Hududlarda tarbiyasi ogʻir va hisobda turuvchi yoshlar uchun “5+1” tizimi joriy etilmoqda
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati“Armiya — vatanparvarlik va jasorat maktabi” shiori ostida 2023-2024-yillarga moʻljallangan uyushmagan, tarbiyasi ogʻir va hisobda turuvchi yoshlarni hamda oʻquvchi yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yuzasidan viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli qarori imzolandi.
Unga koʻra, hududlarda tarbiyasi ogʻir va hisobda turuvchi yoshlar bilan manzilli ishlarni amalga oshirish maqsadida “5+1” tizimi joriy etildi.
Yaʼni, har bir sektor rahbariga 5 nafar bola biriktirilib, mazkur yoshlar bilan harbiy maʼmuriy sektor hamkorligida 10 kunlik “Jasorat maktabi” yigʻinlari tashkil etib boriladi.
Shuningdek, mahallalarda hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilarining tavsiyalariga asosan “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftariga kiritilgan ehtiyojmand, hunar egallashga qiziqishi bor fuqarolar “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi oʻquv kurslarida subsidiya asosida kasbga tayyorlanadi.
Harbiy-vatanparvarlik oʻquv yigʻini doirasida viloyat hokimi kubogi uchun sportning minifutbol musobaqasi, viloyat prokurorining shaxmat va shashka, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining stol tennisi boʻyicha, Davlat xavfsizlik boshqarmasining “Milliy kurash”, Okrug qoʻmondonining harbiy estafeta kubogi musobqalari oʻtkaziladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik ishtiyoqida boʻlgan 100 dan ortiq yoshlarga 10 kunlik seminar-treninglar oʻtkaziladi. “Har bir tadbikor — yoshlarga madadkor” tamoyili asosida “Yoshlar: 1+1” dasturi amalga oshirilishi reja qilingan.