Hasan Basriy – Ahmad Muhammad Tursun

Hasan Basriy – Ahmad Muhammad Tursun

ℳ . Ulug'bekovna


... uning ichi bilan tashi, soʻzi bilan amali bir xil. Yaxshilikka buyursa oʻzi shunga eng amal qiluvchi, yomonlikdan qaytarsa, oʻzi shundan eng qaytuvchidir.


Ahmad Muhammad Tursun muallifligida "Dunyoni tebratgan buyuklar" turkumidan Hasan Basriy rahmatullohi alayh hayotlari haqida yoritilgan kitobni yakunladim.

Hasan Basriy nomi bilan dunyoda mashhur boʻlgan Abu Said Hasan ibn Abul Hasan ibn Yassor Basriy eng atoqli tobe'inlardan boʻlgan.

Otasi Abul Hasan Yasor forslardan boʻlib, janglardan birida asir tushgan va qul qilib sotilgan. Uni Madinaga olib kelishganidan keyin ozod qilinadi. U atoqli sahobiy, vahiy kotibi Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning xonadonida yashadi. Yasor Madinada xalifa Umar roziyallohu anhu davrida Paygʻambarimizning pokiza zavjalari Ummu Salama onamizning ozod qilgan choʻrilari Xoyra ismli ayolga uylanadi. Xalifa Umar ibn Hattob vafotlaridan 2 yil oldin hijriy 21(milodiy 642) yil Yasor va Xoyra farzand koʻradilar va chaqaloqga Hasan deb nom beradilar.

Moʻminlar onasi Ummu Salama sobiq choʻrilari Xoyrani juda eʼzozlar, koʻngillariga yaqin olar edilar. Bolaning tugʻilishi haqida goʻzal rivoyat keltiriladi: "Onamiz Ummu Salama roziyallohu anhoning huzuriga bir xushxabarchi kelib, ulardan:

–Xoyra ismli ozod qilingan choʻringiz oʻgʻil koʻrdi! - deb suyunchi oldi.

Ummu Salama roziyallohu anhoning qalblarini quvonch sururi egalladi, yuzlarini sevinch nurlari qopladi. Xizmatchilarini Xoyraning oldiga yuborib: Xoyra va chaqalogʻini olib kelgin! - deb tayinladilar. Onamiz Ummu Salama roziyallohu anho endigina dunyoga kelgan chaqaloqni koʻrishga oshiqayotgan edilar. Bolaning bu xonadonda tugʻilishining oʻzi katta baxt, ulkan saodat edi.

Keyinchalik Hasan Basriy nomi bilan olamga tanilgan Hasan ibn Yasor Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylaridan birida ulgʻaydi. Paygʻambarimiz alayhissalomning zavjai mutohharalaridan biri Ummu Salama onamizning tarbiyalarini oldi. Saodatmand Hasan Ummu Salama roziyallohu anhoga har jihatdan mustahkam bogʻlangan, bu ayol unga hatto sut ona ham hisoblanardi. Hasan nubuvvat xushboʻyliklari bilan muattar boʻlgan, uning nuri bilan jilvalangan muhitda hayot kechirib ulgʻaydi. Ummu Salama roziyallohu anho bolaligida Hasanning haqqiga: "Ey Alloh, Hasanni din imomi qilgil, ummat unga ergashib yursin" deb duo qilgan edilar. U zotning duolari ijobat boʻldi, Hasan Basriy Islom ummatining taniqli imomlaridan boʻldi. Yetmish yil mobaynida biror yerga tahoratsiz qadam bosmadi. Zuhdu taqvosi, parhezkorligi bilan boshqa odamlardan ajralib turdi.

Hasanning ilm olishi va tarbiyasi ulugʻ sahobiylar, toʻgʻri yoʻldagi halifalarning nazoratida va koʻz oʻngida davom etdi. U Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abu Muso Ash'ariy, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Anas ibn Molik, Jobir ibn Abdulloh kabi ulugʻ sahobalardan ilm oʻrgandi, ulardan rivoyat qildi. Ayniqsa, moʻminlar amiri Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qattiq muhabbat qoʻydi. U kishining dindagi salobati, ibodatdagi ehsoni va dunyo zebu ziynatlariga zohidligi Hasanni qoyil qoldirdi... U zotning ibodat va taqvodagi xulqlari bilan xulqlandi, fasohat va bayondagi yoʻllarida u kishiga ergashdi. Shunday qilib, hazrati Alining nazoratlarida voyaga yetdi, ulugʻ mujtahid boʻlib yetishdi. 657 yildan boshlab Basrada yashadi. 663-665 yillarda hozirgi Afgʻoniston yerlari fathida ishtirok etdi, Fors diyori uchun janglarda qatnashdi. Xuroson voliyi Raba ibn Ziyodning kotibi ham boʻlgan. Hajjoj ibn Yusuf Iroq hukmdori boʻlganida Qurʼonga harakat belgilarini qoʻyishda qatnashgan. Xalifa Umar ibn Abdulaziz uni Basra qoziligiga tayinlagan. Imom Gʻazzoliy uning mashhur olim, faqih, obid, fasih,notiq tom maʼnodagi donishmand boʻlganini yozadi. Koʻp yillar Basrada yashab, hijriy 110(milodiy 728) yili vafot etgan va oʻsha yerda dafn etilgan.

Hasan Basriyning javomi'ul-kalim, yaʼni qisqa soʻz bilan katta maʼnolarni ifoda qiluvchi purmaʼno hikmatlari hozirgacha musulmonlarni Allohning maʼrifatiga va taqvoga chorlash, yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish, dunyo va oxirat masalasini toʻgʻri anglash kabi ishlarda katta dasturilamal xizmatini oʻtamoqda. Quyida donishmandning hikmatlaridan bir shingil:

"Sizlar xohlagancha ilm oʻrganaveringlar. Allohga qasamki, amal qilmaguningizcha Alloh sizlarga buning uchun ajr-mukofot bermaydi. Ahmoqlar himmati rivoyat qilish, ulamolar himmati rioya qilishdir."


"Bir kishining ilm oʻrganib, soʻng uni boshqalarga oʻrgatishi ham amal hisoblanadi."


"Agar moʻminning bir ehtiyoji boʻlsa va unga erishsa, Allohning berganini qabul qilib, Unga hamd aytadi. Agar unga muyassar boʻlmasa, tark etadi-da, oʻzini qiynalmaydi."


"Alloh bandadan voz kechganining alomati bandaning befoyda narsa bilan mashgʻul boʻlishidir."


"Dinda sen bilan musobaqalashadigan kishi bilan musobaqalash, dunyoingda sen bilan musobqalashsa uni tark qil."


"Kishi gunoh qilar ekan, tungi namozdan mahrum boʻladi."

Xulosa:

"Axborot asri", "texnologiya zamoni", "vaqtning yetishmasligi" degan bahonalar bilan kitob oʻqishga toqat topolmay yurgan biz yoshlar oladigan maʼlumotlarimiz internatdagi, ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa va uzuq-yuluq xabar va dalillardan iborat xolos. Ayniqsa, qiziqishlarimiz va ilmiy bilimlarimiz tobora sayozlashib bormoqda. Bizning bilimdonlik doiramiz sport va sanʼat, ommaviy madaniyat chegaralidan nariga oʻtolmayapti. Oqibat ayanchli, natijalar xatarli. Bizlar esa xotirjammiz, goʻyo hech narsa boʻlmayotganday butun hayotimizni, vaqtimizni, aql-idrokimizni oʻrab-chirmab olgan qoʻl telefoniga yoki "oynai jahon"ga termilganimiz-termilgan...

Qaysidir sportchi yoki artistning tarjimai holiniyu nonushtaga nima yeyishigacha, xotini kimu qancha bolasi borligigacha qiziqib oʻrganamiz-u, ammo boy tarixiy merosimiz, muzaffar ajdodlarimizning hayotlarini oʻrganishga vaqt, imkon topolmaymiz, bulardan ibratlanmaymiz.


Mazhabboshimiz Abu Hanifa shunday deganlar: "Ulamolar hayoti haqidagi qissalar men uchun ayrim fiqhiy masalalardan koʻra suyukliroqdir. Chunki unda olimlar odobi va goʻzal xulqlari hikoya qilinadi."

"Qissalar tarbiya uchun eng qulay qoʻllanmadir. Bejizga Qurʼoni Karimning kattagina qismida oʻtgan paygʻambarlar va ularning qavmlarining, oʻtmishda yashab oʻtgan xalqlarning qissalarining bayoni kelmagan. Qissa orqali buyruq feʼlini ishlatmay ibodatga, yaxshilikka buyurish mumkin, nahiy lafzini keltirmay koʻp yomonliklardan qaytarish mumkin.

Siz ham dunyo ajoyibotlari haqidagi qissalar mutolaasini boshlang, jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuklarning hayot yoʻllari bilan tanishing,ulardan ibrat oling! Bu dunyo va oxiratingizga ulkan foyda, jamiyatda oʻrningizni topishingizga sabab boʻlishiga aslo shubha qilmaymiz!

© Ahmad Muhammad Tursun

Report Page