INSON AZIZ, XOTIRASI MUQADDAS (Zulfiya Isroilova 1915-1996yy)

INSON AZIZ, XOTIRASI MUQADDAS (Zulfiya Isroilova 1915-1996yy)


  Oʻzbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi, Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova 1915- yil 1- martda Toshkentning Oʻqchi mahallasida degrez oilasida dunyoga kelgan. Bo‘lajak shoira xotin-qizlar bilim yurtida oʻqib yurgan vaqtlaridayoq (1931–1934y) undagi qobiliyat, Alloh ato etgan chinakam iste’dod sezila boshlagan. Zulfiyaning “Men ish qizi” nomli birinchi sheʼri 1931- yil 17- iyulda “Ishchi” gazetasida bosilib chiqgan. “Hayot varaqlari” nomli ilk toʻplami oʻn yetti yoshida nashr etilgan edi (1932-y). Shoira 1935–1938 yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil olgan. 1938-1948 yillarda nashriyotlarda muharrir, boʻlim boshligʻi, 1950-1953 yillarda esa “Oʻzbekiston xotin-qizlari” (hozirgi “Saodat”) jurnalida boʻlim boshligʻi, 1953-1985 yillarda esa bosh muharrir boʻlib faoliyat yuritgan. Zulfiya badiiy-estetik va mazmunat boy sheʼr - dostonlari bilan Oydin, Muzayyana Alaviya, Xosiyat Tillaxonovalar kabi yetuk ziyoli ayollar safidan o‘rin olgan. Zulfiyaning ijodiy kamolotida oʻzbek va rus klassiklari, xalq ogʻzaki ijodiyoti va jahon adabiyoti anʼanalarining roli beqiyos boʻlgan. Shoira “Temiroy” (1934-y), “Sheʼrlar” (1939-y), “Qizlar qoʻshigʻi” (1939-y),  “Uni Farhod derdilar” (1943-y), “Hijron kunlarida” (1944-y)  “Mening Vatanim”, “Qoʻlimda qurolu ustimda shinel”, “Bizni kut” (1941-1945-y), “Dalada bir kun” (1948-y), “Tong qoʻshigʻi” (1953-y) “Hulkar” (1947-y), “Men tongni kuylayman” (1950-y), “Dugonalar bilan suhbat” (1953-y), “Yuragimga yaqin kishilar” (1958-y), “Mushoira” (1958-y), “Gullarim” (1959-y), “Tanlangan asarlar” (1959-y), “Hayot jilosi” (1961-y), “Kuylarim sizga” (1963-y), “Sheʼrlar” (1963-y), “Kuylarim sizga” (toʻldirilgan 2-nashri, 1965-y), “Oʻylar” (lirika, 2-nashri, 1969-y), “Lolaqizgʻaldoq” (1970-y), “Quyoshli qalam” (1971-y), “Visol” (1972-y), “Asarlar” (2 tomlik, 1-jild, 1974,2-jild, 1975-y), “Yillar, yoʻllar…” (1975-y), “Soʻroqlaydi shoirni sheʼrim” (1960-y), “Oydin” (1953-y), “Quyoshli qalam” (1967-y) kabi ma’naviy yetuk asarlar muallifidir. Shuningdek, Zulfiya Hamid Olimjonning “Semurgʻ”, “Zaynab va Omon” dostonlari asosida pyesa va opera liberettosini ham yaratgan, hamda “Oʻylar”, “Shalola” kabi sheʼriy toʻplamlari uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan (1970-y). U oʻttizdan ziyod sheʼriy va nasriy kitoblar muallifi. Badiiy ijod sohasidagi xizmatlari uchun Davlat mukofoti, 1968 -yil Javoharlaʼl Neru nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi. Tinchlik va doʻstlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun esa xalqaro “Nilufar” mukofotiga sazovor boʻldi (1970-y). Mustaqillik yillarida ibratli hayot kechirgan, keng ijtimoiy faoliyat olib borgan shoira Zulfiya betakror isteʼdodi, Vatanga muhabbati, olijanob insoniy fazilatlari, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishdagi xizmatlari uchun yuksak hurmat va eʼzozga sazovor boʻldi. Oʻzbekiston hukumati atoqli shoiraning madaniyatimiz taraqqiyotidagi katta xizmatlarini eʼtiborga olib 1999-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini taʼsis etdi. Ardoqli shoira tavalludining “100 yilligi” esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 31 oktyabrdagi qarori bilan (2015-y) keng koʻlamda nishonlandi, chinakam adabiyot bayramiga aylanib ketdi. 


   Buxoro vilayat davlat arxivi saqlovxonasida saqlanayotgan fond-1459, ro‘yxat-1, 1289-raqamli yig‘majildda Buxoro viloyati Buxoro shahar hokimining “Viloyat hokimining 2011-yil 5-martdagi 113-sonli “Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash haqidagi qarori ijrosini ta’minlash masalasiga oid 2011-yil 5-mart sanasida qabul qilingan 348-sonli qarori saqlanmoqda. Ayni vaqtda ham Oʻzbekiston farzandi, yetuk shoira, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilovaning asarlarini oʻrganish va ijodkor nomini abadiylashtirish bilan bogʻliq ko‘plab natijaviy tadbirlar olib borilmoqda. Uchbu hujjat Buxoro viloyat davlat arxivida saqlanmoqda.

 

“O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati 

https://t.me/uzarxivs, https://t.me/BuxoroAIHB


Report Page