ISTE'MOLCHILARGA YARATILGAN QULAYLIKLAR DAVOMIYLIGI TA'MINLANMOQDA

ISTE'MOLCHILARGA YARATILGAN QULAYLIKLAR DAVOMIYLIGI TA'MINLANMOQDA


“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filialida “Tabiiy gaz nazorati va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi”ni joriy etish loyihasi doirasida seminar o‘quv-treningi tashkil etildi. Unda “Hududgazta'minot” AJning GNHAT/ASKUG direksiyasi vakillari, “Texnopark” MChJ xodimlari hamda Filialning GNHAT/ASKUGni viloyat bo‘yicha joriy etish xizmati mutaxassislari ishtirok etdilar. 

Seminar ishida aholi xonadonlariga o‘rnatilgan zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunalarining ishlashi, aloqa sifati, “TAMM Mobile” dasturiy ta'minoti yordamida amaliyotlarni bajarish, hisoblagichlar va ularni boshqaruv dasturida yuzaga kelayotgan muammolar haqida fikr-mulohazalar almashildi. 

“Andijon viloyatida “aqlli” gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari o‘tgan yilning may oyidan boshlangan edi,- deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Sarvarbek Rahimov. - Ayni paytgacha o‘rnatilgan hisobdonlarning ba'zilarida 30 kundan ortiq vaqt mobaynida ma'lumot uzatmaslik holatlari ham uchrab turibdi. Maqsadimiz, yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va shu orqali iste'molchilarga yaratilgan qulayliklar davomiyligini ta'minlashdir”. 

Shu kunga qadar viloyat bo‘yicha 160 mingdan ziyod aholi xonadonlariga “aqlli” gaz hisoblagichlar o‘rnatildi. Bo‘ston, Ulug‘nor, Shahrixon va Izboskan tumanlarida esa hisobdonlarni o‘rnatish ishlari to‘la yakunlandi. 

“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati

Report Page