Hazilkash

Hazilkash

Deymon Ranon

Chap oyog‘imda kutilmaganda dahshatli og‘riqni his qilgan paytimda Brodveydagi Mindi restoranida edim. Og‘riqqa chidolmay o‘rnimdan sakrab turdim va boloxonador qilib so‘kindim. Menga “parovozcha” o‘rnatishganini va shu atrofda hazilkash Jo-turli hazillar ustasi turganligini sezdim. “Parovozcha” nimaligini bilmoqchimisiz? Restoranga kirgan odamning poyabzali ustiga gugurt chaqib qo‘yasiz. Shu zahoti hammani kuldiradigan voqea boshlanadi. Hazilkash Jo bu borada ustasi farang bo‘lib ketgan. U “qurboni” yoniga shunday sezdirmasdan keladiki, qasam ichib aytishim mumkin: Jo hatto sichqonning oyog‘iga ham “parovozcha” qo‘ya oladi, albatta sichqonning poyabzali bo‘lsa. Agar birortasi ortiqcha jahlga minsa ham u vaziyatdan chiqib keta oladi. Qimmatbaho poyabzal kiyganlar esa tez-tez u bilan jiqillashib turishadi.


Ammo Joga kimning qanaqa poyabzalda kirganligining farqi yo‘q. Bir kuni u shaxsan qaysar Frenkiga “parovozcha” qo‘yganida ko‘pchilikning ko‘nglidan bir fikr o‘tdi: bu yaxshilikka olib kelmaydi.


...Qaysar Frenki Bruklinda yashaydi, u bu yerda anchagina hurmatli odam. Har qalay unga bunaqa hazillarni qilish to‘g‘ri kelmaydi. Buning ustiga Frenkida hazil tuyg‘usidan asar ham yo‘q, uning kulganini hali hech kim eshitmagan. Frenki Brodveyda bronkslik allaqanday kishilar bilan gaplashib turganida Jo unga “parovozcha” uyushtirdi. Albatta u kulgani yo‘q, aksincha, Joga qahr bilan tikildi va italyanchalab nimadir dedi.


Qaysar Frenkining haqiqiy familiyasi italyancha, Ferochcho deganga o‘xshash bo‘lib, uni asli sitsiliyalik deb eshitgandim. U Bruklinda anchadan buyon yashaydi. Frenki ishni mayda sotuvchilikdan boshlagan bo‘lib, hozir yirik savdogarga aylangandi. Uning yoshi o‘ttizdan o‘tgan, sochlari qop-qora, nigohi kishiga o‘tkir boqardi.


Hech kim u haqda bundan ortiq narsa bilmaydi.


Jo unga hazil qilganida men g‘alati bo‘lib ketdim. Nazarimda, Frenki bu hazilni haqorat deb tushungan va butun Garlemdagilarga o‘chakishib qolgandi. Joga haddidan oshib ketganligini aytishganida esa u kulib qo‘ygandi, xolos. Frenkida hazil tuyg‘usining yo‘qligi Joning aybi emas ekan. U qulay payt kelsa bu hazilini yana takrorlashini ham qistirib o‘tgandi...


Men haq bo‘lib chiqdim: yonimda hazilkash Jo turar va qornini changallagancha kulardi. Eng yomoni, unga qo‘shilib bir guruh bekorchilar ham kulishar, Jo atrofda hech kim yo‘qligida hazil qilmasdi.


U bilan ko‘rishgani qo‘l uzatdim. Shu zahoti yana gumburlagan kulgi ovozlari yangradi, Joning men bilan so‘rashgan qo‘lida yumshoq va yopishqoq pishloq bo‘lagi bor ekan.


O‘lganimning kunidan iljaydim. Jo qo‘lidagi pishloq qoldig‘ini restoran burchagida turgan mashina oynasiga artganida esa chin ko‘ngildan xoxoladim.

Jodan akasi ikkoviga tegishli pivoxonada ishlar qanday ketayotganligini so‘radim. U ishlar joyida ekanligini aytdi. Keyin esa uning xotini va mening eski tanishim Roza haqida so‘radim: uni “Xot Boks” barida qo‘shiq aytgan paytidan beri bilardim.

Roza haqidagi savolimni eshitgan Jo xitob qildi:

– Bergan savolingni qara-yu! Eshitmadingmi? U meni tashlab qaysar Frenki bilan topishib olganiga ikki oy bo‘ldi. Hozir u Bruklinda, Frenkiga yaqin joyda yashayapti.

Shu payt u qornini changallagancha kula boshladi. Nihoyat u kulgidan to‘xtadi va men undan buning nimasi kulgili ekanini so‘radim.

– Nega kulgili bo‘lmasin, – dedi Jo. – Bu makaronchi Rozaga qancha pul sarflashi kerakligini bilganida qanaqa ahvolga tushishini tasavvur qilyapman. To‘g‘ri, Frenkining Bruklinda biznesi bor, ammo Roza uni tashlab ketmasligi uchun ancha pul sarflashiga to‘g‘ri keladi.

U shunday vaziyatda ham hazil tuyg‘usini yo‘qotmaganligi meni hayron qoldirdi. Ma’lum bo‘lishicha, qaysar Frenki Rozani u erga tegishidan oldin ham yaxshi tanigan. U tez-tez “Xot Boks” bariga kelib turgan va hatto Roza erga tegganidan keyin ham u bilan ba’zan uchrashib turgan. Frenkining biznesdagi ishlari yurishib ketgach esa ular kunora ko‘risha boshlashgan. Jo albatta bu haqda bilmagan. Uning o‘sha paytlarda ishi orqaga ketgan va xotiniga u xohlagan hamma narsani sotib olib berishga qurbi yetmagan.

Roza esa o‘zi xohlagan narsani olib bermagan erkaklarga toqat qilolmaydi.

Jo qaysar Frenkiga qo‘pol hazil qiladi, Frenki esa Rozani Bruklinga olib ketadi.

Report Page