonligi, muvaffaqiyatli loyihalarni rejalashtirish va amalga oshirish, biznesni tashkil etishga oid asosiy bilimlar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilishni nazarda tutadi. Ushbu tashabbus doirasida ishtirokchilarni saralash jarayoni davom etmoqda, 2022-yil oxirigacha 2000 ta mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “Future skills” tashabbusi doirasida hududlarda istiqomat qiluvchi yoshlar uchun raqamli savodxonligini oshirish kurslari tashkil etildi. Maqsad – xizmat ko‘rsatish sohasida raqamli texnologiyalar va elektron tijorat ko‘nikmalariga ega bo‘lgan yoshlar sonini ko‘paytirish. 2022-yil oxirigacha 10 mingdan ortiq yoshlar oʻqitiladi, bugungi kunda respublika bo‘yicha ushbu treninglarda qatnashayotgan talabalar soni 4500 nafarni tashkil etdi.

“Youth Digital Skills” dasturi, shuningdek, Biznes rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash markazlari (Business Development Support Centers) qoshida raqamli biznesni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha konsultantlarni tayyorlash hamda kichik va o‘rta biznes uchun raqamli mentorlik dasturi va boshqa yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, dastur doirasida bir qator boshqa tashabbuslar amalga oshirilmoqda:  Forsayt metodikasi (bashorat qilish) bo‘yicha kelajakda talab qilinadigan ko‘nikmalarni aniqlash bo‘yicha tadqiqotni o‘tkazilishi, tanlab olingan kichik va o‘rta biznes korxonalarida qiymat zanjirini raqamlashtirishni sinovdan o‘tkazish, 50 nafar yosh tadbirkor uchun raqamli murabbiylik tashabbusi va ayollar uchun raqamli amaliyot dasturlarini tashkil etish hamda IT masalalari bo‘yicha davlat-xususiy muloqot shaklida innovatsion tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlovchi YouthLab milliy platformasi bo‘yicha ishlab chiqilgan konsepsiyasini muhokama qilish.

Ushbu tashabbuslar mamlakatimizda AT sohasini rivojlantirishga xizmat qilishi, minglab yosh tadbirkorlar, ayniqsa, mamlakatimizning chekka hududlarida yashovchi ayollar uchun zamonaviy dunyoda zarur bo‘lgan kompyuter savodxonligi ko‘nikmalariga ega bo‘lishi hamda o‘z bizneslarini raqamli transformatsiyadan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.

 “Youth Digital Skills” dasturi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, IT Park va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan “Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. 


Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati


Report Page