IDEOMA VA IBORALAR
Ismoil G'aniyevUshbu maqola @Diamond_ZK tomonidan tayyorlandi. InshaAlloh manfaatli bo'lsin.
1. Minglab lemminglar adashmaydilar.
Ushbu istehzoli jumla odatda biror maxsulot ommalashib ketganida qo'llanadi va ko'pchilikning fikri har doim ham to'g'ri bo'lmasligi mumkinligiga ishora qilish uchun ishlatiladi. Sababi, ko'pchilik tomonidan bir maxsulotning sotib olinishi uning qanchalik sifatli ekanini ifodalamaydi.
2. Pushti filni (fillarni) ko'rish — spirtli gallyutsinoz tufayli yuzaga keladigan gallyutsinatsiyani ifodalash uchun qo'llaniladigan evfemizm.
3. Har bir mashxur filmda yodda qoladigan iboralar mavjud bo'ladi. Ayrim iboralar esa brend darajasiga ham yetib kelgan.
Lekin shunday ibora borki, u kino tarixida eng ko'p ishlatilgan, eng mashxur iboradir.
Bu "Terminator" filmidagi "I will be back" iborasi. O'zbek tiliga bu "Men qaytaman" deb tarjima qilinadi.
4. "Si vis pacem, para bellum" (lotincha – "Tinchlik istasang – urushga tayyor tur") — mashhur lotin iboralaridan biri. Ilk bor rim tarixchisi va yozuvchisi Flaviy Vegetsiy tomonidan ishlatilgan deyilsada, ibora eramizdan oldingi IV asrda yashagan fivalik sarkarda Epaminondning "Tinchlikka urush orqali erishiladi" fikriga juda yaqin.
5. Aslida bu ibora antik faylasuflarning hech biri tomonidan aytilmagan bo'lsa-da, uning muallifi sifatida Sokrat yoki Aristotel tilga olinadi.
Sokratning shogirdi Platon ustozi haqida shunday degan: "Sokrat menga do'st, biroq, eng yaqin do'st haqiqatdir."
Platonning shogirdi Aristotel ushbu iborani biroz o'zgartirib, "Platon va haqiqat men uchun aziz bo'lsa-da, lekin muqaddas burch haqiqatni afzal ko'rishni buyuradi" tarzida bayon qilgan.
6. Axilles tovoni.
Yunon jangchisi Axillesning taqdiriga uzoq va zerikarli hayot kechirishi yoki Troya devorlari orasida qahramonlarcha halok bo'lishi bitilgan edi. Uning onasi Fetida o'g'lining erta vafot etishini xohlamaydi va o'glining tanasiga qurol bilan shikast yetkaza olmasliklari uchun Axillni tovonidan ushlab, yer osti daryosi — Stiksga botirib oladi. Suv tegmay qolgani uchun aynan tovoni Axillning zaif nuqtasi bo'lib qoladi.
7. When pigs fly. (Cho'chqa uchganda)
Ushbu ingliz idiomasi hech qachon sodir bo'lmaydigan voqeani ifodalash uchun ishlatiladi.
Cho'chqalarning uchishi haqidagi hazil ibora ingliz tilida keng qo'llaniladi. Masalan, o'ta muvaffaqiyatsizligi bilan nom qozongan odam qandaydir muvaffaqiyatga erishsa, unga biror tanishi "Qara, cho'chqa uchyapti" deb aytadi. Yoki kimdir aqlbovar qilmas narsa haqida gapirsa, nutq oxirida kimdir "Va cho'chqalar uchadi" deb qo'shib qo'yishi mumkin.
8. Molon Labe.
Ushbu ibora ilk bor miloddan avvalgi 480-479-yillarda, grek-fors urushi davridagi Fermopil jangi vaqtida qo'llangan.
Zamonaviy tarixchilar o'sha vaqtdagi fors qo'shinida 200-250 ming askar bo'lganini taxmin qilishadi. Ushbu yirik armiya 5200-7700 kishilik greklarga qarshi urushgan.
Afsonalarda Fermopil darasi qirol Leonid boshchiligidagi 300 spartalik tomonidan himoyalangani aytiladi. Qo'shin yo'lga chiqishidan oldin Sparta oqsoqollari Leonidga hech bo'lmaganda mingta askar olib ketishni taklif qilishadi. Leonid ularga javoban shunday deydi: "G'alaba uchun — ming kishi kam, o'lish uchun esa — uch yuz kishi yetadi".
Fors hukmdori Kserks Fermopil darasiga yetib kelgach Leonidning oldiga ikki so'zdan iborat xabar yuboradi: "Qurollaringizni topshiring". Leonid unga shunday javob qaytaradi: "Molon labe" ("Kel va ol").
9. "Neapolni ko'rmoq va o'lmoq" (italyancha "Vedi Napoli e poi muori")
Ushbu ibora inson hayoti davomida Neapolning go'zalligi va ulug'vorligini hech bo'lmasa bir marta ko'rishi kerakligini ifodalaydi. Iboraning italyanchadan to'g'ridan-to'g'ri tarjimasi uning ta'sirchanligini yanada kuchaytiradi — "Neapolni ko'r, keyin o'laver".
10. Bo'lib tashla va hukmronlik qil.
Davlat boshqaruvining o'ziga xos ushbu printsipiga odatda aholisi tarkibi birmillatli bo'lmagan davlatlar murojaat qiladi. Ular turli millatlar o'rtasida dushmanlik kayfiyati uyg'otib, o'z hokimiyatlarini mustahkamlaydi.
11. O'rdak testi (inglizcha - "duck-test") - sodir bo'layotgan hodisaning qanchalik aniq-ravshan ekanligi haqidagi test. U hodisa mohiyatini tipik tashqi belgilar yordamida aniqlash mumkinligini anglatadi.
Testning mohiyati quyidagicha ifodalanadi: "Agar nimadir o'rdakka o'xshasa, o'rdakdek suzsa va o'rdak kabi ovoz chiqarsa, demak u — o'rdak".
12. Biz hammamiz Gogolning Shinelidan chiqqanmiz.
Har bir odamda qandaydir orzu bo'ladi. Ammo ba'zi orzular aslida hech narsaga arzimaydi.
"Shinel" hikoyasi qahramoni kichik amaldor Bashmachkin yangi shinel sotib olish uchun o'z harajatlarini maksimal darajada kamaytiradi. Yangi shinelda ishga borganda hamma unga havas qilib, tabriklaydi. Lekin kechqurun uyga qaytayotganda ko'cha bezorilari shinelni tortib oladi. Natijada Bashmachkin yana eski shinel bilan qoladi. Ayozli kechalarning birida uyga kelgan qahramon kasal bo'lib qoladi. Keyinroq ahvoli og'irlashib, vafot etadi.
13. 6 fut pastga...
Ingliz tilidan "6 fut pastga" deb tarjima qilinadigan bir ibora mavjud. U aytilishi bilan odamlar o'lim yoki dafn qilishni tushunadi. Ammo nima uchun vafot etganlar 6 fut (1,82 metr) chuqurlikda ko'milganligini hamma ham bilmasdi.
Ushbu an'ana 1655-yilda, butun Angliya vabo tarqagan vaqtda paydo bo'lgan. Mazkur dahshatli yillarda odamlar infeksiyaning tarqalishidan qo'rqishgan va bunga qarshi chora izlashgan.
Infeksiya tarqalishining oldini olish uchun o'lganlar jasadini ko'mish bo'yicha maxsus farmon chiqarilgan. Unda qabrlar 6 fut chuqurlikda qazilishi kerakligi belgilab qo'yilgan.
14. Ok
Versiyalardan biriga ko'ra ushbu iborani kelib chiqishi ingliz tilidagi "All correct" so'zidan olingan deb taxmin qilinadi va ushbu iboraning abreviaturasini noto'g'ri, ya'ni aytilishicha yozish orqali kelib chiqqan degan fikr ilgari suriladi. 1839-yilda "OK" iborasi birinchi bo'lib Boston (AQSh) gazetasi nashrida tarqalgan va "all correct" "AC" bo'lishi kerak bo'lgan ibora hozirda biz biladigan "OK"ga aylandi.
15. "O'lat ichra ziyofat"
Mamlakat va xalq iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan, zulm va nafrat avj olgan bir paytda bemavrid uyushtirilgan shohona ziyofat, katta bayram va boshqa ko'ngilochar shodliklarni obrazli qilib ifodalashda ushbu ibora ishlatiladi
16. Inglizcha ketish
Biror joyni hech kimga aytmasdan tark etishni ifodalaydi. Inglizlar hayrlashmasdan ketishni fransuzlar bilan bog'lashadi. Shuning uchun ingliz tilida "to take French leave" ("Fransuzcha ketish") iborasi mavjud
17. Pirrcha g'alaba.
Pirrcha g'alaba (lotincha Victoria pyrrhica) - g'alaba qozonish qimmatga tushishini ifodalovchi paradoksal ibora, mag'lubiyatga teng g'alaba. Shuningdek, kichik guruh g'alaba qozonsayu, lekin butun jamoa (qo'shin) mag'lubiyatga uchrasa ham shu ibora qo'llanilgan.
18. "U baribir aylanaveradi". (Italyancha "E pur si muove!")
Ushbu ibora 1633-yilda mashxur astronom olim va faylasuf Galileo Galiley tomonidan aytilgani taxmin qilinadi. Garchi inkvizitsiya Galileyni Yer Quyosh atrofida aylanadi degan so'zlaridan voz kechishga majbur qilgan bo'lsa-da, ammo u o'z g'oyasiga sodiq qolgan.
19. "Kokura kabi omadli"
Dastavval Amerika harbiylari tomonidan Xirosima va Kokura shaharlari atom bombasi nishoni sifatida tanlangandi. Biroq, ob-havo sharoitining noqulay kelishi hamda qo'shni Yaxare shahridagi yong'in tufayli amerikalik uchuvchi zaxira rejasi asosida harakat qilishga qaror qiladi. Natijada, 9-avgust kuni "Baqaloq" laqabli bomba Nagasakiga tashlanadi.
20. "Payshanba kuni yomg'irdan keyin"
"Payshanba kuni yomg'irdan keyin" degan ibora slavyan mifologiyasida momaqaldiroq va chaqmoq xudosi Perunga ishonmaslik tufayli paydo bo'lgan.
Payshanba Perunning kuni edi. Odamlarning momaqaldiroq va chaqmoq xudosiga qilgan ibodatlari har doim ham amalga oshavermagan. Shuning uchun, slavyanlar amalga oshmaydigan narsa haqida gapirganlarida "bu payshanba kuni yomg'irdan keyin sodir bo'lishi mumkin" iborasini qo'llay boshlashgan.
21. "Pullar hid taratmaydi" (lotincha pecunia non olet) - pulning qanday ishlab topilishi ahamiyatsiz ekanini anglatuvchi ibora.
Ushbu iboraning paydo bo'lish tarixi imperator Vespasianga borib taqaladi. Gay Svetoniyning "12 Sezar hayoti" asarida aytilishicha, imperator qo'shimcha daromad manbalari yuzaga kelishi uchun hojatxonalarga soliq solgan, shuningdek peshob savdosidan (kiyim yuvishda ishlatilgan) ham yaxshigina daromad qilgan. O'zining bu ishini esa jamoat hojatxonalarini tozalash uchun g'aznadan ko'p mablag' sarflanayotgani bilan xaspo'shlashga uringan.
Bir kuni o'g'li Tit otasiga e'tiroz bildirganda Vespasian qo'liga soliqdan tushgan tangalardan birini olib Titning burniga tutadi va "U badbo'ymi?" deb so'raydi. "Yo'q" deb javob beradi Tit. "Balki, bu peshob orqali topilgan puldir?" jahli chiqadi Vespasianning hamda o'gliga qarata "Pullar hid taratmaydi" deb aytadi
22. "Kuzmaning onasi"
«Показать кузькину мать» — ruslarning so'kinib so'zlashuv nutqida yoki kesatiq tarzida kimnidir qattiq jazolash bilan qo'rqitish ma'nosida ishlatiladigan ibora.
Ibora 1959-yil 24-iyulda AQSh hukumati bilan bo'lib o'tgan siyosiy uchrashuvlardan birida Nikita Xrushchev tomonidan Richard Niksonga aytilganidan keyin mashxur bo'lib ketadi. Tarjimon ushbu iborani qanday tarjima qilishni bilmay qoladi hamda uni so'zma-so'z "Kuzmaning onasi" ("Kuzma's mother") tarzida tarjima qilib beradi. Shu tufayli keyinchalik "Kuzma's mother" iborasi sovet atom bombalarini ifodalash uchun ham ishlatilgan.
Kuzma - rus maqollarida yovuz, qasoskor va jirkanch xarakter sifatida taqdim etilgan. Shuningdek kuzma (yoki kuzka) zararkunanda hashorat turi bo'lib, "kimgadir kuzkani qo'yib yuborish" unga "muammo tug'dirish" ma'nosida ishlatilgan. Kuzkaning onasi kuzkadan ham xavfliroq bo'lgan.
23. "Yaponiyada mashxur" fenomeni. (Inglizcha "Big in Japan")
AQSh va Buyuk Britaniyada mashxur bo'la olmagan, ammo Yaponiyada tanilib ketgan g'arb musiqachilariga nisbatan qo'llaniladigan inglizcha ibora.
"Yaponiyada mashxur" fenomeniga aloqador musiqachilarning Yaponiyada minglab muxlislari bo'lishi mumkin, ammo ular o'z mamlakatida muvaffaqiyatga erisha olmagan bo'ladi.
Ibora odatda omadsizlik va notanishlikni ifodalash uchun istehzo bilan ishlatiladi. Masalan, "Scorpions" guruhi avvaliga Yevropa va AQShda deyarli mashxur bo'lmagan. Ammo ular Yaponiyada shu qadar mashxur edilarki, hatto 1978-yilda Yaponiya bo'ylab gastrol safarlari uyushtirishgan.
24. Oderint, dum metuant (lotincha "Mayli, nafratlansalar ham, qo'rqsalar bo'ldi!")
Lotin tilidagi ushbu uchqur ibora o'z qo'l ostidagilarni qo'rquvda ushlab turadigan hukmdorni tavsiflash uchun ishlatiladi.
Manbalarga ko'ra, ushbu ibora Qadimgi Rim shoiri Lutsiy Aksiyning shu nomdagi fojiasida shafqatsiz shoh Atrey tomonidan aytilgan.
Svetoniyning so'zlariga ko'ra, imperator Kaligula ham ushbu iborani ishlatib turishni juda yaxshi ko'rgan.
25. Kolumb tuxumi
Bu uchqur ibora biror qiyin holatdan kutilmagan oddiy yechim bilan chiqib ketishga nisbatan ishlatiladi.
Tarixiy hikoyada aytilishicha, bir kuni ziyofat vaqtida bir ispan amaldori Xristofor Kolumbga hasad qilib shunday deydi: "Amerikani ochish qiyin deb o'ylaysizmi? Yangi yerni ochish - shunchaki oddiy ish, Ptolemey davridan beri ma'lumki - yer dumaloq. Dengizga tushib boshqa tomonga suzsang bas - yangi yerlar chiqib kelaveradi".
"Siz haqsiz, bu rostdan ham juda oddiy", - deb javob beradi Kolumb, "qaynatilgan tuxumni vertikal tarzda stolga qo'yib ko'ringchi".
Amaldor qancha urinsa ham tuxumni vertikal tarzda stolga qo'ya olmaydi. Shunda Kolumb "bu juda oddiy ishku" deb tuxumning bir tomonini sindiradi va shu tomoni bilan stolga vertikal tarzda qo'yadi.
Bunday yechimni kutmagan amaldorlar "Biz ham shunday qilolardik" deb e'tiroz bildirishadi. Kolumb esa bu e'tirozlarga javoban shunday deydi: "Farq shundaki janoblar, sizlar buni qila olardinglar. Men esa allaqachon qildim".
26. Damokl qilichi (lotincha "Damoclis gladius")
Yunon afsonalariga ko'ra, Sirakuza tirani Katta Dionisiy (miloddan avvalgi V asr oxiri) Dionisiyni o'lganlar orasida eng baxtlisi deb hisoblagan favoriti Damoklga o'z taxtida bir kun o'tirishni taklif qiladi.
Tiranning buyrug'i bilan Damokl dabdabali kiyintiriladi hamda xushbo'y atirlar sepilib, hukmdorning o'rniga o'tkaziladi. Saroy a'yonlari uning har bir gapini so'zsiz bajarishadi. Ziyofat avjiga chiqqan bir mahal sarxush Damokl to'satdan boshi uzra ot yoliga osilib turgan qilichni ko'radi hamda humronlikning asliyati qanday ekanini anglab yetadi. Shu tarzda qariya Dionisiy unga tiran har doim o'lim bilan yonma-yon yashashini ko'rsatib qo'yadi.
Majoziy ma'noda ushbu ibora boylik ortida taxlikali hayot yashiringanini, boylar bir zum ham halovat topa olmasligini anglatadi.
27. Egisa ostida bo'lish.
Echki terisidan tikilgan va grek ma'budi Zevsga tegishli boʻlgan ushbu sehrli ustkiyim o'ziga xos himoya xususiyatiga ega boʻlgan.
Qadimgi grek shoiri Museyning yozishicha, u Zevsning sevimli echkisi Amalfeyaning terisidan tikilgan bo'lib, titanlarga qarshi urush vaqtida qalqon sifatida ishlatilgan.
Keyinchalik "egida ostida bo'lish" iborasi qandaydir himoya ostida bo'lishni anglata boshlagan.
28. "Moskva ko'z yoshlariga ishonmaydi"
Botuxonning yurishlari natijasi rus yerlari XIII asr o'rtalarida Oltin O'rdaga qaram bo'lib qoladi. Rus knyazlari o'z yerlarida hukmronlik qilish uchun maxsus ruxsatnoma - yorliq olishlari kerak bo'lardi. Yorliq olgan knyazning majburiyatlari orasiga vaqti-vaqti bilan Oltin O'rdaga o'lpon to'lab turish ham kirardi.
Knyazlar orasida 2 ta tanlov bor edi - yo mo'g'ullarga qarshi kurashish yoki kelishish. Moskva knyazi Ivan Kalita ikkinchi yo'lni tanlaydi. Aynan u O'zbekxonning buyrug'i bilan birinchi yo'lni tanlagan Tver knyazi isyonini bostiradi. Natijada yorliq Tverdan Moskvaga olib beriladi. Shuningdek, norozilik kuchayib ketgani tufayli o'lpon yig'ish ishlari ham Kalitaga yuklanadi. (Bu ish bilan avval bosqoqlar shug'ullangan.)
Ivan Kalita davrida o'lpon juda ham oshib ketadi. Uni to'lash knyazlik va shaharlar uchun juda qiyin bo'lib qoladi. Chunki, Kalita o'lponga qo'shib o'z xazinasi uchun ham to'lov undirardi. Oqibatda, turli hudud knyazlari Moskvaga to'lovlarni kamaytirishni so'rab o'z odamlarini yubora boshlaydi.
Ivan Kalita huzuriga kelgan odamlar to'lovlarni kamaytirishni yolvorib so'rab, ko'z yosh to'kardi. Ammo knyaz ularni eshitmas, ayrim hollarda hatto arzchilarni qattiq jazolardi. Taxminlarga ko'ra, "Moskva ko'z yoshlarga ishonmaydi" iborasi shu davrda paydo bo'lgan.
29. "Moviy qon" iborasi qayerdan paydo bo'lgan?
Ispaniya qirollik oilasi o'zlarining vest-gotlardan kelib chiqqani va Afrikadan kelgan mavrlar bilan aralashib ketmagani bilan juda ham mag'rurlanishgan.
Ularning terisi qora emas, oppoq bo'lgani uchun qon tomirlari yaqqol ko'rinib turgan. Shuning uchun ular o'zlarini moviy qonli odamlar deb hisoblashgan.
30. "Ahmoq shlyapado'z"
Dastlab silindrlar qimmat va noyob qunduz terisidan tayyorlangan. Shu tufayli ular juda qimmat bo'lgan. Ushbu materialni tayyorlashda simob preparatidan foydalanilardi.
Undan muntazam foydalanish natijasida shlyapa tayyorlovchilar zaharlanib borgan, bu esa ularning aqliy jihatdan oqsashiga olib kelgan. Shu tufayli "aqldan ozgan shlyapachi" yoki "ahmoq shlyapado'z" iborasi paydo bo'lgan.
31. "Xitoyning so'nggi ogohlantirishi"
1960-70-yillarda Xitoy va AQSh o'rtasidagi munosabatlar jiddiylashadi. Ikki davlat o'rtasidagi nizo "Tayvan masalasi"da vujudga kelgandi. Chunki bu davrda AQSh havo kuchlari Tayvanga bemalol uchib kelar hamda Xitoy hududi bo'ylab razvedka parvozlarini amalga oshirardi.
Har gal xitoyliklar o'zlarining havo hududlarini AQSh razvedkachisi kirib kelishi qayd etilganda, AQShga "so'nggi ogohlantirish" yuborilgan, ammo hech qachon konkret choralar ko'rilmagan.
Oxir oqibat, yuzlab shunday ogohlantirishlar to'planib qoladi. Amerikaliklar ularga e'tibor bermay qo'yishadi. Tez orada Xitoy hukumatining hatti harakatlari butun dunyoga oshkor bo'ladi hamda hech bir oqibatlarsiz ogohlantirishlar "Xitoyning so'nggi ogohlantirishlari" iborasi yuzaga kelishiga sabab bo'ladi.
32. Parfiya o'qi
Bu ibora suhbat yoki munozarada, raqibni qurolsizlantirib, uni tahlikaga solib qo’yuvchi eng so’nggi fikr yoki harakatni anglatuvchi majoziy ibora hisoblanadi.
33. Qora Oqqush
Ingliz tilida "Qora oqqush" idiomasi mavjud bo'lib, u avvaliga imkonsiz hodisani ifodalash uchun ishlatilardi. Bunga sabab odamlar tabiatda qora oqqushlar mavjud emasligiga ishonishgan. Biroq, XVII asr oxirida Villem de Vlaming boshliq golland ekspeditsiyasi Avstraliyada qora oqqushlarga duch kelgach idiomaning ushbu ma'nosi asta-sekin muomaladan chiqib, imkonsiz, ammo kashf etilishi mumkin bo'lgan hodisani ifodalay boshlaydi.
34. Oq Fil
Idiomaning kelib chiqishi Janubiy-sharqiy Osiyoga borib taqaladi. U yerdagi Birma, Tailand, Laos va Kambodja kabi davlatlar monarxlari o'z saroylarida muqaddas oq fillarni boqishgan. Oq filga ega bo'lish sharafli edi — bu monarxning adolatli va oqilona boshqaruvi ramzi bo'lgan hamda davlatda tinchlik va farovonlik hukmronligini anglatgan.
Shuningdek, oq fil — o'z egasining moliyaviy jihatdan yaxshi holatda ekanligini bildirgan. Agar monarx kimgadir oq fil sovg‘a qilsa — bu monarxning o'sha odamga nisbatan himmatini bildirgan. Biroq, boshqa tomondan bu qarg‘ishni ham anglatgan — fil muqaddas bo'lgani uchun uni sotish yoki xo‘jalik ishlarida ishlatish mumkin emasdi. Uni boqish va saqlash esa katta harajat talab qilgan.
Hozirda idioma o'zini oqlamagan, biroq katta harajat sarflangan loyihani anglatadi. Birjada esa — kutilgan daromaddan harajatning oshib ketishini ifodalaydi. Avstriyada kam yoki hech qanday foyda bermasa-da, ishdan bo'shatilmaydigan hodim "oq fil" deb ataladi
35. Honadagi fil.
Odatda inglizlar tomonidan ishlatiladigan ushbu idioma hamma uchun ochiq bo'lsa-da, hech kim muhokama qilishni xohlamaydigan mavzu yoki muammoni anglatadi. U huddiki xonadagi fil kabi hammaga ko'rinib tursa-da, kimnidir noqulay holga tushirmaslik uchun e'tibordan chetda qoldiriladi
Krilov tomonidan 1814-yilda yozilgan "Qiziquvchan odam" masalida kuntskamerada bo'lgan odam do'stiga u yerda fildan boshqa hamma eksponatlarni ko'rganini ta'kidlaydi. Aslida hajm jihatidan olsak, uni ko'rmay qolish imkonsiz edi. Asardagi ushbu holat keyinchalik idiomaga aylangan.
36. Qog'oz yo'lbars.
Qadimgi xitoyda donni sichqondan yoki uyni ruhlardan himoya qilish uchun qog'oz yo'lbars yasashgan. Idioma sifatida qog'oz yo'lbars — xavfli ko'rinsa-da, aslida zararsiz bo'lgan narsani ifodalash uchun ishlatilgan. Ushbu idioma XX asrning 50-yillarida Mao Szedun tufayli boshqa tillarda ham mashhur bo'lib ketgan.
Mao 1946-yil 6-avgustda amerikalik jurnalist Anna Luiza Strongga bergan intervyusida "Amerika imperializmi va reaksionizmi qog'oz yo'lbarsdan boshqa narsa emas" deb aytgan. Suhbat davomida u Amerikaning yadroviy qurollari haqida ham gapirib, ularni "odamlarni qo‘rqitish uchun ishlatiladigan qog‘oz yo‘lbars”ga qiyoslagan.
1957-yilda Mao Moskvaga tashrif buyurib, kommunistik kongressda qatnashadi va Adolf Gitlerni, rus podsholari, Yaponiya va Xitoy imperatorlari, shuningdek, yadroviy bombani "qog'oz yo'lbars" deb ta'kidlagan.
37. " Doing a Bradbury"
Qishki Olimpiada o‘yinlaridagi Avstraliya uchun ilk oltin medalni 2002-yilda short-trekchi Stiven Bredberi olib kelgan.
Oldingi Olimpiadalarda sportchi unchalik yaxshi natija qayd etolmagandi. Lekin Solt-Leyk-Sitida Stiven chorak finalda uchinchi o‘rinni oladi va birinchi o‘rinni olgan sportchining diskvalifikasiyasi tufayli keyingi bosqichga chiqadi.
Yarim finalda u oxirgi o‘rinda borayotgandi, lekin oldinda ketayotganlarning bir-birlari bilan to‘qnashib, yiqilishi oqibatida finishga ikkinchi o‘rinda yetib keladi.
Xuddi shunga o‘xshagan vaziyat finalda ham yuz beradi — deyarli barcha ishtirokchi yiqiladi va Stiven finishga birinchi bo‘lib yetib keladi.
Shundan so‘ng Avstraliyada “doing a Bradbury“ idiomasi paydo bo‘ldi va u ortiqcha kuch ishlatmasdan muvaffaqiyatga erishishni anglatadi.
38. Qadimgi grek mifologiyasidagi Pandora afsonasi bilan bogʻliq artefakt. Qadimgi grek shoiri Gesiodning “Asarlar va kunlar” sheʼrida ilk bor eslab o'tilgan. Aslida "Pandora qutisi" buyumlarni saqlashga mo'ljallangan katta idish bo'lgan. Biroq keyinchalik u noto'g'ri tarjima natijasida "quti"ga aylangan.
Hozirda "Pandora qutisi" kutilmagan muammolar manbai yoki qimmatli ko'rinsa-da, aslida yomonlik keltiradigan sovg'ani anglatadi.
39. Mikki Maus darajasi
Odamlarning past sifatli universitet ta'limiga yoki kvalifikatsiyaga egaligiga ishora qilish uchun ishlatiladigan disfemizm.
Ingliz tili jargonida "Mikki Maus" arzimas vaqt sarflangan, kam ahamiyatli yoki havaskorlik bilan bog'liq bo'lgan narsalarni ifodalash uchun ishlatiladi. Masalan, Angliya liga kubogi hozirgi kunda ham jargonda "Mikki Maus kubogi" deb ataladi.
"Mikki Maus darajasi" idiomasi ilk bor Britaniya ta'lim vaziri Margaret Xodj tomonidan oliy ta'limni kengaytirish haqidagi suhbat chog'ida ishlatilgan.
40. To'g'ralgan nondan beri eng ajoyib narsa..
1928-yilda Otto Frederik Rovedder non kesadigan mashinani ixtiro qilganidan keyin AQSh do'konlari peshtaxtalarida nonlar kesilgan holda sotila boshlanadi. 1933-yilga kelib AQShda sotiladigan nonning 80 foizdan ortiq qismi to'g'ralgan holda sotuvga chiqarilardi.
Aholiga ushbu yangilik shu qadar ma'qul keladiki, ingliz tilida "greatest thing since sliced bread" ("To'g'ralgan nondan beri eng ajoyib narsa") degan idioma paydo bo'ladi.
Ushbu idioma ixtiro yoki ishlanmalarni maqtash uchun ishlatiladi.
Maqolani tayyorladi: Samarqand Zakovat klubi a'zosi va @Diamond_ZK telegramm kanali admini Ismoil Ganiyev.
Manbaalar: