“Hayrat ul-Abror” dostoni Akrom Malik talqinida
https://t.me/natlibuz2021-yil 11-avgust kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida hazrat Alisher Navoiy qalamiga mansub “Hayrat ul-Abror” dostoniga Akrom Malik tomonidan yozilgan sharhning 2-kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Onlayn va oflayn tarzda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Alisher Navoiy asarlari va o‘zbek adabiyoti ixlosmandlari ishtirok etdilar.
Taqdimotda Alisher Navoiyning “Hayrat ul-Abror” dostonining mazmuni-mohiyati, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati, g‘oyalarining talqini va uning o‘rganilganlik darajasi haqida so‘z bordi.
Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjidi imomi Hasanxon qori Yahyoev madrassalarda islomiy ilmni ma'lum darajada o‘rganmaguncha Navoiy ijodining o‘rganilmasligini, Alisher Navoiyning qalbiga yaqinlashish uchun uning qalbiga monand qalbga ega bo‘lishga intilish kerakligini aytar ekan, mazkur kitobdagi sharhlar uning so‘zlarining salmog‘ini ochib berishga yordam berishini ta'kidladi. “Akrom Malik tomonidan yozilgan sharhlar bizga Navoiyni anglashga yordam beradi. U zotni anglaganimiz sari esa biz o‘zimizni anglaymiz, bu esa xalqimizning yuksalib borishiga olib keladi”.
Filologiya fanlari nomzodi Zuhriddin Isomiddinov kitobning tuzilishini alohida e'tirof etar ekan, dedi: “Bu kitobda avval sharhlar, keyin nasriy bayonlar berilgan, keyingina dostonga murojaat qilingan. Navoiyni butun xalqimiz birgalishib o‘rganishimiz kerak. Chunki Navoiy faqatgina adabiyotshunoslik qobig‘ida o‘rganish kamlik qiladi. Navoiy turkiy she'riyatining ma'nolar otasi deb tan olingan. Chunki uning har bir so‘zidan ko‘plab ma'no anglashiladi”.
Filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshev mazkur sharh kitobining adabiyotshunoslar, tilshunoslar, qolaversa Navoiy she'riyati shaydolari uchun amaliy qiymatini yuksak baholab: “Akrom Malik juda katta ishga qo‘l urdi. Adabiyotshunoslikning masalalari ilohiy ma'noni ifodalash emas, ilohiy ma'noni go‘zal ifodalashdadir. “Hayrat ul-Abror” dostoniga yozilgan sharhning 1-kitobi nashrdan chiqqach uning Navoiyni tushunishda o‘quvchilarimizni qalbini ochishga yordam berayotganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Bu kitob ham, ayni kunlarda yozilayotgan 3- kitob ham halqimiz tomonidan huddi shunday iliq qabul qilinishi shubhasizdir”, - dedi.
Kitob muallifi Akrom Malik kitobning yaratilishi davrida foydalanilgan ilmiy manbalar, adabiyotlar, faksimilelar haqida ma'lumot berdi. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” deb nom tanlashi, aslida abror so‘zining asarda foydalanilmasligi Navoiyning aynan shu asariga sharhlar yozishga undagan omillarni aytib o‘tdi. “Biz hayratlanmay qo‘ydik, hayratlarimizni yo‘qotib qo‘ydik. Toki hayratlanar ekanmiz, biz Ollohga istig‘for aytamiz. Xazrati Navoiy bizga shularni qaytarishga yordam beradi. Navoiyning asralari bir biri bilan bog‘lik, uning sharhlari o‘zida berilgan. Bir asarini tugatib topa olmagan yechimingizni keyingi asarida albatta topasiz. Uning barcha asarlarini o‘qimas ekansiz uning g‘oyasini tushunmaysiz”, - deya 18 maqolatda keltirilgan “falak g‘amxonasi” tushunchasining ifodalanishini misol tariqasida keltirdi.
Ayni paytda Akrom Malik “Hayrat ul-abror” dostoni sharhining 3-kitobi ustida ish olib bormoqda. Sharhning 1-kitobi 2021-yilning fevral' oyida, 2-kitobi esa iyul' oyining boshida “Tamaddun” nashriyotida nashrdan chiqdi. Ushbu kitoblar asosida video darslik tayyorlash loyihasini ham boshlagan. AzonTV bilan hamkorlikda sharhning 1-kitobi to‘liq video suhbat shaklida suratga olingan.