“INNOVATSIYALAR MAMLAKAT TARAQQIYOTIGA XIZMAT QILADI” SamVMIda xalqaro ilmiy – amaliy konferensiyada shu haqida aytildi

“INNOVATSIYALAR MAMLAKAT TARAQQIYOTIGA XIZMAT QILADI” SamVMIda xalqaro ilmiy – amaliy konferensiyada shu haqida aytildi


Samarqand Veterinariya meditsinasi institutida “XXI asr boshlarida  Veterinariya parazitologiyasining MDH va boshqa davlatlardagi rivojlanish bosqichlari” mavzusida halqaro ilmiy –amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Belorus Respublikasi oziq – ovqat va qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda “Hurmat belgisi” ordenli Vitebsk davlat Veterinariya meditsinasi Akademiyasi hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, Biologiya fanlari doktori, professor J.A.Azimov hamda Rossiya Federatsiyasi Fanlar Akademiyasi akademigi, veterinariya fanlari doktori, professor, Belorus Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi A.I Yatusevichlarning ilmiy-pedagogik faoliyatiga bagʻishlangan.

“Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar davlat va boshqaruv tuzilmalarini shakllantirish va qayta yoʻlga qoʻyishda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida iqtisodiy tarmoqlarni va hududlarda ilm-fan yutuqlari hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish lozimligini koʻrsatmoqda. Innovatsiyalar sohasidagi global reytingdan joy olgan 50 ta mamlakat roʻyxatiga Oʻzbekistonni ham kiritishga qaratilgan strategik dastur tasdiqlandi, ilmiy loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda, ilm-fan sohasida yuqori malakali kadrlarni moliyaviy ragʻbatlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratildi. Mazkur ilmiy amaliy anjumanda Ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, Chorvachilik sohasida genetika usullarini qoʻllash orqali chorva zotlarining genafondini boyitish va goʻsht mahsuldorligini oshirish, yem - ozuqa bazasini kengaytirish, qolaversa, qishloq xoʻjaligi sohasida qayta ishlash samaradorligini oshirish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishning yangi texnologiyalarini yaratish borasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari muhokama etiladi”, - deydi konferensiya tashkiliy qoʻmitasi raisi biologiya fanlari doktori, professor Xudaynazar Yunusov.

Anjuman ishtirokchilarini Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Shuhrat Jabborov qutladi va  konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi. 

“Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Belorus Respublikasining Vitebsk davlat Veterinariya meditsinasi Akademiyasi hamda Grondo davlat agrar universiteti bilan 2018 yildan buyon yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Oʻtgan davr mobaynida Grondo davlat agrar universiteti bilan Zooinjeneriya yoʻnalishida, Vitebsk Akademiyasi bilan veterinariya profilaktikasi va veterinariya farmatsiyasi yoʻnalishida 2+2 dasturi boʻyicha hamda magistrlar bilan bir yillik dastur asosida kadrlar tayyorlanmoqda. Qisqa vaqt ichida Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi Akademiyasi bilan hamkorlikda 5 ta xalqaro konferensiya, 10 ga yaqin oʻquv qoʻllanma va monografiyalar, 50 dan ortiq hammualliflikda ilmiy maqolalar chop etildi. Hozirgi kunda 5 nafar tadqiqotchilarimiz ikki tomonlama ilmiy rahbarlik boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda, - deydi anjuman moderatori va tashkiliy qoʻmita aʼzosi professor, SamVMI prorektori Asadulla Daminov - Dunyoga tanilgan mashhur parazitolog akademiklar J.A.Azimov, A.I.Yatusevichlar faoliyatiga bagʻishlangan konferensiyada dunyoning 20 dan ortiq mamlakat soha mutaxassislari bugungi kunning dolzarb mavzusiga qaratilgan maʼruzalari bilan onlayn va oflayn tarzda qatnashmoqdalar.” 

 Ayni kunda mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish boʻyicha aniq strategiyalar ishlab chiqilgan. Unga koʻra, ilm fan va ilmiy faoliyatni birgalikda olib borish iqtisodiyot va ijtimoiy sohani bosqichma bosqich, yaʼni tizimli rivojlantirishni taqozo etadi. Bu borada dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribalaridan foydalanish va uning oʻzimizga mos keladigan jihatlarini oʻrganish, tatbiq etish, qolaversa uni oʻz ilmiy tadqiqotlarimiz bilan boyitish foydadan holi boʻlmaydi. 

Onlayn shaklda tashkil etilgan mazkur xalqaro anjuman 3 kun davom etadi. Unda Belorus, Latviya va Oʻzbekistonning parazitologiya sohasidagi yetakchi olim va mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilari ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Konferensiyaning ikkinchi kuni seksiyalarga boʻlingan holda, alohida mutaxassisliklar boʻyicha tashkil etiladi.

Taqdimot qilingan ilmiy ishlar kitob holida chop etiladi.

SamVMI Axborot xizmati   




Report Page