Huquqi buzilayotgan maktab psixologlari

Huquqi buzilayotgan maktab psixologlari

Namangan viloyati adliya boshqarmasi
Namangan viloyati adliya boshqarmasi

Ma'lumki, umumiy o`rta ta'lim maktablarida psixolog degan lavozim bor. Yaqinda hamkasblarimiz bilan o`zimizning tumanda ushbu lavozimda mehnat qilayotgan xodimlarning ish vaqti me'yoriga ish beruvchi tomonidan qay darajada amal qilnayotganligini o`rganib ko`rdik. Afsuski, o`rganishlarimiz natijasi biz uchun quvonarli bo`lib chiqmadi; psixologlarning huquqi buzilayotgan ekan.

Chunonchi, Yangi Namangan tumani Maktabgacha va maktab ta'limi bo`limi taqdim etgan ma'lumotga ko`ra, tumandagi umumiy o`rta ta'lim maktablarining psixologlari bir haftada 41 soat ishlatilar ekan (aksariyat boshqa tumanlarda ham kamida shuncha soat bo`lsa kerak).

To`g`risi, bu to`g`ri emas!

Shu bois o`qib turganingiz - ushbu muxtasar maqolamiz orqali maktab psixologlarining ish vaqti me'yori bo`yicha qonunchilik talabini bir esga olmoqchimiz. Chunki eslamasak, eslatmasak, joylarda yuqoridagi singari maktab psixologlarining mehnat huquqi buzilaveradiganga o`xshaydi.

Unda to`g`risi qanaqa?

O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 183-moddasida ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘ining holati, mehnat shartlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa holatlar hisobga olingan holda qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanishi ko`rsatilgan.

Shunday "ayrim toifadagi xodimlar" jumlasiga maktab psixologlari ham kiradi, ularga ham mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 577-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus davlat ta’lim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi Nizomning 12-bandida ushbu qisqartirilgan ish vaqtining aniq chegarasi nazarda tutilgan. Unga ko`ra, umumiy o`rta ta'lim muassasalarida psixolog kadrlar uchun haftasiga 36 soatli ish tartibi joriy etiladi.

Demak, yuqoridagilarga asosan maktab psixologlari bir haftada 41 soat ishlatilishlari emas, balki 36 soatli qisqartirilgan ish haftasida ishlashlari lozim bo`ladi.

Endi qarang, aksariyat umumiy o`rta ta'lim maktablarida psixologlar uchun 6 kunlik ish haftasi (ya'ni Dushanbadan Shanbagacha) tartibi joriy qilingan. Ular uchun bir ish kuni, tushlik uchun tanaffusni hisobga olmaganda (haqiqiy ish vaqti) 6 soatni tashkil qilishi kerak. Bundan ko`p bo`lishi mumkin emas.

O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 204-moddasiga ko`ra, ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi ko‘pi bilan ikki soat va kamida o‘ttiz daqiqa bo‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak.

Demak, agar 30 daqiqa tushlik uchun tanaffusni ham qo`shadigan bo`lsak, 6 kunlik ish haftasida maktab psixologlarining ishda bo`lish vaqti davomiyligi bir ish kunida 6 soat 30 daqiqadan iborat bo`ladi (masalan, 8:00 dan 14:30 gacha).

Qarang, ish beruvchilar yuqoridagi qonuniy talabga rioya qilsalar, shunda ikki smenali maktablarda psixologlar ichki o`rindoshlik asosida to`liqsiz ish vaqtida mehnat qilishlari ham mumkin bo`ladi. Ya'ni jami "1.5 stavka sig`ishi mumkin".

Bu muhim!

Maktab psixologlarining, umuman, barcha qisqartirilgan ish vaqtida ishlovchi xodimlarning ish vaqti qisqarishi ularning ish haqi kamayishiga olib kelmaydi!

Chunki, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 258-moddasiga binoan, qisqartirilgan ish vaqti sharoitlarida band bo‘lgan xodimlarning ish haqi normal ish vaqti uchun belgilangan to‘liq hajmda to‘lanadi.

Ya'ni maktab psixologlari garchi haftasiga 36 soat ishlasalar-da, ularga 40 soat uchun va'da qilingan ish haqi to`liq berilishi kerak; 36 soat ishlab beriladi, 40 soat uchun haq olinadi.

Umid qilamizki, ushbu maqola ish beruvchilarga ham, xodimlarga ham birday manfaatli bo`ladi va maktab psixologlarining yuqoridagi mehnat huquqi buzilishi butkul to`xtashiga o`z hissasini qo`shadi.

Bahtiyor Maxmudov Yangi Namangan tumani Yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti 


Report Page