Har sohada ilg‘or Samarqand

Har sohada ilg‘or Samarqand


Samarqand viloyatida bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan ham tanishdi.

Aytish kerakki, O‘zbekistonda uzumning ho‘l meva va quritilgan ko‘rinishda (mayiz) hamda uzum vinosini eksport qilish imkoniyatlari juda keng. Respublika hududida uzumchilik sanoatini rivojlantirish uchun Buxoro, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari iqlimi juda qulay hisoblanadi.

Bugungi kunda har sohada ilg‘orlik qilib kelayotgan 119,9 gektar maydonga ega “Navobod Naslli Parranda” fermer xo‘jaligi o‘z navbatida uzum yetishtirish, uzumni quritish, qadoqlash va eksport qilish bilan bir qatorda naslli parrandachilik, parranda ozuqasini ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ygan.

Korxona o‘z mahsulotlarini Rossiya, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston va Saudiya Arabistoni kabi xorijiy davlatlarga eksport qilish bilan bir qatorda va ichki bozorga ham chiqaradi. Xususan, korxona joriy yilning iyul oyi holatiga ko‘ra 5 mln. 164 ming 685 AQSH dollari miqdorida xorijga mahsulot eksport qilgan. Bugungi kunda fermer xo‘jaligida 200 nafardan ortiqdan ishchi va xodimlar faoliyat olib bormoqda.

Vazir korxona rahbarlari bilan o‘tkazgan muloqotida sohani yana-da rivojlantirish, kelgusida qilinajak ishlar va uning yechimlari borasida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Ayniqsa, parrandachilik sanoat usulida keng rivoj topayotgani, uning ozuqa bazasini mustahkamlash yo‘lida keng ko‘lamli izlanishlar olib borilayotganligi qayd etildi. Respublikada parranda go‘shti yetishtirish va tuxum ishlab chiqarish hajmlari muttasil oshib borayotgani buning yaqqol dalilidir. Bu borada tashabbus va takliflar, konstruktiv muloqot ruhi ustuvor bo‘lishi lozimligi bildirildi. Bu esa, O‘zbekistonni mazkur yo‘nalishda eksport salohiyatini yuksaltirishga zamin yaratadi.


Report Page