“HUDUDGAZ ANDIJON” GAZ TA'MINOTI FILIALI RASMIY MUNOSABATI

“HUDUDGAZ ANDIJON” GAZ TA'MINOTI FILIALI RASMIY MUNOSABATI


Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijonlik akamiz yorildi”sarlavhali videomurojaat tarqalgan edi. Unda Asaka tumani Marg‘iloniy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarda tabiiy gaz ta'minoti yo‘qligi haqida fikr bildirilgan. Mazkur murojaat yuzasidan “Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati quyidagilarni ma'lum qiladi. 

Asaka tumani “Ulug‘bek” MFY o‘ramidagi Marg‘iloniy ko‘chasida joylashgan 57 “A”- sonli ko‘p qavatli uy “Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filialining “Asakatumangaz” gaz ta'minoti bo‘limi tomonidan tabiiy gaz bilan ta'minlanadi. Ushbu uyda istiqomat qiluvchilar “Asaka” avtomatik gaz taqsimlash shoxobchasi (AGTSh)ning 2-tarmog‘idagi eng so‘nggi nuqtasida joylashgan foydalanuvchilar hisoblanadi. Tarmoqning so‘nggi 11-kilometrida joylashgan ushbu uyda o‘zidan oldingi xonadonlarning noqonuniy gazso‘rg‘ichlar qo‘yishi natijasida tabiiy gaz ta'minotida uzilishlar bo‘lgan. 

O‘rganish davomida filialning “Asakatumangaz” gaz ta'minoti bo‘limi rahbari Jahongir Qosimov ko‘p qavatli uyning 14-xonadonida istiqomat qiluvchi Dilshodbek Madrahimov (videolavhada murojaat bilan chiqqan shaxs)bilan uchrashdi. Suhbat mobaynida iste'molchidan vaqtinchalik yetkazilgan noqulaylik uchun uzr so‘raldi. Marg‘iloniy ko‘chasida joylashgan barcha ko‘p qavatli uylardagi gaz ta'minotini yaxshilash uchun filial tomonidan belgilangan rejalar haqida ma'lumot berildi.  

Shu kunning o‘zidayoq “Asakatumangaz” gaz ta'minoti bo‘limi xodimlari tomonidan noqonuniy gazso‘rg‘ichlarga qarshi reyd o‘tkazilib, mavjudlari bartaraf etildi. Tarmoqda rejim-sozlash ishlari olib borilgani tufayli Marg‘iloniy ko‘chasidagi 57 “A”- sonli uyda gaz ta'minoti qoniqarli holga keltirildi. Barcha xonadonlarda tabiiy gaz bir me'yorda yonmoqda va kelgusida ham ushbu xonadonlarda ta'minotning bir maromda bo‘lishini tumangaz filiali o‘z nazoratiga oladi.


 “Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati



Report Page