“Haj – 2024” mavsumi bo'yicha BRIFING 

“Haj – 2024” mavsumi bo'yicha BRIFING 


Mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda, xususan, haj va umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Fuqarolarimizning muqaddas ziyoratga boʻlgan ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirish maqsadida Rahbariyat koʻrsatmasi asosida haj va umra safarlarini tashkil etish mutlaqo yangi sifat bosqichga olib chiqildi.

Shuni alohida eʼtirof etish lozimki, soʻnggi yillarda Haj safari bilan bogʻliq tashkiliy va xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi ishlar tubdan yaxshilandi va takomillashtirildi.

Shu oʻrinda, “Haj-2024” mavsumi bilan bogʻliq muhim yangilik va maʼlumotlarga toʻxtalib oʻtsak:

Davlatimiz Rahbarining tashabbuslari bilan fuqarolarimizning haj ibodatlarini yuqori saviyada hamda tartibli tashkil etish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Avvallari haj kvotasi 5 200 nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda bu raqam 7 200 nafarni, 2022-yilda 12 000 nafarni, 2023-yilda esa 15 000 nafarni tashkil etdi.

Joriy yilda ham Oʻzbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 000 nafar etib belgilandi. 

Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi oʻlaroq haj safariga boruvchi fuqarolarimiz sonini keyingi yillarda bosqichma-bosqich oshirib borish rejalashtirilgan.  

“Haj-2024” mavsumiga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borib, ayni paytda Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda, shuningdek, Mino, Arafot, Muzdalifa manzillarida boʻlib, yurtdoshlarimiz uchun barcha sharoitlarni hozirlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar. 

Shuningdek, oʻzbekistonlik ziyoratchilar uchun ajratilgan mehmonxonalar shay holatga keltirilgan hamda yurtdoshlarimizni kutib olish boʻyicha barcha zaruriy ishlar amalga oshirildi.

Aziz yurtdoshlar!

Yurtimiz ziyoratchilari shu yilning 23-maydan 7-iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti: Toshkent, Namangan, Fargʻona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali hojilarni Madina shahriga yuborish hamda 22-iyundan 12-iyulga qadar Jidda shahridan Oʻzbekistonga olib kelish ishlari amalga oshiriladi.

Maʼlumot uchun, ziyoratchilarimiz Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasida, Makka shahrida esa “Abraj al-Dana”, “Al-Ayam Elite”, “Dali Hotel”, “Najma Al-Saad”, “Open Hotel”, “Shueae Nozha Hotel”, “Ayed Al-Saha” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar.

Haj mavsumida oʻzbekistonlik ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish, ibodatlarni emin-erkin hamda toʻla-toʻkis amalga oshirishlari uchun yuqori malakali Ishchi guruhi, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari jalb etiladi.

Aziz yurtdoshlar!

Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2024” vizasi boʻlishi shart.

Saudiya Arabistoni hukumati qolgan barcha turdagi vizalar - umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar bilan haj tadbirini amalga oshirishga qatʼiy yoʻl qoʻymasligini eslatib oʻtamiz.

Respublikamizda “Haj” tadbiri Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi 364-son “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻtkaziladi. Shunga koʻra, haj tadbirini tashkil etish vazifasi sayyohlik firmasi yoki turagentliklar vakolatiga kirmaydi.

Shunday ekan, turli aldov yoʻllari bilan hajga olib borishni vaʼda qilayotgan firibgarlarga ishonmaslikka chaqiramiz!

Muborak safarga otlanayotgan qadrli ziyoratchilar!

“Haj-2024” mavsumi namunali va tartibli, chiroyli va koʻngildagidek oʻtishini, safarlaringiz bexatar, ibodatlaringiz mukammal, duolaringiz mustajob boʻlishi, Ona vatanimizga sogʻ-salomat qaytib kelishingizni Yaratgandan soʻrab qolamiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Din ishlari boʻyicha qoʻmita Axborot xizmati

Report Page