Intervyu

Intervyu

Hududlardagi tuproqlarda qanday ko‘chatlarni ekish mumkin?

Tozaboy To‘rayev, “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” davlat unitar korxonasi mutaxassisi, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent: 

— Mamlakatimiz bo‘ylab geografik kenglik bo‘yicha tuproqlar turli tiplarda tarqalgan. Cho‘l zonasi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt hududini oladigan bo‘lsak, u yerlarda asosan sur tusli qo‘ng‘ir tuproqlarni ko‘rish mumkin. Bu hududdagi o‘simliklar asosan o‘zi o‘sadigan yantoq, saksovul kabilardir. Orolbo‘yi mintaqasiga esa, saksovullarni ekish lozim. Xorazm viloyatida o‘tloqi tuproqlar tarqalgan bo‘lib, bu yerlarga turong‘i, terak, tol, qayrag‘och, jiyda, tut kabi daraxt ko‘chatlarini ekish tavsiya etiladi. Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham mana shunday o‘tloqi tuproqlar tarqalgan bo‘lib, bu hududlarda ham o‘sha ko‘chatlarni ekish samarali hisoblanadi.

Surxondaryo, Qashqadaryo vohalarida unumdor tog‘ oldi va och tusli bo‘z tuproqlar mavjud bo‘lib, afsuski, bu yerlarga ekin ekilganda suvning yetarli emasligi tufayli uning keyinchalik gurkirab ketishi biroz qiyin kechadi. Bu esa tuproqlardagi namlikni bug‘lanib ketishiga olib keladi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tog‘ zonasiga tegishli bo‘lgan och tusli bo‘z, jigarrang tuproqlar keng tarqalgan. Bu hududlarda mevali daraxtlardan tashqari chinor, archa, kashtan, pavloniya kabi manzarali ko‘chatlarni ham ekish tavsiya etiladi. Shuni qayd etish joiz, bitta hududga faqat bitta tipdagi tuproq tarqalgan deyish noto‘g‘ri. O‘sha hududdagi o‘zgarishlar, iqlim sharoiti u yerdagi tuproqlarning tarkibini, xususiyatlarini ham o‘zgartirib yuboradi. Shu bois ham hududlarga ko‘chat ekish uchun avvalo, laboratoriya tahlillarini o‘tkazish va faqat o‘sha tuproqda unib, yashnaydigan ko‘chatlarni ekish maqsadga muvofiq.  

"Tuproqsifattahlil"DUK Axborot xizmati

Report Page