Interview: Shokhsanam Davlatboeva

Interview: Shokhsanam Davlatboeva

Otabek Akromov


O`zingiz haqingizda qisqacha ma`lumot bering ?

Shoxsanam Davlatboeva 1998-yil 29-oktabrda Toshkentda tug'ilgan va hozirda O'zbekiston Milliy universiteti Biologiya yo`nalishi bo`yicha 4-kurs talabasi. Shoxsanam emPLANT + Erasmus Mundus Qo’shma Magistr dasturiga to'liq grant asosida qabul qilingan.


Nega chet elda magistraturada o`qishga qaror qildingiz? Nega aynan siz o`qiyotgan programmani tanladingiz?

Bolaligimdan Nobelchilarga havasim katta bo'lgan. Litseydagi kursdoshim bilan: "Sen Oskar, men esa Nobel olganimda bir otamlashamiz", deb ahdlashganmiz ham))) Garchi avvaliga tibbiyot akademiyasiga kirmoqchi bo'lgan bo'lsam-da, taqdir meni O'zbekiston Milliy universiteti Biologiya fakultetiga olib keldi. Nobel mukofotiga erishish yo'lida birinchi qadamim universitetga 1-o'rinda qabul qilinganim bo'lsa, ikkinchi qadamim esa Yevropaning nufuzli universitetlarida magistr bosqichini o'qishga munosib deb topilganim bo'ldi.

Biotexnologiya sohasiga juda qiziqaman. Qabul qilingan yo'nalishim yer yuzi bo'ylab iqtidorli biotexnolog, seleksioner, genetiklarni zamonning so'nggi bilimlari bilan 'tarbiyalaydi'.


Grant miqdori qancha? 

Grantning umumiy miqdori 49,000 yevro bo'lib, o'z ichiga kontrakt to'lovlari, bir martalik joylashib olish uchun pul, sayohat sarflari va stipendiyani oladi. 


Magistraturaga o`qishga kirish osonmi? O`qishga kirish talablari qanaqa? Magistraturaga o`qishga topshirishda o`zingiz qo`llagan strategiyalar haqida batafsil ma`lumot berib o`tsangiz.

Kirish juda qiyin emas. Asosiysi talablarga to'liq javob berish, hujjatlarni o'z vaqtida yuborish. Hattoki barcha talablarga javob berganingizda ham siz kabi yuzlab balki minglab raqobatchilaringiz bo'ladi. Kanaldagi barcha grant sohiblari ta'kidlaganidek, motivatsion xat va CV hal qiluvchi rollar hisoblanadi. Garchi IETLS sertifikatingiz yoki GPA ko'rsatgichingiz juda yuqori bo'lmasa ham, siz o'zingizdagi motivatsiyani ko'rsatib grantga loyiq deb topilishingiz mumkin. Tanlangan yo'nalish bo'yicha tajriba ham katta yordam beradi. Bo'lajak kursdoshlarim: "Sening na GPA, na IELTSing baland, ammo ish tajribang ko'p, menimcha seni shuning uchun ham tanlashgan", deyishadi. Ularning ham gapiga qo'shilaman. Bizning yo'nalishda juda kamdan kam hollarda laboratoriya ostonasiga hatlab kirmagan talabalarni bunday joyga loyiq deb topishadi. 


Bundan tashqari, hujjatlarni nechta va qaysi universitetlarga topshirdingiz? Nechtasi sizni qabul qildi va nechtasidan rad javobini oldingiz? Topshirgan programmalarni saralashda siz qanday mezonlarga tayangansiz?

Juda ko'p universitetlarga o'qishga topshirganman, bahonada ancha tajribali ham bo'lib olganman. Rad javoblariga immunitetim ham oshgan) Mening fikrim: qanchalik ko'p joyga topshirsangiz, shunchalik qabul qilinish darajangiz yuqori bo'ladi. 20 dan ortiq applicationlar to'ldirgan bo'lsam-da, eng birinchi topshirgan joyimga qabul qilishgan. Qolganlaridan deyarli barchasi rad etgan. 

Doimo grantlarni izlab yuring, ularni dedlaynlariga qarab raqamlang, qanday dokumentlar so'rashganini, qay holda yuborishingiz kerakligini aniqlab barchasini yozib oling va reja bo'yicha topshiring, dangasalik qilmang, bahonalar esa o'tmaydi. 


Siz o`qiyotgan programmaga nechta grant o`rni ajratilgan? Nima deb o`ylaysiz, nimaga aynan sizni tanlashdi?

Qancha o'rin ajratilganligini to'g'risi bilmayman, o'rtacha 25ta talaba olishsa kerak. 

Grantga loyiq ko'rilganligim sabablari: 

- dokumentlarni sifatli va vaqtida jo'natganim;

- motivatsion xat(menda programma uchun maxsus savollarga javoblar ko'rinishida bo'lgan);

- ish tajribasi;

- samimiy intervyu(!)

Intervyuda berilgan savollarga hayajonlarsiz, to'g'ri javob berishga harakat qiling. Oldindan tushishi mumkin bo'lgan savollarga tayyorlaning. Bunda shu yo'nalish bo'yicha o'qiyotgan talabalardan yordam olishingiz mumkin.


Nima deb o`ylaysiz, nimaga siz yuqorida sanab o`tgan universitetlardan rad javobini oldingiz?

Odatda universitetlar murojaatlar ko'pligi sabab nega rad qilishayotganini aytishmaydi. Ammo talablarga javob bermadingizmi o'zingizdan hech o'pkalamang. Bir marta Wageningen universitetidan meni rad qilishganliklari to'g'risida xat olganman. Eng qizig'i bu xatni dokumentlarni yuklaganimdan 2 kungina o'tar-o'tmas jo'natishgan. Bu eng birinchi salbiy xatim bo'lgani uchun juda xafa bo'lganman. Rad etilganimning sababi bakalavr darajamda kerakli fanlardan yetarlicha soatlarim bo'lmaganligi deb ko'rsatilgan. Yana 2 kun o'tib aynan shu universitetdan qabul qilinmaganimni ta'kidlab yana xat kelgan va xatda rasmiy rad etilganingizni tasdiqlovchi finale xatni yana 2 kundan so'ng jo'natamiz deyishgandi. O'zi ham yaramga naqd 3 marta tuz sepishgan. Xatlarimni esdalikka olib qo'yganman. Ana shunaqa)


Sizga o`xshab chet elda o`qimoqchi va grant yutmoqchi bo`lgan obunachilarimizga qanday amaliy maslaxatlar bera olasiz? Ishni nimadan boshlash kerak? Nimalarga e`tibor berish kerak? Qanday hujjatlar talab qilinadi?

 Agar bu sohada yangi bo'lsangiz, birinchi o'rinda kanalga joylangan videolar bilan tanishib chiqing. Erasmusga topshirayotgan bo'lsangiz, katalogdan qanday foydalanishgacha o'rgatilgan. Qiziqtirgan yo'nalishni tanlab talab qilingan hujjatlar kerakligini va dedlaynni bilib oling. Hujjatlarni o'zlari "aytishganidek" tayyorlang. Hujjatlarni yuklashda boshrog'ida topshirishni maslahat berishadi. Agar tayyor bo'lsangiz, albatta topshirgan ma'qul. Lekin men dedlayngacha topshirilgan barcha hujjatlar 100% teng huquqli deb hisoblayman. ‘Kimdir oldinroq topshirdi, unga imtiyoz ko'proq’, qabilidagi gaplarga hech ham qo'shilmayman. Asosiysi ulguring.

IELTS talab qilishmagan bo'lishsa ham, sertifikati borlarda imkoniyat ko'proq bo'ladi. Sohangiz bo'yicha tajriba oshiring, bakalavr emas magistraturaga ketyapsiz. 1 ta joyga emas maximal topshirishga harakat qiling. Garchi biron davlatda o'qigingiz kelmasa ham, topshirganingiz sizda tajribangiz oshishiga yordam beradi xolos. Balki kirib qolsangiz fikringiz ham o'zgarib qolar)

Tavsiya xatlari haqida to`xtalish niyatim yo`q. agar omadingiz kelib oqituvchingiz ingliz tilini bilsa, o`zlariga yozdirib oling, lekin buyerda ko'pincha o'zingiz yozishingizga to'g'ri keladi. 

Ustoz kerak. Qilayotgan ishingizni ko`rib, yo`l-yo`riq ko`rsatib turuvchi insonlar bo`lishi, bu sizning eng katta yutuqlaringizdan biri.


Motivatsion xat va CVni to`ldirishda nimalarga e`tibor berish kerak?

Motivatsion xat eng qiyini. Motivatsion xatingiz xuddi barmoq izingizdek ''unique'' bo`lishi kerak. Ko`chirmachilik yaxshi emasligining 2ta sababi bor: birinchisi – biron kishining shabloniga kirib qolib, davom ettirolmaysiz, uning uslubiga tusholmaysiz, o`zingizni ochib berolmaysiz; ikkinchisi – plagiat, o`xshash xatlarga unchalik ham mehr berishmaydi-yov. Bir marta men ham o`zimga shogird tanlash uchun(xuddi katta odam bo`lib ketgandek) insholar tanlovini uyushtirganman. Sohaga qiziquvchilarga o`zlari, qiziqishlari va men nega aynan ularni tanlashimni asoslovchi sabablar haqida esse yozishlarini so`raganman. Mana shunda ahvolimni ko`ring. Shunchalik ham bir xil qolipdagi esselar ko`pki, hattoki oxirigacha o`qimaganman, ko`piga bir ko`z yugurtirib ketganman xolos. Xuddi shu tobda nega motivatsion xat original bo`lishi kerakligini tushunganman. Qabul komissiyasida o`tiruvchilarga har yili qancha shunday xatlar keladi, bir o`ylab ko`ring-a?

CV yaratish juda oson, online platformalar bor(Europass online). CV yaratganimda Grant Detective youtube kanaliga joylangan videolardan ancha narsa o`rganganman. “CV to`ldirishda shaxsiy ma’lumotlardan keyin birinchi education qismini joylashtiring, chunki siz job application emas o`qishingiz davom ettirish uchun akademik programmaga topshiryapsiz”, deydi Akrom Fozilov o`zining kanal uchun bergan videosida. Shunday to`g`ri maslahatlar CVingizni professional bo`lishida yordam beradi. 


Grant Detective kanali sizga magistraturaga kirishda va grant yutishda qanday amaliy yordam berdi?

Grant Detective kanali shu yili 1-yanvarda tashkil etilgan. Kanaldagi 13-yanvargacha bo`lgan barcha ma’lumotlarni bittalab o`rganib chiqqanman, videolarni ko`rib o`zimda yana ham ishonch ortganini his qilganman, motivatsiya, kuch olganman. O`zingiz ham his qilsangiz kerak, endigina hali topshirishni ham boshlamagan paytingiz, grant yutish, universitetga qabul qilinish juda ham norealdek tuyuladi. Applicantlarning yuragi ham xuddi musavvirlarnikidek nozik, bir demotivatsiya bo`ldimi, qayrilib ham qaragisi kelmaydi. 

Shu o`rinda Grant Detective kanali yaratuvchisiga, o`z tajribasi bilan bo`lishgan barcha insonlarga katta minnatdorchilik bildiraman. Mana shunday yaxshi insonlar ko`payaversin)))

Qiziqarli subat uchun katta rahmat!

Otabek Akromov suhbatlashdi.


Report Page