“HAYOT YO‘LIDA BIRINCHI MASALA – MAKTAB MASALASIDIR”

“HAYOT YO‘LIDA BIRINCHI MASALA – MAKTAB MASALASIDIR”

Dilshod IBODULLAYEV tayyorladi

“Zamonaviy ustoz” gazetasi


Abdurauf Fitrat shonli tariximizda shoir va olim, nosir va dramaturg, o‘qituvchi va ma’rifatparvar sifatida muhim o‘ringa ega. U 1886-yilda Buxoroda ziyoli oilasida tug‘ilgan, Buxoro, Istanbul madrasalari va dorilfununlarida o‘qigan. Arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli nafaqat Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi o‘zlashtirgan, balki o‘z davrining zamonaviy maorif qoida va usullarini ham yaratgan. Adibning otasi savdo bilan shug‘ullangan bo‘lib, 1918-yilgacha Qoshg‘arda yashagan. U asosan onasi Mustafo bibi (Bibijon) tarbiyasida bo‘lib, ilk marta undan Navoiy, Uvaysiy, Zebuniso, Bedil, Fuzuliy kabi ulkan shoirlarning g‘azallarini tinglagan. Fitrat 1909-yilda Turkiyaga o‘qishga borgan va 1913-yilgacha Istanbul oliygohida tahsil olgan. Shuningdek, Turkiyada tashkil etilgan “Buxoro ta’limi maorifi” uyushmasida faollik ko‘rsatgan va Behbudiy asos solgan jadid usulidagi maktablar takomiliga ham hissa qo‘shgan.

Uning ilk to‘plami 1911-yilda “Sayha” (“Chorlov”) nomi bilan chop etiladi. “Sayyohi hindi”, “Munozara” kabi asarlari ham shu yillarda nashr etilgan. 1909 – 1913-yillarda Turkiya oliygohida o‘qir ekan, uning bilimdonligi professor-o‘qituvchlarni hayratga soladi. Unga Fitrat – donishmand taxallusini beradilar. Fitratning faoliyati Turkistonda inqilobiy harakatlar kuchaygan, “Sharq uyg‘ongan” davrlarga to‘gri kelgan. U ham o‘z hamfikrlari kabi, avvalo, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari suradi. Uning 1913-yilda fors tilida yozilgan “Munozara” nomli asarida o‘z xalqini zulm botqog‘idan qutqarish uchun “najot yo‘li”ni izlaganligi seziladi. Bu davrda yevropa xalqlari tili va madaniyatini targ‘ib qilish ham Fitrat ma’rifatparvarligi yo‘nalishining muhim tarmog‘i bo‘lgan. Bunday qarashlar uning o‘zi tashkil etgan va muharrirlik qilgan “Hurriyat” gazetasida keng targ‘ib etiladi. Xuddi shu yillarda Fitrat “Hayot yo‘lida birinchi masala – maktab masalasidir” (“Hurriyat”, 1917-yil, 1-son) degan shior bilan chiqadi. U “Hurriyat” (1917-yil, 31-son) gazetasida bosilgan “Yurt qayg‘usi” nomli lavhasida Turkiston uchun, uning ayollari ozodligi uchun kurashga bel bog‘laganligini ta’kidlab: “Men sen uchun tug‘ildim, sen uchun yasharman, sening uchun o‘larman, ey turkiyning muqaddas o‘chog‘i!” – deb yozadi. Shuningdek, “Ulug‘ Turkiston” (1917, 2-son) gazetasida “Yashasin turklik, yashasin Islom” shiori bilan chiqish qiladi.

Uning “Qiyomat”, “Shaytonning tangriga isyoni” kabi nasriy asarlarida endi ijodkor falsafasining chuqurlashganligi, katta ijtimoiy-hayotiy muammolarni hal etishga intilishi ko‘zga tashlanadi.

Fitrat olim, ulkan pedagog, xalq maorifi tashkilotchisi sifatida ham faol ishladi. 1921 – 1923-yillarda u Respublika Maorif xalq noziri bo‘lib xizmat qildi. 1923 – 1924-yillar orasida Moskvadagi Sharq tillari institutida, so‘ng Peterburg oliygohida ma’ruza o‘qidi. Uning “O‘zbek tili” darsligi, “O‘zbek tili sarfi” (grammatikasi) kitoblari esa 1925 – 1930-yillarda besh marta chop etildi. U “Tilimiz”, “O‘zbekcha til saboqlari”, “Imlo konferensiyasi munosabati bilan” nomli qator maqolalar ham yozgan. Fitrat ana shu ishlari uchun o‘zbek ziyolilari orasida birinchilardan bo‘lib professor degan yuksak ilmiy unvonga sazovor bo‘lgan. Fitrat 1938-yil 4-oktyabrda qatl etildi. Faqat 1956-yilga kelib, u oqlandi. Yana 35 yildan so‘nggina, mustaqillik davri sharofati bilan, u haqidagi haqiqatni aytish va yozish imkoniyati tug‘ildi. Abdurauf Fitrat hayoti va adabiy-ma’rifatchilik faoliyati ziddiyatlarga o‘ta boyligi bilan ajralib turadi. 1991-yil 25-sentabrda Abdurauf Fitratga o‘zbek dramaturgiyasini rivojlantirishdagi, realistik adabiy tanqidchilik hamda adabiyotshunoslik maktabiga asos solishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti hamda “Mustaqillik” ordeni berildi. Toshkent va Buxoroda Fitrat nomidagi ko‘chalar, maktablar ochildi. Buxoro shahrida Fitrat bog‘i va uy-muzeyi tashkil qilindi (1996). Buxoro shahrida Fitrat haykali o‘rnatildi. 1996-yilda Fitrat tavalludining 110-yilligi mamlakat miqyosida nishonlandi hamda “O‘zbekiston pochtasi” tomonidan Fitratga bag‘ishlangan pochta markalari chiqarildi.


Report Page