Harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalari g‘oliblari taqdirlandi

Harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalari g‘oliblari taqdirlandi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Mudofaa vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar o‘rtasida "Mudofaa vazirligi kubogi uchun” harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalari o‘tkazildi.

23-avgust kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida musobaqa g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.



Musobaqa Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyalari hamkorligida uch bosqichda tashkil etildi.

Yakuniy bosqichda 14 jamoa “Mardlar safidaman!” shiori ostidagi harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar tanlovi, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Arqon tortish” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari bo‘yicha bellashdi.


“Harbiylashtirilgan estafeta”da Andijon viloyati yoshlari tengsiz natijani qayd etgan bo‘lsa, “Arqon tortish”da Qashqadaryo yoshlari barcha raqiblaridan ustun keldi. “Zakovat” intellektual o‘yinida esa Sirdaryo va Qoraqalpog‘iston yoshlari bilimdonlik qildi. 

Musobaqaning tantanali yopilish marosimiga mudofaa vaziri o‘rinbosari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar va poytaxtimiz yoshlari tashrif buyurdi. 


Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlaridan tashkil topgan jamoa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Undan keyingi o‘rin Navoiy viloyati yoshlariga nasib etgan bo‘lsa, kuchli uchlikka Sirdaryo jamoasi yakun yasadi.

G‘oliblarga Mudofaa vazirligi kubogi, diplom va medallar, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.



Report Page