ISTIG‘FOR – QALB JILOSI

ISTIG‘FOR – QALB JILOSI

https://t.me/kukaldoshuz

Gunoh-ma’siyat ko‘ngil oynasini qoraytiradi. Xatolar yig‘ilib-yig‘ilib, qalbni butunlay egallab oladi. Qur’oni karimda bu haqida shunday deyilgan: “Yo‘q, (unday emas)! Balki ularning qalblarini o‘zlari qilgan gunohlari qoplab olgan!” (Mutaffifin surasi, 14-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarni ogohlantirib shunday deganlar: “Agar banda gunohga qo‘l ursa, qalbiga bitta qora dog‘ tushadi. Bordi-yu, (o‘sha ishni) tashlasa, istig‘for aytsa, tavba qilsa, qalbi sayqallanadi. Agar yana (gunoh) qilsa, (qora dog‘) battar ko‘payadi. Borib-borib qalbini butunlay chirmab oladi. Bu – Alloh Qur’onda zikr qilgan – (qalbning) egallab olinishidir186”.

Hasan roziyallohu anhu: “Gunoh ustiga gunoh qilish bilan qalb qorayadi. (Shu taxlit davom etaversa, oxiri) o‘ladi”, degan187.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qalb ham mis kabi zanglaydi. Uning jilosi istig‘fordir”, deganlar188.

Gunohlar asorati qalbni zanglatadi. Agar dil zanglasa, inson shuuri o‘tmaslashadi, his etish qobiliyati zaiflashadi. Agar ko‘p istig‘for aytilsa, qalb sekin-asta poklanadi.

Payg‘ambar alayhissalom: “Men sizlarga kasalligingiz sababini, uning davosi nimadaligini aytaymi? Ogoh bo‘linglar, gunohlar – sizlarning kasalligingiz. Uning davosi istig‘fordir”, deganlar189.

Odamning yuragi birdan sanchib qolganda dori ichsa, og‘riq to‘xtaydi. Lekin qalbimiz og‘risa-chi? Bunga qanday chora ko‘ramiz?

Gunoh-ma’siyat qalbni jarohatlaydi. Lat yegan qalbga ko‘rsatiladigan birinchi yordam istig‘fordir. “Astag‘firulloh, astag‘firulloh”, deb ixlos bilan Allohga iltijo qilinsa, qalb yarasi asta-sekin tuzaladi.

Rivoyat qilinishicha, Rabiy’ ibn Xaysam shogirdlariga: “Kasallik nima? Uning davosi-chi? Shifo nimadaligini bilasizlarmi?” deb savol berib, keyin: “Kasallik – gunohlar. Uning davosi – istig‘for. Shifo esa gunohdan tavba qilib, boshqa takrorlamaslikdir”, deb aytgan190.

O‘tkinchi dunyo matohlariga hirs qo‘yish, mol-dunyoga o‘chlik, shuhratparastlik dilni zanglatadi. Bular yig‘ilib-yig‘ilib, qalbni pechakday chirmab oladi. Aynan mana shu illat insonni ixlosdan to‘sadi. Shuning uchun ibodatdan oldin istig‘for aytish tavsiya etiladi. Ulamolardan biriga: “Tasbeh afzalmi yoki istig‘for?” deb savol berishibdi. Shunda olim: “Agar libos top-toza bo‘lsa, unga atir sepib xushbo‘y qilinadi. Bordi-yu kir bo‘lsa, avval kiyimni sovun bilan issiq suvda yaxshilab yuvish kerak”, deb javob bergan ekan191.


| "Qur`on - qalblar shifosi" kitobidan



Report Page