Hamdardlik bildiramiz

Hamdardlik bildiramiz


O‘zbek shaxmati og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi asoschilaridan biri, shaxmat jonkuyari, yoshlarning sevimli ustozi Irkabayev Ahmadjon aka 73 yoshida vafot etdi.

Ahmadjon Irkabayev 1948-yilning 1-avgustida Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, Toshkent politexnika instituti, Moskva avtomobil yo‘llari instituti hamda Rossiya Ichki ishlar vazirligi akademiyalarida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida boshlab, keyinchalik Toshkent shahar davlat avtomobil inspeksiyasi va Ichki ishlar vazirligi davlat avtomobil nazorati inspeksiyasida mas’ul lavozimlarda ishlagan.

A.Irkabayev 1990-1996-yillarda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi prezidenti sifatida yurtimizda ushbu aql-idrok sporti rivojiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan.

U shaxmat bo‘yicha uch karra faxriylar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni hamda ko‘plab yosh va iqtidorli shaxmatchilarning ustozi sanaladi.

Turizm va sport vazirligi jamoasi Ahmadjon Irkabayevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Marhumning janozasi bugun, 23-noyabr kuni peshin namozidan keyin poytaxtimizdagi “Minor” jom’e masjidida bo‘lib o‘tadi.

Report Page