Yanvar oyining birinchi yarmida davlat budjeti daromadlari yuzasidan ma’lumot

Yanvar oyining birinchi yarmida davlat budjeti daromadlari yuzasidan ma’lumot


Yanvar oyining birinchi yarmida davlat budjeti daromadlari o‘rtasidagi salbiy farq oyning birinchi haftasi davomida ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni to‘liq moliyalashtirish hamda yil boshida odatda budjet tushumlarining kam bo‘lishi bilan izohlanadi.

Ma’lumot uchun. Budjet kodeksiga muvofiq joriy moliya yilining muayyan davrida budjet tizimi budjetlari xarajatlarining daromadlaridan vaqtinchalik oshib ketishi vaqtinchalik kassa uzilishi deb ataladi.

Shu bilan birga, joriy yilning yanvar oyida mamlakatimizda havo haroratining keskin sovib ketishi hamda energiya resurslariga talabning keskin oshishi tufayli xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berishdagi uzilishlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmlariga salbiy ta’sir qildi.

Bu qariyb 30 ming tadbirkorlik subyektlarining soliq qarzdorligini 1,2 trln so‘mga o‘sishiga olib keldi va budjet tushumlarining to‘liq tushishiga salbiy ta’sir qildi.

Ushbu sharoitda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-fevraldagi PQ–43-son qarori bilan ularning soliq qarzdorliklari bo‘yicha penya hisoblashni to‘xtatish, soliq qarzdorliklarini bo‘lib to‘lash, moddiy javobgarliklarga tortmaslik, kredit to‘lov muddatlarini uzaytirish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirishga kredit olish shartlarini yengillashtirish kabi choralar belgilandi.

Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlik subyektlari faolligini qayta tiklashga va kelgusi oylarda budjet tushumlarini ko‘payishiga turtki bo‘ladi.

Shu bilan birga, 2023-yil uchun belgilangan daromadlar prognozini bajarilishini ta’minlash maqsadida, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Budjet daromadlari 2022-yilning yanvar oyida 13,4 trln. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil yanvarida 14,9 trln. so‘mni tashkil qildi. Soliq qarzdorligi oshmagan taqdirda daromadlar o‘sish sur’atining yuqoriroq bo‘lishi kutilgan.

Budjet taqchilligini yillik tasdiqlangan ko‘rsatkich doirasida bo‘lishini ta’minlash uchun, odatda, yil davomida soliq-budjet sohasida tegishli choralar ko‘riladi. Moliya yili ichida esa daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi tafovut o‘zgarib turishi mumkin.

Bugungi kunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan doimiy ravishda e’lon qilib boriladigan ma’lumotlar ro‘yxati, ularning davriy chop etishning aniq sanalari (iqtisodiy kalendar) ishlab chiqilmoqda va bu to‘g‘risida yaqin kunlarda rasmiy axborot beriladi.

Sizni qiziqtirgan savol va takliflar yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi doimo hamkorlik uchun tayyor ekanligini ma’lum qilamiz.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati


Report Page