Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlarining haftalik dinamikasi

Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlarining haftalik dinamikasi

EconomyPress

2022-yilning 7-fevral – 13-fevral kunlari “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi”da yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 1,5 barobarga ko‘payishi kuzatildi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan avtomobil benzini 1,8 barobarga, mis katodi va suyultirilgan gaz 1,4 barobarga, shuningdek, qora metallar prokati 1,2 barobarga oshgani qayd etildi.

Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 7-fevral – 13-fevral kunlari tovarlar eksport hajmi 174,7 mln dollarni, import esa 599,9 mln dollarni tashkil qildi.

Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 75,7 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 132,2 mln dollarni tashkil qilmoqda (Xususan, 38,5 mln dollarlik metall va metall buyumlar, 35,6 mln dollarlik kalava ip, 32,5 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 15,4 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari va 10,2 mln dollar miqdordagi plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar).

Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 335,0 mln dollarni tashkil etdi. Bular:

Texnologik asbob-uskunalar (81,9 mln dollar), metall va metall buyumlar (76,3 mln dollar), transport va uning ehtiyot qismlari (73,4 mln dollar), neft va neft mahsulotlari (52,7 mln dollar) hamda oziq-ovqat mahsulotlari (50,8 mln dollar).

Joriy yilning 7-fevral – 13-fevral kunlari iste’mol narxlari indeksi (INI) 0,04 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida).

Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,10 foizga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari esa hafta davomida oshmagan.

Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsiya darajasi Samarqand (0,07 foiz), Namangan (0,06 foiz) va Toshkent (0,06 foiz) viloyatlarida qayd etilgan (ushbu hududlarda INI o‘sishi, asosan, nooziq-ovqat va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan).


Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati

Report Page