REYD TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA

REYD TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA


Toshkent viloyatida tabiiy gaz nazorati va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha ishlar belgilangan tartibda davom ettirilmoqda. Hozirga qadar Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida 39657 tadan ziyod xonadonlarga “aqlli” gaz hisoblagichlari oʻrnatilib, ular “Billinggaz” tizimi bilan bogʻlandi. Shuningdek, hududdagi barcha xonadonlarda tabiiy gaz taʼminotini bir meʼyorda boʻlishini taʼminlaydi.

Agarda isteʼmolchida tabiiy gazdan qarzdorlik yuzaga kelsa, avtomatik ravishda dastlab SMS-xabarnoma yuboriladi. 72 soat davomida qarzdorlik bartaraf etilmasa, tabiiy gaz taʼminoti avtomatik tarzda toʻxtatiladi. Afsuski, isteʼmolchilar orasida qarzdorlik boʻyicha avtomatik tarzda tabiiy gaz berilishi toʻxtatilgandan soʻng, oʻzboshimchalik bilan elektron gaz hisoblagichlarini yechib olib, rezina shlang va qoʻlbola quvurlar orqali tarmoqqa ulanib olib, tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanayotganlar uchramoqda.

“Yangiyoʻltumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari tomonidan ana shunday holatlar boʻyicha reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda. Jumladan, oʻrganishlar davomida aniqlangan 1122 ta qoidabuzarlik holatlari natijasida isteʼmolchilarga 1,238,291,118 soʻmdan ortiq tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilingan. Bunday vaziyatlarda har bir qonun buzgan isteʼmolchiga oʻtgan davr uchun meʼyor asosida qayta hisob-kitob qilingan holda jarimalar qoʻllanilmoqda. Bu bilan isteʼmolchilar birinchidan qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyishmoqda shu bilan birga ortiqcha ovoragarchilikka sababchi boʻlib qolmoqdalar.

Rasmiylashtirilgan hujjatlarni tegishli qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilmoqda.Hurmatli isteʼmolchilar, tabiiy gazdan foydalanishda qoidalarni buzmaslik, hisoblash uskunalaridan toʻgʻri foydalanish, nostandart gaz uskunalari va qoʻlbola moslamalarini ishlatmaslikni soʻrab qolamiz. Zero, bu bilan siz oʻzingiz va boshqalarning xavfsizligini taʼminlagan boʻlasiz.

 

“Hududgaz Toshkent” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati

Report Page