Harvard Radcliffe Fellowship Program: AQSHda 9 oylik amaliyot dasturi; yillik stipendiya – 78 ming dollar!

Qayerda: AQSH
Kim uchun: Turli sohalar vakillari uchun
Ariza topshirish muhlati: 2021-yilning 30-sentyabrigacha
Asosiy maʼlumot
AQSHda joylashgan mashhur Garvard universiteti tarkibidagi Harvard Radcliffe instituti turli soha vakillari uchun Harvard Radcliffe Fellowship dasturini taklif qiladi. Dasturga har yili 50 nafar nomzod qabul qilinadi va ular 2 yoki 3 kishilik guruhlarga boʻlinib, guruhda bir xil loyiha ustida ish olib boradi.
Dastur 9 oy davom etadi. Hozirda 2022-yilning 1-sentyabrida 23-yilning 31-mayigacha davom etadigan dasturga arizalar qabul qilinmoqda.
Dastur 4 ta asosiy yoʻnalishda tadqiqot/ish olib borishga moʻljallangan:
- Gumanitar va ijtimoiy fanlar.
- Ilm-fan, muhandislik va matematika.
- Ijodiy sanʼat (bunga jurnalistika, sheʼriyat, badiiy va badiiy boʻlmagan adabiyot, film va video, vizual sanʼat, dramaturgiya, musiqa bastalash sohalari kiradi).
- Amaliyotchilar.
Dasturning manfaatli jihatlari
Dasturga qabul qilinganlar quyidagi imtiyozlar bilan taʼminlanadi:
- 9 oy uchun 78 ming AQSH dollari stipendiya beriladi.
- Loyiha xarajatlari uchun 5000 AQSH dollari taqdim etiladi.
- Turar joy, koʻchish, oila aʼzolari uchun ham qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishi mumkin.
Dastur taqdim etuvchi iqtisodiy imtiyozlar bilan batafsil BU YERDA tanishing.
Talablar
Nomzod qaysi sohada faoliyat yuritishidan qatʼi nazar, ushbu dasturga ariza topshirishi mumkin. Nomzodlarni saralashda nomzod topshirgan kategoriya boʻyicha u erishgan yutuqlar hisobga olinadi.
Nomzodlar dasturda qatnashish uchun ingliz tilini yetarli darajada bilishi kerak.
Istalgan davlat fuqarolari dasturga topshira oladi.
Shuningdek, har bir kategoriya boʻyicha nomzodga qoʻyilgan alohida talablar mavjud, ular bilan batafsil BU YERDA tanishing.
Hujjat topshirish jarayoni
Dastur katgoriyalari boʻyicha arizalar qabul qilish muhlati quyidagicha:
- Gumanitar va ijtimoiy fanlar, Ijodiy sanʼat kategoriyalari uchun 2021-yilning 9-sentyabrigacha;
- Ilm-fan, muhandislik va matematika kategoriyalari uchun 2021-yilning 30-sentyabrigacha arizalar qabul qilinadi.
Dasturga ariza topshirish uchun dastlab dastur saytida roʻyxatdan oʻtish lozim. Shundan soʻng soʻralgan maʼlumotlar va hujjatlar onlayn ariza shakliga yoziladi/yuklanadi.
Har bir kategoriya boʻyicha alohida talablar va alohida topshirilishi lozim boʻlgan hujjatlar toʻplami mavjud. Ular bilan BU YERDA batafsil tanishing.
Kanalimizga obuna boʻling: @Grantlar