HUMOYUNGA HAVASIM KELDI
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘n ikki yoshida podsholik taxtiga o‘tirgan, yurtni boshqargan. Tarix zarvaraqlarida ajdodlarimiz bilan bog‘liq bunday faktlar talaygina. Ammo biz qachongacha ular bilangina faxrlanib yuramiz? Bugungi kunimizning qahramonlari, ilmda peshqadamlarini ko‘proq kashf qilish va ularni alqash ma’naviy burchimiz emasmi?
Bu savolga javobni uzoqdan izlash shart emas. Buxoro viloyatining Jondor tumanida Ilyos Eshmurodov degan ijodkor bor. Aka nasrda qalam tebratadi. Uning sevimli nevarasi Humoyun Ilyosov esa tuman markazidagi “Qaldirg‘och” maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyalanuvchisi. Olti yoshda. Bolada ajdodlarimizga xos bir favqulodda iste’dod bor.
Humoyunning ustozI Kumushoy Ibodullayeva shogirdining matematika faniga bo‘lgan muhabbatini erta aniqladi. Uni besh oy davomida “Mental arifmetika” bo‘yicha shug‘ullantirdi. Bolajonning tirishqoqligi, favqulodda iste’dodiga qoyil qolib, uni turli tanlovlarga jalb qildi. Natija esa kutgandek bo‘lib chiqdi. Yosh matematik “Mental arifmetika” bo‘yicha yosh toifasida yurtimizda tengsiz deb topildi. Shogirdining ilmiga ishongan ustoz uni xalqaro tanlov sari yo‘naltirdi.
– Humoyun shogirdlarim orasida eng tirishqoq va qobiliyatlisi, – deydi Kumushoy mehnatlari besamar ketmayotganidan xursand bo‘lib. – Yaqinda u Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tashkil qilingan xalqaro “Fuzuliy olimpiadasi”da qatnashib, tengdoshlari orasida 1-o‘rinni oldi. Agar shu maromda shug‘ullansak, keyingi – Turkiya, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda o‘tkaziladigan tanlovlarda ham faxrli o‘rinlarni olishiga ishonaman. Shogirdimning kelajagidan umidim katta.
DMTT rahbariyati imkoniyatidan kelib chiqib, bolajonni taqdirladi. Unga tantanali ravishda elektro samokat sovg‘a qilishdi. Bugun Humoyunning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortgan. Biz uning orzusi bilan qiziqdik.
– Jonu dilim – matematika, – deydi beg‘uborgina bolajon. – Asosiy orzuim – kelajakda mohir shifokor bo‘lib, bemorlarga sidqidildan yordam berish. Bu uchun ko‘proq o‘qib-o‘rganishim kerakligini bilaman. Shu bois izlanishdan to‘xtamayman.
Biz Humoyun orzusiga erishishiga ishonamiz. Ammo bir faylasufning aytishiga ko‘ra: “Iste’dodsiz bola yo‘q. Iste’dodi yuzaga chiqmagan bolalargina bo‘lishi mumkin”. Shunday ekan, iste’dodlarni kashf qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ri yo‘naltirish o‘zbekman degan insonning ma’naviy, insoniy burchidir...
Obid QO‘LDOSh