IBRATGA LOYIQ XODIM
Shofirkon tumani «Bobohaydar» mahalla fuqarolar yig‘ini Regiyon qishlog‘ida yashovchi R. Isomovning qo‘yi o‘g‘irlangani to‘g‘risidagi xabar tuman IIB tergov-tezkor guruhini oyoqqa qalqitdi. O‘g‘rilik kuppa-kunduzi soat 09:00larda sodir bo‘lgan. Xonadon sohibi qo‘yini uyi qarshisiga bog‘lab qo‘yib, yarim soatlar qarindoshinikiga chiqqan edi. Uyga kelsa, qo‘yi joyida yo‘q. Darrov qo‘shnilaridan so‘rab-surishtirdi. Hech kim qo‘yni ko‘rmagan...
Katta leytenant A. Ibrogimov qishloq ahli bilan suhbatlashib, noma’lum shaxsni ko‘rgan-ko‘rmaganini surishtiradi. Qo‘shnilarning biri notanish kishini ko‘rganini, ammo qo‘y yetaklaganini ko‘rmaganini aytadi. Demak, qishloqda o‘g‘ri oralagan, degan qarorga kelgan surishtiruvchi hamkasblari bilan birga ishni muqaddam sudlangan va jinoyatga moyil shaxslar bilan surishtiruvni davom ettiradi. Buni qarangki, Sh.R. negadir xavotirlanib, katta leytenantda shubha uyg‘otdi. Shunday paytda katta leytenant
A. Ibrogimov «Qo‘yni bilsa hazil, bilmasa chin qabilida olgan bo‘lsangiz, yengillik bor» deya taxminan chamalagani qo‘l keldi. Gumonqilinuvchi darrov qilmishini tan oldi...
Alisher IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlab, 2020-yil Shofirkon tumani IIB JQB tezkor vakili lavozimida xizmatni boshladi. Oradan bir yil o‘tgach, yoshligidan qiziqishi va havasi baland bo‘lgan tergov sohasiga o‘tkazildi. U o‘z ustida izlanishi, bosiqlik bilan ish yuritishi va dalillarga tayanib xulosa chiqarishi bois kutilgan natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Joriy yilning o‘tgan uch oyida 25 ta jinoyat ishini tergov qildi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari sohasidagi hamda kredit mablag‘larining o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etishda alohida ko‘rsatkichlarga erishdi.
Katta leytenant Alisher Ibrogimov kabi fidoyi yoshlar katta ishonch va ibratga sazovor bo‘layotgan xodimlardandir.
Mirzoqul AHADOV,
o‘z muxbirimiz.
Buxoro viloyati.