III Respublika "Kitobxonlik haftaligi" ga start berildi
https://t.me/natlibuz2023-yil 10-aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitobsevar millat” shiori ostida III Respublika "Kitobxonlik haftaligi"ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Noshirlar va kitob savdosi tashkilotlari Milliy assosiasiyasi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Haftalikning ochilish marosimi avvalida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litsey orkestri chiqishini tingladilar hamda milliy qahramonlarimiz Nasriddin Afandi, Jaloliddin Manguberdi, To‘maris, Abdulla Avloniylar siymosida “Har bir kitob siz haqingizda, har bir kitob siz uchun, uni his qila biling” shiori ostidagi adabiy kompozisiyadan bahramand bo‘ldilar.
Onlayn va oflayn tarzda tashkil etilgan Haftalikning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori A.Xodjaev, O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis senati senatori, Toshkent viloyati Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Mahmud Toir, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarkand viloyat bo‘limi rahbari Toshpulat Tugalov onlayn tarzda, "Saodat" jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonova, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi direktori Ahror Ahmedov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayevalar so‘zga chiqib, kitobning inson tarbiyasida, hususan o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama yetuk, milliy qadriyatlarni qadrlovchi, buyuk allomalarimizga munosib etib tarbiyalashda tutgan o‘rni va ahamiyati haqida fikr bildirdilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori A.Xodjaev Haftalikni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad respublikamizda axborot-kutubxona sohasini yanada rivojlantirish, aholiga, xususan yoshlarga axborot olishning manbai, shakl va usullarini yetkazish orqali kitobxonlik va kitob mutolaasini targ‘ib qilish, yoshlarni intellektual bilimi va saviyasini oshirishga qaratilgan tadbirlar orqali ularni kutubxonalarga qiziqishini oshirishdan iborat ekanligini ta'kidladi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayeva so‘nggi yillarda mamlakatimizda nashriyotlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan kitob maxsulotolari, noshirlik faoliyatini oshirishga qaratilgan mazkur haftalikning mohiyatini alohida ta'kidlar ekan, yoshlar o‘rtisida kitobxonlikni targ‘ib etishda kutubxonalar o‘rnini ham e'tirof etdi. “3-bor tashkil etilayotgan Haftalik doirasida respublikamizning barcha kutubxonalarida tashkil etilayotgan jami mingga yaqin tadbirlar kitobxonlikni targ‘ib etish, kutubxonalarimizni tez suratda kitoblar bilan boyitib borayotgan noshirlarimiz faoliyatini tanitishga qaratilgan”.
Mazkur haftalik doirasidagi tadbirlar nafaqat Toshkent shahrida, balki respublikamizning barcha axborot-kutubxona markazlarida, hattoki eng chekka tumandagi axborot-kutubxona markazlarida ham onlayn va oflayn tarzida o‘tkazilyapti.