INTERVYU
Tuproq tahlilida eng muhimi: aniqlilik va yuqori sifatMalika Narqulova, “Tuproqsifattahlil”DUK laboratoriya boshlig‘i:

Yerdan foydalanuvchilar uchun tuproq unumdorligini saqlash, undan sifatli hosil olish va kelajakdagi sarmoyalarini belgilash eng muhim omil hisoblanadi. Buning uchun eng avvalo, yer unumdor va o‘zida barcha ozuqa elementlarini jamlagan bo‘lishi lozim.
O‘z navbatida, tuproqning oziqa elementlariga bo‘lgan ehtiyojini faqat tuproq tahlilidan so‘nggina baholash mumkin. Laboratoriyada o‘tkazilgan sinov natijalari tuproqlarning holati haqida ishonchli maʼlumot beradi va mutaxassislarning ekinlarga agrotexnik va meliorativ tadbirlarni, o‘g‘itlarni tabaqalashtirilgan holda belgilangan me'yor va muddatlarda qo‘llashga asos bo‘ladi.
Tajribamizdan maʼlumki, baʼzan yerdan foydalanuvchilar o‘g‘itlar bo‘yicha umumiy tavsiyalardan foydalanadilar. Natijada baʼzi o‘g‘itlar ortiqcha miqdorda, ayrim o‘g‘itlar esa kam miqdorda qo‘llaniladi. Bu hosildorlikning pasayishiga, ekin mahsulotining sifatini yomonlashishiga va samarasiz moliyaviy xarajatlarga olib keladi. Bunday xatarlarning oldini olish uchun yer egalari tuproqni doimiy sinov nazoratlaridan o‘tkazib turishlari lozim. Buning uchun O‘zbekistonda tuproq laboratoriyalar tarmog‘ini modernizatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sinov laboratoriyalarni zamonaviy jihozlar bilan jihozlash, tuproq tahlil usullarini mahalliy tuproq va iqlim sharoitiga moslashtirishga eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, “Tuproqsifattahlil” DUK sinov laboratoriyasida ham jihozlar bazasini yanada yangilash, zamonaviy tahlil jihozlaridan foydalangan holda so‘nggi ilg‘or usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda.
Tuproq sinov laboratoriyamiz — AQSh, Germaniya, Rossiya, Angliya, Hindiston, Xitoy kabi yetakchi ishlab chiqaruvchilarning yuqori texnologiyali uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, zamonaviy tahlil standartlariga to‘liq javob beradi. Barcha jihozlar yuqori sezuvchanlikka va o‘ziga xoslikka ega. Ular doimiy ravishda kalibrovka va qiyoslovdan o‘tkazib boriladi. Laboratoriyada tahlillar 20 dan ortiq zamonaviy jihozlar yordamida amalga oshiriladi. Ushbu asosiy jihozlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsam:
ICP OES SPECTRO GENESIS (Germaniya) jihozi 70 ta namunani aniqlaydi va keng tatqiqotlar spektriga ega. Bu og‘ir metal va mikroelement tahlillarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. ICP OES SPECTRO GENESIS Yevropa standartlari asosida ishlash imkonini beradi hamda tahlillar ISO xalqaro standartlar asosida amalga oshiriladi. Eʼtiborlisi, ICP OES SPECTRO GENESIS jihozi D.I.Mendeleyev davriy jadvalidagi 70 dan ortiq elementni yuqori aniqlik hamda maksimal tezlik rejimi asosida aniqlash imkoniyatiga ega.
Avtomatik analizator Enviro TOC (Germaniya). Ushbu avtomatik analizator umumiy, organik va noorganik uglerodni aniqlaydi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 60 dona tuproq va suv namunasini aniqlash imkonini beradi.
Agilent Cary 60 UV-Vis (Amerika) jihozi namunadagi fosfor, sulfat, gumusni aniqlash uchun mo‘ljallangan.
KFK-3 “ZOMZ”( Rossiya) jihozi ham namunadagi fosfor, sulfat, gumusni aniqlashga xizmat qiladi.
PNT 3000 (Germaniya) elektrokonduktometr jihozidan suvda eruvchan tuzlarning elektr o‘tkazuvchanligini (EC) aniqlash uchun foydalaniladi.
PNT 3000 pH metr(Germaniya) pH ni aniqlash uchun mo‘ljallangan.
LASA AGRO (Germaniya) test kyuvetalar yordamida namunadagi mikroelementlarni ekspress-aniqlash mumkin.
JENWAY PFP-7 Flame (Angliya) jihozi yordamida namunadagi kaliy, natriyni aniqlashda foydalaniladi.
VISIBLE SPECTROPHOTOMETER (Xitoy) jihozi namunadagi fosforni aniqlashda qo‘llaniladi.
I-160 MI ionomer—Rossiya. Ushbu jihoz N-NO3 ni aniqlash uchun mo‘ljallangan.
Laboratoriyada qatʼiy 17034 standarti talabi asosida ishlab chiqilgan standart namunalaridan foydalaniladi.
Sinov laboratoriyada tahlilning har bir bosqichi uchun qatʼiy nazorat nazarda tutilgan. Laboratoriyada doimiy laboratoriyalararo solishtiruv o‘kaziladi. Bu esa tahlillar yuqori aniqliligini kafolatlash uchun asos bo‘ladi. Sifat nazorati tahlilning butun bosqichiga tegishli bo‘ladi, namunani olishdan toki uni transportlash, saqlash, reagentlarning yaroqlilik muddati va hatto tayyor natijalarni yerdan foydalanuvchilarga yetkazishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Hozirgi kunda sinov laboratoriyamizda 17025 Sinov va kalibrlash laboratoriyalari kompetentligiga umumiy talablar standarti bo‘yicha akkreditatsiya sohasini kengaytirish va 3410 sinov laboratoriyalarning texnik jihatdan malakaliligiga qo‘yiladigan umumiy talablar standarti asosida maʼqullash sertifikatini olish ishlarini olib borilmoqda.
Biz izlanish, rivojlanishda davom etamiz. Yaqin kelajakda tuproq namunalarini ro‘yxatga olish vaqtida unga Shtrix-kod qo‘yish hamda aniqlangan tahlil natijalarini uning olingan joyiga elektron tarzda jo‘natishni taʼminlaydigan Axborot tizimi orqali xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu dasturning asosiy maqsadi inson omillari bilan bog‘liq bo‘lgan xatoliklarning oldini olish uchun mo‘ljallangan.