Ijtimoiy texnologiyalar bo'yicha seminarining press-relizi

Ijtimoiy texnologiyalar bo'yicha seminarining press-relizi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan ijtimoiy tarmoq texnologiyalari, ularning kontent-meyker va jurnalistlar faoliyatiga ta’siri, shuningdek, bunda foydalanuvchilar qamrovi va faolligiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Toshkent, 2023-yil 25-avgust. Media muhitini rivojlantirish hamda ilg‘or jahon tajribasi bilan tanishtirish maqsadida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan “Zamonaviy ijtimoiy texnologiyalar: ularning kontent-meykerlar, jurnalistlar faoliyatiga hamda foydalanuvchilar soniga ta'siri” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Tadbirda media-industriyaning turli qatlamlaridan 70 dan ortiq vakillar: media bosh muharrirlari, jurnalistlar, blogerlar va kontent-meykerlar ishtirok etdi.

Asosiy ma’ruzachi sifatida tajribali jurnalist, Facebook’ning Xitoy, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha sobiq boshqaruvchi direktori, shuningdek, Gonkong universiteti o‘qituvchisi janob Shu (Jorj) Chen ishtirok etdi.

Seminar-trening gibrid formatda o‘tkazildi va qatnashchilar jonli hamda Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etishdi.

Trening davomida janob Chen Facebook (Meta), Instagram, Twitter (X), Threads, YouTube va boshqa shu kabi ijtimoiy tarmoqlarda qo‘llaniladigan zamonaviy texnologiyalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Taqdimotda ijtimoiy tarmoqlarda sun'iy intellektning qo'llanilishi ham yoritildi. Kontent-meykerlarga o‘z auditoriyasini kengaytirish maqsadida ijtimoiy tarmoq algoritmlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi va bunda ularning ijtimoiy ta’sirini jamiyat uchun foydali maqsadlarga yo‘naltirish muhimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Savol-javob sessiyasi trening ishtirokchilariga ijtimoiy tarmoqlar faoliyatining asosiy jihatlarini ekspert bilan batafsil muhokama qilish va o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan individual ma’lumotlar olish imkonini berdi.


Ma'ruzachining taqdimotiga havola

 

Ma’lumot uchun: Shu (Jorj) Chen Vashingtonda joylashgan The Asia Group konsalting kompaniyasining boshqaruvchi direktori. U, shuningdek, Gonkong universiteti (HKU) Fuqarolik jamiyati va davlat boshqaruvi markazining katta ilmiy xodimi boʻlib, u yerda “Tech for Good Initiative” loyihasini ishga tushirish va unga rahbarlik qilishda yordam bergan. Yigirma yildan ortiq vaqt davomida Jorj ommaviy axborot vositalari, texnologiya va siyosat bo'yicha olim bo'lib kelgan. Jorj yetti yildan ortiq vaqt mobaynida Meta/Facebook’ning Xitoy, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori sifatida ishlagan.

Jorj shuningdek, “South China Morning Post”, “Reuters” va “Dow Jones” kabi yirik ommaviy axborot vositalarida turli tahririyat va boshqaruv lavozimlarida ishlagan. 2014-yilda Jorj Yel universiteti va 2015-yilda AQSh Davlat departamentining “International Visitor Leadership Program” dasturining ishtirokchisi bo‘lgan. 2022-yilda Jorj Mo‘g‘ulistonda IT-industriyasini rivojlantirishga qo‘shgan ko‘p yillik hissasi uchun Mo‘g‘uliston Prezidenti farmoni bilan xorijliklar uchun eng oliy mukofotlardan biri – “Do‘stlik medali” bilan taqdirlangan.

Jorj Xitoy, Gonkong va Tayvandagi biznes va siyosatga oid “Defending Election Integrity in Taiwan” (2020), “The Next Big Thing – How China Challenges Silicon Valley And Changes Global Landscape” (2015), “This is Hong Kong I Know” (2014), va “Foreign Banks in China” (2011) kabi kitoblar muallifi.

Fond haqida: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi 2019 yil noyabr oyida bir guruh tashabbuskor jurnalist va blogerlar tomonidan ommaviy axborot vositalari sohasini rivojlantirish, media vakillarining huquqlarini himoya qilish va ularni moddiy qo‘llash maqsadida tashkil etildi. Fondning asosiy maqsadi — media bozorida ommaviy axborot vositalari uchun teng sharoit yaratishga, ularni yanada rivojlantirishga, shuningdek, jurnalist va blogerlar huquqlarini himoya qilishga ko‘maklashishdan iborat. Fond faoliyati haqida batafsil ma’lumotni - www.massmedia.uz - rasmiy saytidan olishingiz mumkin.


Fond faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

Website | Telegram | Twitter | Facebook | Instagram

Report Page