Sirdaryoda Press-tur va matbuot anjumani bo'lib o'tdi

Sirdaryoda Press-tur va matbuot anjumani bo'lib o'tdi


"Hududgaz Sirdaryo" gaz ta'minoti filiali tomonidan viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar va blogerlar uchun "Kuz-qish mavsumiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari" yuzasidan press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi.

Dastur bo‘yicha birinchi manzil Guliston shahrining "Do‘stlik" mahallasi bo‘ldi. Unda mahalladagi xonadonlarga o‘rnatilgan energotejamkor gaz gorelkalarning qulayligi hamda afzallik tomonlari yig‘ilganlarga tushuntirildi. Qo‘shimcha tarzda servis xizmati tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida ham ma'lumotlar berildi.

- Guliston shahrida 17 ta mahalla to‘liq tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan, - deydi "Gulistonshahargaz" gaz ta'minoti bo‘limi Servis xizmati boshlig‘i Shaxrux Shakirov. Guliston shahridagi 96 947 ta aholi xonadonida tabiiy gaz jihozi mavjud. Joriy yilning 7 oyi davomida bo‘lim 5039 dan ortiq xonadonga servis xizmatini ko‘rsatdi. Gaz jihozlarini texnik va profilaktik ko‘rikdan o‘tkazdi. 

Energogaztejamkor gaz gorelka bo‘yicha tushuntirishlar berilgandan so‘ng, shaharning "Baxt" mahallasiga borildi. Bu yerda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari va tabiiy gaz ta'minotini yaxshilash maqsadida 3 bosqichlidan 2 bosqichli tizimga o‘tish ishlari qizg‘in davom etayotgan edi. "Hududgaz Sirdaryo" gaz ta'minoti filiali rahbarining o‘rinbosari hamda "Gulistonshahargaz" gaz ta'minoti bo‘limi boshlig‘i jarayonlar bilan barchani tanishtirdi.

Shunda, blogerlardan biri "kun juda isib ketdi, salqinga o‘taylik" dedida, aytgan gapiga uyalib ham qoldi. Chunki, ana o‘sha jazirama issiqda salqin joylarga qochmasdan xalq uchun xizmat qilayotgan fidoiy kasb egalariga qaradida, uzr so‘rab, xodimlarga kuch-quvvat tiladi. Bunday issiqda ishlash oson emas.

Shundan so‘ng, Sirdaryo tumani "Ziyokor" mahallasidagi qizg‘in ishlar davom etayotganiga guvoh bo‘lindi. 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, tabiiy gaz ta'minotini yanada yaxshilash maqsadida mahallada diametri 102, 89, 76, 57, 40, 32 mmdagi 6783 p/m bo‘lgan gaz quvurlari ikki bosqichli tizimga o‘tkazilayotgani hamda demontaj ishlari qilinayotgan jarayonlari ko‘rsatildi. 

Press-tur so‘nggida "Sirdaryotumangaz" gaz ta'minoti bo‘limida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda filial rahbar o‘rinbosari Ikrom Bo‘ronov ishtirok etdi va bloger, jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga javob berdi. 

- O‘tkazilgan press-tur va matbuot anjumani ko‘ngildagidek o‘tdi, Kuz-qish mavsumiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari ham avjida ekaniga guvoh bo‘ldik. Savollarga keladigan bo‘lsak, o‘zimni qiziqtirgan savollarga aniq qilib javoblarni oldim. Raxmat, - deydi, “Sirdaryo live” admini Amir G‘aniyev. 

Biz ham fidoiy kasb egalarining mehnatlarini va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in ekanini ko‘rsatib, munosib yoritib berishga harakat qilamiz. 


Baxtigul XIDIRALIEVA,

"Hududgaz Sirdaryo" gaz ta'minoti filiali matbuot kotibi

Report Page