Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitilishiga oid bildirilgan munosabatga izoh

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitilishiga oid bildirilgan munosabatga izoh


“Oʻzbek tili” xorijiy til sifatida oʻqitilishi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki Oʻzbekistonda davlat tili xorijiy til sifatida oʻqitiladi, deya tushunilib, koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Shu munosabat bilan, mazkur masalaga oydinlik kiritmoqchimiz.

Aytish joizki, bunday talqin- til oʻqitish metodikasining farqiga bormaslikni anglatadi. Ona tili- bu bolaning tili chiqqan til boʻlsa, keyin oʻzlashtirilgani ikkinchi til/chet tili sanaladi. Bu tasnifga “davlat tili” degan tushunchani kiritib boʻlmaydi. “Davlat tili” tushunchasi tilning maʼlum mamlakatdagi siyosiy maqomini belgilaydi. Insonning til oʻzlashtirishida esa ona tili, ikkinchi til/chet tili farqlanadi.

Bu oʻzgarishlarda asosiy mohiyat metodik yondashuv haqida ketmoqda. Yaʼni oʻzbek tili ona tili boʻlmagan oʻquvchiga tilni oʻrgatishda chet tilini oʻqitish metodikasi asos qilib olinadi. Bu normal, butun dunyoda qabul qilingan va oʻzini oqlagan yondashuv. Misol uchun, AQSH va Buyuk Britaniyada “ESL — English as a Second Language” dasturi bor, ingliz tili ona tili boʻlmagan oʻquvchilarga ingliz tili shu yondashuv asosida oʻqitiladi.

Tilni o‘rganishda dunyoda ikki xil yo‘ldan boriladi:

1) Ona tilini o‘qitish;

2) Chet tilini o‘qitish.

Mazkur amaliyot asosida O‘zbekistonda ham milliy til sifatida “Ona tili”, o‘zga millat vakillari uchun esa “O‘zbek tili” fanini o’qitish joriy qilingan. Bunda “Ona tili”ni o‘qitishda, asosan, grammatikaga urg‘u qaratilsa, o’zga tillilarga davlat tilini o‘qitishda “ikkinchi tilni o’qitish metodologiyasi” asos qilib olinadi. Bunda ikkinchi tilga chet tili sifatida qaraladi. Ikkinchi til (yaʼni ona tili boʻlmagan til) chet tili oʻqitish metodikasi asosida oʻqitiladi, til materiali (leksika, grammatika) bosqichma-bosqich oʻquvchi ehtiyojini hisobga olgan holda kiritiladi.Til o‘qitishning bu yondashuvida asosiy e’tibor o‘quvchining nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi. Ya’ni, bunda tilga oid chuqur nazariy bilimlar berilmaydi.  

Yillar davomida O‘zbekiston maktablarida o‘zbek va rus tillarini o‘qitishda boshqa Yevropa tillaridan farqli ravishda, ona tilini o‘qitish metodologiyasidan foydalanib kelingan. Bu esa o‘rganuvchilarda ikkinchi til ko‘nikmalarining rivojlanmasligiga sabab bo‘lgan. Xususan, o‘zbek va qardosh tilli o‘quvchilar rus tilida, rus millati vakillari esa o‘zbek tilida so‘zlasha olmasliklari fikrimizga isbot bo‘ladi.   

Yuqoridagilarni hisobga olib, ta’lim mazmunini yangilayotgan Milliy o‘quv dasturida o‘zga tilli sinflarda “O‘zbek tili”ni o‘qitishda “ikkinchi tilni o‘qitish metodologiyasi”dan foydalanildi. Ya’ni endi umumta’lim maktablarida “O‘zbek tili”ni o‘qitishda birinchi galda nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga e’tibor qaratiladi.

O‘zbek tilini o‘zga tillilarga chet tili kabi o‘qitish usuli xalqaro til bilish ko‘nikmalarini baholash tizimi (CEFR)ga asoslangan.

Ya’ni, 2021-2022 o‘quv yilidan 2-sinflarda joriy qilinayotgan dastur va uning asosida yaratilayotgan darsliklar o‘quvchilarga ikkinchi til (davlat tili)ni o‘rgatishda ularning muloqot qobiliyatini, og’zaki va yozma nutqini rivojlantirish, lug’at boyligini oshirish hamda ularni nutqiy vaziyatlarga tayyorlashga xizmat qiladi.


Quyida 2-sinflar uchun yaratilgan "O'zbek tili" darsligidan namunalar keltiramiz:










 

 Kanalga obuna bo'lish:👇👇👇

Telegram |Facebook |Instagram



Report Page