Hurmatli talabalarimiz va ularning ota-onalari!

Hurmatli talabalarimiz va ularning ota-onalari!


Ijtimoiy tarmoqda bir tuhmatchi tomonidan universitetimiz haqida asossiz ma'lumot tarqatilgani yuzasidan murojaat qilmoqchiman. Jumladan, universitetimizda go'yoki talaba imtihondan yiqilsa, ustozlar 10% mukofot olishi haqida nohaq tuhmat qilingan. Bu gaplar yolg'on.

Eng avvalo, bizning universitetimizda talabalarning bilim va ko'nikmalarini ob'yektiv va adolatli baholash asosiy tamoyillarimizdan biridir. Bizning maqsadimiz - har bir talabaga eng yuqori sifatli ta'limni taqdim etish va ularning o'zlashtirish ko'rsatkichlarini halol ravishda aniqlash.

Imtihonlar va baholash jarayonlari qat'iy nazorat ostiga olingan. Baholar talabaning bilim va ko'nikmalariga asoslangan holda qo'yiladi. Agarda, talabada baholash natijasiga e'tirozi bo'lsa, apellyatsiya shikoyati berishi mumkin.

Talabalarimiz uchun o'z ustida ishlashlari uchun bir necha imkoniyatlarni taqdim etish maqsadida, imtihon jarayonlarimiz uchta bosqichda o'tkaziladi:

  1. Dastlabki imtihon topshirish bosqichi.
  2. Qayta topshirish imkoniyati: agar talaba ba'zi obyektiv sabablarga ko'ra, dastlabki urinishda imtihondan o'ta olmasa, yana bir imkoniyat beriladi. Bu bosqich bepul bo'lib, talaba o'z xatolarini tuzatish va imtihonni qayta topshirish imkoniyatiga ega bo'ladi.
  3. Yakuniy imkoniyat: Agar talaba ikkita imkoniyatdan ham foydalana olmasa, unga uchinchi va oxirgi imkoniyat beriladi. Talaba bu imkoniyat uchun 500 ming so'm miqdorida to'lov qilishi lozim bo'ladi.

3-imkoniyat uchun 500 ming so'm to'lovni quyidagi asosiy ikkita sababni hisobga olgan holda belgilaganmiz:

  • 3-bosqich uchun universitetimiz o'qituvchilari va xodimlari qo'shimcha vaqt va resurslar sarflashadi. Bulardan tashqari xarajatlar ham bor. Masalan, qo'shimcha imtihonlar davrida auditoriyalarni sovutish va yoritish uchun ham katta xarajatlar qilinadi. Bu jarayonning sifatli va samarali o'tishini ta'minlash uchun qo'shimcha xarajatlarga olib keladi.
  • Bu moliyaviy jarima talabalarning o'z mas'uliyatlarini his qilishlariga va dastlabki bosqichlarda yaxshi tayyorgarlik ko'rishlariga turtki bo'ladi, hamda yaxshi o'qigan talabalarning mehnati ham qadrlanadi.

Ma'lumot uchun: boshqa davlat va xususiy universitetlarda ham bunday to'lovlar joriy qilingan va qiymati ham tahminan shu atrofda. Ba'zilarida bu to'lov 2-imkoniyat uchun undiriladi.

Ustozlar 10% mukofot olishi va ustozlar shuning uchun shogirdlarini imtihonlardan yiqitishi haqidagi ma'lumot, tuhmatdan boshqa hech narsa emas. Bizning universitetimizda o'qituvchilarni mukofotlash tizimi to'liq mehnat samarasiga asoslangan va imtihondan yiqilgan talaba uchun mukofot berilmaydi. Universitet 500 ming so'm uchun o'z talabasini imtihondan yiqitishi umuman mantiqqa to'g'ri kelmaydi, chunki imtihondan o'ta olmagan talabaning o'qishga ishtiyoqi pasayib ketadi. 50 ming so'm uchun ustoz shogirdini imtihondan yiqitishi esa, kulgili holat.

Bundan tashqari, quyidagi talabalarga 3-imkoniyat ham bepul qilib berilgan:

  • ikkita imtihondan ham yiqilgan, lekin davomat ko'rsatkichi 90% dan yuqori bo'lganlar;
  • ikkita imtihondan ham yiqilgan, lekin olimpiada, xakaton va boshqa musobaqalarda g'olib bo'lganlar;
  • ikkita imtihondan ham yiqilgan, lekin universitet talabalar uyushmasi boshqaruvini amalga oshiradiganlar;

Quyidagi talabalarga esa, 3-imkoniyat to'loviga 50% chegirma berilgan:

  • ikkita imtihondan ham yiqilgan, lekin olimpiada, xakaton va boshqa musobaqalarda qatnashganlar;
  • ikkita imtihondan ham yiqilgan, lekin semestr davomida ustozlardan kamida 10 ta ijobiy fikr olganlar (fikrlarni yig'ish avtomatlashgan online tizimi mavjud);
  • ikkita imtihondan ham yiqilgan, lekin nogiron yoki boquvchisini yo'qotgan talabalar;
  • ikkita imtihondan ham yiqilgan, lekin ehtiyojmand talabalar.

Ikkita imtihondan ham yiqilgan, lekin universitet talabalar uyushmasi yoki universitetdagi boshqa har xil klublarning a'zolariga 30% chegirma berilgan.

Shuni yana bir bor ta'kidlayman, universitetimizda barcha jarayonlar qat'iy nazorat ostida bo'lib, maxsus komissiyalar va ichki auditlar orqali muntazam ravishda tekshiriladi. Talabalar va ularning ota-onalari har qanday savol yoki shikoyatlari bilan bizga telefon orqali, yozma ravishda yoki online tizimimiz orqali murojaat qilishlari mumkin. Hech bir murojaat nazoratsiz va javobsiz qoldirilmaydi. Talabalarga qulaylik yaratish uchun har haftaning Juma kuni "Rektor soati" joriy qilganmiz. Bu vaqtda talabalarimiz men bilan xohlagan mavzuda suhbat qilishlari mumkin.

Biz, PDP Universiteti jamoasi, talabalarimiz va ularning ota-onalari oldida talabalarimizga eng yuqori sifatli ta'limni taqdim etish bo'yicha javobgarmiz va buni hech qachon esimizdan chiqarmagan holda faoliyat ko'rsatamiz. Sizlardan har qanday asossiz ma'lumotlarga ishonmaslikni va har doim ma'lumot manbalarining ishonchliligiga e'tibor qaratishingizni so'rayman!

Report Page