Hududlar kesimida MRV tizimini joriy qilish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Hududlar kesimida MRV tizimini joriy qilish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi


O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Tanjir shahrida Marokashning MRV tizimini hududlar va sohalar kesimida joriy etish tajribasini o‘rganish maqsadida Energetika va barqaror rivojlanish vazirligining Atrof-muhit va barqaror rivojlanish boshqarmasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Energetika va barqaror rivojlanish vazirligi mas’ul mutaxassislari tomonidan Marokashning hududiy issiqxona gazlari inventarizatsiyasi tizimi (SRI-GES) va uning onlayn platformasini, hududlar kesimida iqlim o‘zgarishiga moslashish va yumshatish choralari, “yashil” iqtisodiyot va xilma-xillik, shuningdek, issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirishga doir amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida taqdimot qilindi.

Bundan tashqari, Marokashning Agadir shahrida dastlabki hududiy MRV tizimini joriy qilish tajribasi bilan tanishildi. Har bir hududda iqlim sharoiti, kamchiliklari va imkoniyatlari tadqiqot institutlari va xalqaro ekspertlar tomonidan chuqur o‘rganilib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy strategiyalar ishlab chiqiladi.

Uchrashuv davomida mamlakatda issiqxona gazlari, havo sifat ko‘rsatkichlari hamda ob-havo kutilmalarini aniqlovchi instrumentlarni jamlagan havo stansiyalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi. Ushbu stansiyalar onlayn tizimda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, issiqxona gazlarini monitoring qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, tomonlar “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Tomonlar konferensiyasi”ni (COP) o‘tkazishga mezbonlik qilish bo‘yicha Marokash tajribasi yuzasidan muhim xulosalar va tayyorgarlik jarayonlarini atroflicha muhokama qildi.

Ma’lumot uchun: Marokash Qirolligi 2016-yil noyabr oyida 22-Tomonlar konferensiyasiga (COP-22) hamda 2023-yil iyun oyida O‘rtayer dengizi mamlakatlari uchun 3-Tomonlar konferensiyasiga (MEDCOPClimate-3) mezbonlik qilgan.

Uchrashuv so‘ngida MRV tizimini hududlar kesimida joriy qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kelgusida yangi tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page