Har bahorda shu bular takror...

Har bahorda shu bular takror...


Bu yil qishimiz ham, bahorimiz ham, ko‘z tegmasin qor va yomg‘irlarga boy bo‘lmoqda. Bu albatta barcha yurtdoshlarimizni, ayniqsa, dehqonlarni xursand qiladi. Ammo bitta muammo bor, yomg‘irning ko‘p yog‘ishi eng katta shaharlarimiz bo‘lgan Toshkent va Samarqand ko‘chalarini suv bilan to‘ldiradi. 

Afsuski, bu holat har bahorda takrorlanib, juda katta noqulayliklarni yuzaga keltiradi. Mutasaddilardan yurtimizning eng yirik va turizm salohiyati yuqori bo‘lgan ushbu shaharlarda drinaj tizimini yaxshilashga jiddiy e’tibor qaratishlarini so‘raymiz. 

Aslida yomg‘ir-qor suvlaridan samarali foydalanishimiz kerak. Masalan, ekinlarni sug‘orish, baliqchilik, chorvachilik, maishiy xizmatlar, suzish havzalarini to‘ldirish, qurilish sanoati va boshqa turli xil maqsadlarda foydalanish imkoniyati bor.  

Buni quyidagilar bilan asoslaymiz:

1. Yomg‘ir-qor suvlarini qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun ishlatish mumkin. Olimlarning tavsiyalariga ko‘ra, ekinlarni sug‘orish uchun ishlatiladigan suvning muhiti pH o‘rtacha 6,5 dan 8,4 gacha bo‘lishi kerak. Yomg‘ir suvining muhiti pH 5,7-6,5 ga teng ya’ni neytralga juda yaqin bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda foydalanishimiz mumkin. Shuning uchun ham Suv xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari mamlakatimizdagi yomg‘ir-qor-sel suvlarini to‘playdigan “sel-suv omborlari” tashkil qilish mumkin bo‘lgan hududlarni aniqlash va suv zahralarini qilish choralarini ko‘rish kerak.

2. Baliqchilik xo‘jaliklarida foydalaniladigan suvning muhiti pH 5,0 dan 9,0 gacha bo‘lishi kerak. Undan oshsa yoki kamaysa baliqlar nobud bo‘ladi. Demak, yog‘in suvlarini ham baliqchilikga ham bemalol qo‘llashimiz mumkin.

3. Shu davrgacha ham chorvadorlarimiz chorva mollarini yomg‘ir suvidan hosil bo‘lgan ko‘lmaklar orqali sug‘orishgan. Yog‘in suvlari chorva mollari uchun xavfsiz va undan bemalol foydalanish mumkin.

4. Suzish havzalarida suv muhiti pH 5,2-7,8 gacha, umumiy ishqoriyligi 60 mg/l dan 150 mg/l gacha, umumiy qattiqligi va loyqaligi 150 mg/l dan 1000 mg/l gacha bo‘lishi kerak. Yomg‘ir suvidan olingan namunalarda esa umumiy ishqoriylik ko‘rsatkichlari 24 mg/l dan 36 mg/l gacha o‘zgarib turdi. Demak, tindirilgandan so‘ng yomg‘ir-qor suvlari bilan suzish havzalarini ham to‘ldirish mumkin deb hisoblaymiz.

5. Qurilish maydonlari uchun suv standartlari- temir-beton qorishmalari uchun 500 mg/l va oddiy beton qorishmasi uchun 2000 mg/l xlorid konsentratsiyasini talab qiladi. Yomg‘ir suvida esa xlorid qiymatlari nolga teng. Demak, yog‘in suvlari qurilish maqsadlari uchun mutlaqo xavfsiz. 

6. Filtrlangan va tozalangan yomg‘ir suvini sovutish tizimlarida, turli sanoat ishlab chiqarish jarayonlarida, sanitar-maishiy xizmat (hojatxonalar, yuvinish, avtomobillarni yuvish, kirlarni yuvish va x.k.z)larda to‘liq foydalanishimiz mumkin. Bu esa yirik shaharlarimizda toza ichimlik suvini isrofini keskin kamaytirishga olib keladi.

Bundan tashqari Toshkent, Samarqand, Namangan kabi yirik shaharlarda yomg‘ir suvini yig‘ish orqali har yili kuzatiladigan “shahar suv toshqinlari”ni oldini olish, tuproq eroziyasini to‘xtatish va suv havzalarini ifloslanishini kamaytirish imkoni tug‘iladi. 

Buning uchun yuqorida tavsiya etilgan yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlarini o‘rganish va joriy etish zarur. 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tegishli soha mutasaddilardan ushbu masalani bee’tibor qoldirmaslikka chaqiradi. Zero, bizni kelajakda suv taqchilligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar kutib turibdi. Bu kabi texnologiyalarni tezroq o‘zlashtirish va joriy etish talab etiladi. Bu bilan biz toza ichimlik suvini tejashga katta qadam tashlagan bo‘lamiz.



Report Page