Ilhaq ilhaq qilganchalik bo‘ldimi?

Ilhaq ilhaq qilganchalik bo‘ldimi?


So'nggi ikki oy ichida "Ilhaq" filmi shunday reklama qilindiki, hatto tomoshabinlar film nima haqidaligini, aktyorlar ansamblini, postanovkachi rejissyordan tortib, grim ustasigacha kimlar ishlaganini bilib olgan bo'lsa ajab emas. Shuning uchun bularga to'xtalib o'tirmadim. Va nihoyat 9-may g'alabaning 75 yilligida ushbu film premyerasi bo'lib o'tdi. Filmni bir emas ikki marta ko'rdim, juda yaxshi ishlangan. Film nomi "Ilhaq" deb atalishiga sababi urushga ketgan besh o'g'il Isoqjon, Ahmadjon, Muhammadjon, Vahobjon, Yusufjon Xolmatovlarning onasi Zulfiya ayaning o'g'illarini ilhaq bo'lib kutadi. Filmda ko'proq besh o'g'ilning qahramonligidan ko'ra o'zbeklarning jasorati, matonati ko'proq ko'rsatilgan. Bunga sabab qilib filmning ekspkzitsiyasida o'sha mashhur Farg'ona kanali 45 kun ichida tugatilgan sahnani qo'yganidan bilsak bo'ladi. Yana filmning so'ngida ham qamalda qolib ketgan jangchilarga o'zbeklar tomonidan yuborilgan oziq-ovqat eshelonining eslab o'tilishi ham shuning uchun xizmat qilgan bo'lsa ajab emas. To'g'ri-da, o'zining yeyishiga oziq-ovqati yetmay turgan bir paytda qaysi millat o'zbeklarday bo'lib o'zining oziq-ovqatini yubordi, bu jasorat emasmi? Filmda yana O'zbek ayolining matonati, yoriga sadoqati, o'zbek o'g'lonlarining vatanga sadoqati, mardligini Xolmatovlar oilasi timsolida ko'rishimiz mumkin. Men esa filmda o'z o'rnida ishlatilgan detallar haqida gapirmoqchiman. Demak, boshladik.

Film avvalida ko'rsatilgan harbiy qo‘mita vakili kelishida, bolalar qurgan uychani buzib ketishida urush boshlanganini tushundim, sabab urush bu vayrongarchilikdan darakdir.

Zulayhoning onasi bilan rais o'rtasidagi ishqiy munosabatni bilib qolib uni onasiga aytganida, onasi oynaga qarab u o'zi aksini ko'rganida Zulayho o'sha oynadagi aksni otasining boltasi bilan sindirib tashlaydi bunda shuni tushundimki, otasi bu ishi uchun uni o'ldirishini, umuman kechirmasligini.

Yusufjonning urushga ketayotganida yaxshi ko'rgan qizi Zulayhoni unga atab kulcha yopib, uni tishlab berishini aytadi, bundan ko'rinib turibdiki, Zulayho undan o'zgaga tegmasligi uni oxirigacha kutishini bildirsa ajab emas (kulchani tishlashi qulog'ini tishlash o'rnida kelgan bo'lishi ham mumkin).

Isoqjon bilan Vahobjonning o'limini ular urushga ketishidan oldin tishlab qoldirgan noni bolalari osilgan joydan olib qo'yishida ham ko'rsak bo'ladi. (Mening fikrimcha, shu kadr aka-ukalarning o'limidan oldin ko'rsatilganida tomoshabinni ozgina bo'lsa ham o'ylantirardi. Bular qo‘llagan uslub esa yaqqol mana shu, deganday bo'lib qolgan).

‘’Zulfiya aya kelinlariga tengingiz chiqsa, teginglar’’ deydi. Shunda kelinlaridan biri kelib eridan qolgan belbog'ini beliga bog'laydi, bunda shuni tushinish mumkinki, biz erlarimizga sodiq qolamiz, xuddi sizga o'xshab deganday bo'lgan.

Urushdan qochib yurgan raisning o'g'li Melisning o'limi bilan urush yakunlanadi, bu bilan esa xalq ichidagi dushman yo'q bo'lgani bilan dushman ustidan g'alaba qozonganini taqqoslagan bo'lsa ajab emas.

Filmning so'ngida suvda halok bo'lgan askarlar tishlab qoldirgan non, olmalar ko'rsatiladi, bundan bilsa bo'ladiki, suv bu poklanish, halok bo'lgan yigitlar esa poklanib mardlarcha halok bo'lganidan darak.


Filmning yaxshi chiqishiga yana sabablardan biri bu ommaviy sahnalarda odamlar yetarlicha bo'lganida deb o'ylayman (Ba'zi bir tarixiy filmlarda buni uchratish qiyin) o'sha kanal qurilishini olamizmi yo to'y sahnalari bo'lsin, odamlarning yetarlicha ekanligi o'sha muhitni tomoshabinga bera oldi deb o'ylayman. Yana shuni ta'kidlab o'tish kerakki, aktyorlar ansanbliga, ularning mahoratiga gap bo'lishi mumkin emas. Hammalari o'zlaring rollarini me'yorga yetkazib o'ynashgan, bosh qahramonlardan tashqari ikkita epizod menga juda ham yoqdi, bular raisning o'g'li qochoq Melis bo'lsa, yana biri pochtalyon kar, saqov Chori rolidagi aktyorlar xarakterlarini ochib bera olganlar. Ish bor joyda kamchilik ham bo'ladi, ushbu filmda kamchiliklar unchalik ko'p emas, misol o'rnida Zulayho obrazini yaratgan aktrisa o'rniga boshqa aktrisa o'ynaganida maqsadga muvofiq bo'lardi, nazarimda.

Sababiki Zulayho qishloqi bir qiz, qishloqda esa turmushga chiqmagan qizlarning qoshi terilmaydi, bu aktrisada esa buning aksini ko'rishimiz mumkin, yana urushga ketgan Muhammadjon jarohat olib qaytadi, nima unga gospitalda joy qolmaganmidj, uni o'sha yoqda ham davolasa bo'lardi-ku, Yigitali Mamajonov ijro etgan andijonlik yigit obrazi ham to'liq ochib berilmagan, nimaga keldi-yu nimaga ketdi - tushunish qiyin bo'lib qoldi, Yusufjonga ham ko'proq to'xtalish kerak edi nazarimda, juda ham oz ko'rindi, xarakteri to'liq ochilmay qolgan. Ushbu kamchiliklar filmning yutuqlari oldida ko'rinmay qoladi nazarimda. Film ijodkorlariga keyingi ishlarida omad tilab, shu yerda o'z nihoyasiga yetkazaman.


''Kino tahlil va tanqid'' 2-kurs talabasi

Usmonov Dilshodbek

Report Page