HURMATLI ISTE’MOLCHILAR!

Oʼzbekistonda havo haroratining keskin pasayib borishi va yogʼingarchiliklarning yuzaga kelishi munosabati bilan tabiiy hamda suyultirilgan gaz isteʼmoli, isitish moslamalarining kundalik hayotda koʼproq foydalanilishi kutilmoqda.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida “Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali fuqarolardan gazdan foydalanishda gaz uskunalari, xususan, gaz plitalari, isitish pechlari, suv isitkichlari hamda tutun moʼrilarining texnik koʼrikdan oʼtkazilishini soʼraydi.
Shuni esda tutish kerakki, aholining is gazidan zaharlanishi, yongʼinlarning paydo boʼlishi, gaz havo aralashmasi chaqnashi va shunga oʼxshash boshqa hodisalar bilan bogʼliq favqulodda vaziyatlar koʼpincha qoʼlbola yasalgan uy ichi gaz jihozlari (pech, burjuyka, sandal)dan yuzaga kelmoqda. Shuning uchun binolarning havo almashinuvi (ventilyatsiya)dagi buzilishlarning oldini olishga eʼtibor qaratishingizni soʼraymiz.
Hurmatli isteʼmolchilar, isitish moslamalarini ishlatishda ehtiyot boʼlib, gaz uskunalaridan, roʼzgʼorda gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya eting.
Gaz taʼminoti bilan bogʼliq muammolar yuzaga kelsa 104 avariya-dispetcherlik xizmatiga, shuningdek, tuman, shahar va viloyat gaz taʼminoti boʼlimlarining telefon raqamlariga murojaat qiling.
✍️ “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati