ILMLI QIZ _AZIZA SOBIROVA

ILMLI QIZ _AZIZA SOBIROVA

TToshDavTU matbuot xizmati

Bir qarashda tibbiyot, adabiyot va teatr bir-biridan uzoqdek tuyuladi. Ammo bu uch olamni o‘zining intilishlari bilan birlashtira olgan yoshlar bor. Toshkent davlat tibbiyot universitetining 4-bosqich talabasi Aziza Sobirova ana shunday izlanuvchan qizlardan.

Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida voyaga yetgan Aziza Jaloliddin qizi Sobirova uchun talabalik faqat ma’ruzalar tinglash, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tish emas. U oliygohga qadam qo‘ygan ilk yillaridanoq ilmiy izlanishlarda o‘zini sinab ko‘rishga intildi.

Bugun uning ilmiy maqola va tezislari soni 20 dan oshgan. Eng qizig‘i, bu izlanishlar faqat bitta yo‘nalish bilan cheklanmaydi. Bolalar tibbiyotidagi islohotlar, klinik atamalar, inson xotirasining fiziologik mexanizmlari, bolalarda tug‘ma nuqsonlar, refleks faoliyatining rivojlanishi, talabalarning ruhiy salomatligi va stressga bardoshliligi — bular yosh tadqiqotchining ilmga naqadar keng nigoh bilan qarayotganini ko‘rsatadi.

Azizaning ingliz tilida yozilgan “The Physiological Mechanisms of Memory and Age-Related Changes” nomli maqolasi xalqaro ilmiy jurnalda chop etilgan.

Ammo uning qiziqishlari tibbiyot bilan cheklanmaydi.

Aziza Berdaq ijodini o‘rganadi, Zulfiya she’riyatidagi Vatanga muhabbat va sadoqat g‘oyalarini tadqiq etadi. Uning ushbu mavzudagi maqolasi xalqaro turk antologiyasidan joy olib, e’tirofga sazovor bo‘lgan.

U sahnada ham faol. Universitetdagi “Qadam” teatr jamoasi sardori sifatida tengdoshlari bilan ijodiy loyihalarda qatnashadi. Jamoasi talabalar teatr studiyalari festivalida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Yana bir e’tiborli jihat: Aziza 11-sonli talabalar turar joyida o‘tkazilgan saylovda 135 nafar talabaning ovozini olib, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul talaba etib saylangan.

Bu raqam ortida diplom yoki sertifikat emas, tengdoshlarining unga bildirgan ishonchi turibdi.

“Berdaq” nomidagi ko‘krak nishoni va maxsus stipendiya, “Ilhom” mukofotidagi birinchi o‘rin, “Millat umidi” e’tiroflari uning izlanishlari besamar ketmayotganidan dalolat.

Bugun Aziza hali shifokorlik sari yo‘lning boshida. Oldinda klinik amaliyot, yangi bilimlar, murakkab sinovlar turibdi. Ammo uning talabalar safidayoq ilmga, adabiyotga va jamoatchilik ishlariga birdek mas’uliyat bilan yondashayotgani quvonarli.

Chunki ertangi tibbiyotga faqat bilimli mutaxassislar emas, inson qalbini anglaydigan, fikrlaydigan, izlanadigan va tashabbus ko‘rsatadigan shifokorlar ham kerak.

Ilmli qizning eng katta yutug‘i — qo‘lga kiritgan mukofotlarigina emas, balki o‘z imkoniyatlari chegarasini kengaytirishga bo‘lgan intilishidir.

@Gulchehra_Mirzayeva

ToshDavTU matbuot xizmati



Report Page