Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim elektron ommaviy axborot vositalari va virtual makon foydalanuvchilari orasida “tanishlariga oddiy diniy qoʻshiq — nashida tarqatgan talaba qamaldi” mazmunidagi noxolis maʼlumotlar tarqalayotgani yuzasidan
Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz. 2022-yilning oktyabr oyida Toshkent viloyati IIBB tomonidan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan tadbirlar davomida 2002-yilda tugʻilgan, Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida yashovchi fuqaro “U.J.” ijtimoiy tarmoqlar orqali taqiqlangan diniy materiallarni tarqatib kelish bilan shugʻullanayotganligi xususida maʼlumotlar olingan. Tezkor-qidiruv tadbirlar davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan maʼruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning gʻoyaviy taʼsiriga tushgan va ushbu harakatlarni qoʻllab-quvvatlashni boshlagan. U, xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida Internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov” maʼruzalarini oʻziga tanish boʻlgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shugʻullangan. Xususan, “U.J.” tomonidan tarqatilgan materiallar orasida “Shaxid boʻlib ketsak rozi boʻlingiz” nomli nashida ham boʻlib, unda oʻzbek tilida “mujohid boʻlish nasib qilgani, karvondan qolmasdan ularga ergashish kerakligi, shahid boʻlib ketish orzulari ekani, Alloh bergan jonni Allohga sotishlari, Alloh yoʻlida qurbonlik qilishlari, togʻutlarga qarshi kurashish va mujohid boʻlib ularga ergashish kerak ekani” mazmunidagi chorlov soʻzlari keltirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasining ekspertlik xulosasiga koʻra, ushbu maʼlumotlar diniy aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan boʻlib, ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
Ushbu holat yuzasidan joriy yilning 20-fevral kuni fuqaro “U.J.” ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 (1)-moddasi uchinchi qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Ushbu jinoyat uchun qonunchilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan boʻlsada, joriy yilning 8-may kuni Toshkent viloyati Oqqurgʻon tuman sudi tomonidan “U.J.”ning shaxsi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, uning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda, JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qoʻllagan holda, belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq boʻlgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunining 5-moddasiga koʻra, mamlakatda vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklaridan biri sifatida jamoat tartibiga, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining sogʻligʻi va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy gʻoyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qoʻyilgan.
Bugungi kunda koʻplab yoshlarning muqaddas islom dini niqobi ostida faoliyat yuritayotgan turli taqiqlangan tashkilotlar taʼsirida soxta “jihod”, “hijrat” va “shahidlik” gʻoyalari bilan, Suriya, Iroq va boshqa, jangovor harakatlar davom etayotgan mamlakatlar hududiga chiqib ketish holatlari davom etmoqda.
Ohirgi yillarda “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari doirasida yuzlab Oʻzbekiston fuqarolarini, asosan ayol va bolalarning, ushbu urush uchoqlaridan Vatanga qaytarilgani, olib kelingan aksariyat ayollarning turmush oʻrtoqlari Suriyada jangovor harakatlar davomida yoʻq qilinganligi buning yaqqol misolidir.
Hozirda ayrim OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan “U.J.” telegram-guruhiga goʻyoki “YouTube” platformasidagi oddiy diniy qoʻshiq havolasini tarqatganligi uchun yoki diniy nashida eshitganligi uchun javobgarlikka tortilgani haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, “U.J.” shahid boʻlishga (jang maydonlarida xudkushlik sodir qilish, oʻzini oʻzi oʻldirish) daʼvat etuvchi oʻzbek tilidagi “Shaxid boʻlib ketsak rozi boʻlingiz” nomli diniy qoʻshiq va boshqa bir qator diniy materiallar mazmunini toʻliq anglagan holda ushbu gʻoyalarni tanishlariga ham yetkazish maqsadida Telegramʼ ijtimoiy tarmogʻi orqali tarqatgan.
Bunday haraqat Oʻzbekiston hududida jamoat xavfsizligiga tahdid tugʻdiruvchi ijtimoiy xavfli qilmish sifatida baholanib, tergov idoralari tomonidan “U.J.”ning harakatlari toʻgʻri malakalangan.
Shu bilan birga, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunining 121-moddasiga binoan, Internet tarmogʻidan jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborot tarqatish yoki qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan oʻzga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
“Jurnalistik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasida esa jurnalistning majburiyatlari qatorida oʻzi tayyorlayotgan materiallarning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini tekshirish va xolis axborot taqdim etishi shartligi koʻrsatilgan.
Xulosa oʻrnida, mamlakatda qonun ustuvorligi tamoyiliga qatʼiy rioya qilgan holda, diniy radikalizm va ekstremizmning har qanday shakliga qarshi murosasiz kurash olib borilishi har tomonlama taʼminlanishini eslatib oʻtamiz!
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati