Iqlim oʻzgarishi ayollar foydasiga ishlayapti: olimlar yerda ayollarning hukmronlik davri boshlanayotganini aytishmoqda
Ajablanmang, shunday boʻlishi mumkin. Bir qancha olimlar shunday nazariyani ilgari surishmoqda. Xoʻsh, bu jarayon qanday yuz bermoqda? Shunday boʻlishi muqarrarmi? Maqolada shu kabi xavotirli mulohazalar jamlanadi va tahlil qilinadi.
Qanday boshlandi?
Koʻpchilik tan olishni istamasa-da qachonlardir yer yuzida ayollar hukmronligi davri boʻlib oʻtgan. Vaqtlar oʻtishi bilan ayollar yetakchilikdan qoldi va erkaklar tizginni qoʻlga oldi.
Ayollar rahbarligi davri matriarxat deb atalgan, u onalar huquqi degan maʼnoni bildiradi. Urugʻchilik tuzumining ikkinchi bosqichida ayol hukmronlik mavqeiga ega boʻlib, mulk va mansablar ona urugʻi tamoyili asosida meros boʻlib oʻtgan. Ayollarning farzand dunyoga keltira olishiga tom maʼnoda sigʻingan erkaklar oila va jamiyatdagi boshqaruv tizimini mutlaqo ayollar qoʻliga topshirishgan. Vaqtlar oʻtishi bilan ayollarning jismoniy zaifligi tufayli ustunlik yana erkaklar tomon boʻldi va patriarxat davri boshlandi.
Davr qaytdimi?
Mana bir necha yildirki, insonlar jamiyatda gender tengligini targʻib qilish borasida keskin bahslar olib bormoqda. Baʼzi mamlakatlarda ayollar oʻzlarining erkinliklari uchun isyon ham koʻtarayotgani hech kimga sir emas. Olimlarning fikriga koʻra, matriarxat ayollarning erkaklar ustidan hukmronlik qiladigan tizim emas, aksincha zamonaviy matriarxat ayollik qadriyatiga rioya qilish, yaʼni ijtimoiy va madaniy hayotni oʻzaro hurmat asosida tarbiyalashdir.
Ayollar hukmronligi davrida jamiyat zoʻravonlikdan xoli, unda adolat va shafqat kuchli boʻlgan. Bugun dunyoning juda katta qismida, ayniqsa Yevropa mamlakatlarida ayollar huquqi erkaklarniki bilan teng va ular har jabhada faol. Siyosat, sanʼat, ilm, tijorat, ogʻir sport turi va hatto nikoh borasida ham ikki jins vakillarining huquqlari tenglashib boʻlgan.
Faqat nima qoldi, millatlarning qadriyat, urf odatlari va qaysidir miqdorda diniy majburiyatlari jamiyatning barcha qismida ayollar erkinligini taʼminlashdan, odamlarning bu tushunchani singdira olishidan biroz tortib turibdi. Masalan, bizning jamiyatda oila va ish borasida ayollar erkaklardan bir pogʻona past sanaladi. Toʻgʻri, hozirga kelib ayollarga eʼtibor va erkinlik koʻrsatkichlari ilgarigiga nisbatan anchayin koʻtarildi. Ammo insonlar ong va tafakkurida “pastda turadi, mumkin emas, majbur” nazariyasi mustahkam oʻrnashib qolgan. Va jamiyat tenglik tushunchasini oson “hazm” qila olmaydi. Toʻgʻrirogʻi qabul qilishni istamaydi.
U yerda ayollar hukmron
Ming asrlar oʻtgan boʻlsa ham, yer yuzining baʼzi qismlarida matriarxat tizimi hali ham mavjud, u saqlanib qolgan. Masalan Hindistonning shimoliy-sharqiy qismidagi Meghalaya shtatida shunday qabila yashaydi. Meros onadan qizga oʻtadi, ona tomonning familiyasini oladi. “Turmushga chiqqan” erkaklar toʻydan soʻng qaynonasining uyida yashaydi. Ayollar patriarxat tizimiga boʻysunmaydi.
4.2 million fuqarodan iborat Indoneziyada joylashgan Sumatraning etnik guruhi dunyodagi eng yirik ayollar jamiyatidir. U yerda ayollar odatdagi kabi oila, erkaklar koʻcha ishini qilishadi, ammo qabila rahbarini aynan xotinlar tanlashadi. Shuningdek Xitoyning Mosuo aholisi ming yillardan buyon ayollar hukmronligini ilgari surib keladi. Aynan u yerda mutlaq boshqaruv ayollar tizginidadir. Hatto ular erkak uyiga “sovchi” boʻlib borishadi.
Boʻlgan va boʻladi...
Qadimda mamlakat hukmdorlari siyosiy masalalarda ayollarga suyangan. Yashirin tarzda boʻlsada, yurt tizgini malikalar qoʻlida edi. Har qaysi davrda ayol boʻyin boʻlsa, erkaklar bosh boʻlgan. Faqat erkinlik, tenglik tushunchalari katta minbarlarda baland ovozda soʻzlanyapti va ijtimoiy sohadagi ishtiroklari qoʻllab quvvatlanyapti, mana bu ochiqchasiga “qonuniy” erkinlik deyiladi. Jamiyatda ayol va erkakning tengligini taʼminlash juda katta ahamiyatga ega. Ulardagi salohiyat darajasi barcha sohalarda oʻz oʻrnini koʻrsata oladi va qaysidir maʼnoda ular bunga haqlidirlar.
Nilufar Ubaydullayeva,
"Yoshlar kundaligi" muxbiri