HAMMA O‘QISHI SHART № 7

HAMMA O‘QISHI SHART № 7

"FARZANDIMGA MAKTUB"

Salom farzandim. Bugun senga maktub yozmoqdaman. Ushbu maktubim orqali senga hayotimdagi xatoliklarni qaytarmasliging, erishgan yutuqlarimni mendanda tezroq erishishing, eng muhimi hayotning har qanday sinovlarida ham insonligingni saqlab qolishing uchun senga yozmoqdaman.

Sen dunyoga kelganingda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor o‘zing mustaqil qadam bosganingda, tilingda chuchuklanib dada so‘zini aytganingda, o‘zing mustaqil ravishda telefon raqamimni terib "qachon ishdan kelasiz" deganing kechagiday mening yodimda. O‘shanda mendanda baxtli inson yo‘q edi. 

Farzandim ushbu maktubni yozishimning asosiy sabablaridan yana biri, bugungi tez o‘zgaruvchan, texnlogiyalar kun sayin emas balki soniya sayin o‘zgarib borayotgan bir davrda sening kelajaging va qanday ertangi kunga tayyor bo‘lishing haqida yozdim. 

Kechagi bergan savoling, ya’ni "Dada televizorda ko‘rdim, 2030 yilga borib robotlar odamlarning o‘rnini egallar ekan, 700 million inson ish o‘rinlarini robotlarga topshirar ekan. Men unda ayni 21 yoshga to‘lgan, endi universitetni tamomlagan bo‘laman ekan. Nima men ishsiz qolamanmi?" degan savoling meni kechasi bilan uxlatmay ushbu xatimni yozishga majbur qildi.

Farzandim dunyoda faqat ota-ona farzandi uchun hech ikkilanmay, bir soniya ham o‘ylamasdan jonini fido qila oladigan mavjudot hisoblanadi. Misol uchun buyuk shox, sarkarda Bobur Mirzo shuncha farzandi va davlati bo‘lib, farzandi Humoyunning dardini Ollohdan o‘ziga so‘raydi. Ota-ona shu fazilati bilan ham balki jannat ularning oyog‘i ostidadir. Hech bir ota-ona farzandiga aslo yomonlikni ravo ko‘rmaydi, o‘zi boshidan kechirgan qiynchilikni u ham bosib o‘tishini aslo xoxlamaydi. 

Farzandim 2030 yilga kelib agar sen ishsiz qolishni, ushbu texnologiyalar rivojlangan zamonda insoniyligingni yo‘qotishni xoxlamasang, ota-onangni duosini olib jannati bo‘lishni istasang ushbu nasihatlarimga amal qil.

Eng muhimi kimdir uchun yoki nima uchundir ilm olma. Ya’ni, baho uchun, men uchun yoki amal uchun. Ilm yo‘li ham ibodat kabidir. Masjidga hamma kirishi mumkin, kimdir tomosha qilishga, kimdir atrofdagilarga o‘zini ko‘rsatish uchun. Kirdingmi yurakdan Olloh uchun ibodat qilasan. U yerda aldab yo‘liga bu ishni qilib bo‘lmaydi Xudo hammasini bilib turadi. Ilm ham shunday, kirdingmi bu yo‘lga chin yurakdan ibodat kabi ilm ol. Hech qachon erishgan yutig‘ing bilan cheklanib qolma. Imom Al-Buxoriy bobomiz aytganidek "Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmagay".

Ikkinchi muhim maslahatim, har doim o‘z tarbiyangni ustida ishla. Buyuk olim bo‘lishing, 10 ta tilda gaplashishing mumkin, biroq tarbiyang, hulqing yaxshi bo‘lmasa, seni hech kim tan olmaydi. G‘arbdan va o‘zga millatlardan ajralib turadigan eng muhim hislatlarimizdan biri bu tarbiyadir. 20 asr boshida Abdulla Avloniy bobimiz: "Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo soadat- yo falokat masalasidir" deb ta’kidlagan. Har doim o‘zingdan kattalarga hurmat bilan munosabatda bo‘l, kichiklarga esa izzat ko‘rsat. Maqtovdan o‘zoqroq yur, ya’ni u seni manmanlikka chorlaydi. O‘zingdan kuchsizlar ustidan aslo kulma. Qo‘lingdan kelsa hammaga yordam ber, yaxshilik qilish kelmadimi, yomonlik ham qilma shunda shu sening yaxshiliging bo‘ladi. Har doim o‘z nafsingni nazorat qilishni o‘rgan. Hamma tarbiyasizlik nafsingni jilovla olmaslikdan boshlanadi. To‘yib ovqatlanma, har doim sal ochroq yur ham ovqatda, bilimda barcha narsada shunda senda yangilikka har doim ishtiyoq bo‘ladi. To‘q qorin faqat uyqu va dangasalikka chorlaydi.

Uchinchi maslahatim, jismoniy barkamol bo‘lib yetishgin. Sog‘lig‘inga har doim alohida e’tibor ber. Yoshligingdan bitta passiv va bitta aktiv sport bilan shug‘ullan. Misol passiv sportlardan ya’ni shaxmat bilan shug‘ullan. Sababi u sening aqlingni peshlaydi, u ham hayot qonun qoidalariga o‘xshaydi. Bitta xato qilsang, yoki xato qilishingni kutadiganlar juda ko‘p, shu zaxoti seni jazolaydi. Shaxmatda kim yutadi, kimki 4-5 besh qadam oldindan o‘ylaydigan, har bir harakatni oldindan hisoblab chiqadigan va qabul qilgan qarorini natijasi nima bilan tugashini aniq biladigan o‘yinchi g‘olib bo‘ladi. Hayot ham shunday, agar hayot qonuniyatlarini yaxshilab o‘rganib chiqib keyin o‘yinga kirishsang, kamdan kam yutqazasan. Shuningdek, hayot ham oq qora yo‘laklardan iborat, bir kuni xursandchilik, ikkinchi kuni qorong‘ulik bo‘ladi. Agar qorong‘ulikka tushganda o‘zingni yo‘qotib qo‘yib o‘rniingdan qayta tura olmasang seni ustingdan bosib o‘tishadi. Shuning uchun aytishadi "kuchli inson yutqazmagan emas, balki yiqilib yana turib kurashib va yutgan inson". Shuningdek, albatta bitta yoshligingdan aktiv sport turini tanla, bu futbol bo‘ladimi, suzish, tennis, kurash yoki boks. Ushbu sport turlari seni qaddi qomatinga, jismonan sog‘lom bo‘lishiga javob beradi. Sen sog‘ bo‘lsang o‘zing va biliming hammaga kerak bo‘ladi.

To‘rtinchi maslahatim, albatta ovqatlanishga qattiq e’tibor qaratgin. Har hil bugungi kundagi kimyoviy moddalar qo‘shilagan ovqatlar, fast food, gazli ichimliklardan o‘zingni tiyishni o‘rgan. Yana bir bor aytaman, hech qachon to‘yib ovqatlanma, ozroq tez tez ovqatlanishni odat qil. Meva, sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilgin. 

Beshinchi maslahatim, har doim ozoda, toza kiynib yurgin. Soching, tirnog‘ing, oyoq kiyminga har doim e’tibor qaratgin. Doim dastro‘mol olib yur. Uydan chiqishdan oldin ko‘zguga qarashni odat qil. Hech qachon modani orqasidan quvlama, balki o‘zingga yarashgan, barchani e’tiborini tortadigan rang barang, ochiq sochiq kiynmagin. Shunigdek, har kuni bir hil kiymda ham yurmagin, bitta elementni bo‘lsa ham almashtirgin. Insonlar kiyimingga qarab kutib olishadi va aqlingga qarab kuzatib qo‘yishadi.

Oltinchi maslahatim, har kuni ozgina bo‘lsa ham badiy kitob o‘qishni odatlaringa kiritgin. Sababi yunonistonlik faylasuf Dekart aytganidek "Cogito ergo sum" ya’ni "men fikrlayapman, demak mavjudman". Shunday ekan, badiy kitob seni fikrlashingni, dunyoqarashingni kengaytirishga, har bir muammoga o‘zgacha yondoshuv bilan qarashga javob beradi. Shuning uchun ham har kuni nimadir o‘qi va albatta menga aytib bergin. Men esa ishdan charchab kelishimga qaramay, ishxonadagi muammolar ko‘pligini inobatga olmay yoki aynan bugun rahbariyatdan qattiq gap eshitib asabim buzilganini bir chetga surib seni diqqatlik bilan eshitaman. Sabbi senga bugun e’tibor bermasam, ming hil bahona qilib senga vaqt ajratmasam, ertaga vaqtim bo‘ladi, pulim bo‘ladi, nafaqaga chiqib hech kimga kerak bo‘lmay qolganimda, kimdir meni gaplarimni eshitishni xoxlaganimda sen yonimda bo‘lasan sababi bu qaytar dunyo agar senga bugun vaqt va e’tibor qaratsam ertaga sen menga shularni qaytarasan.

Navbatdagi maslahatim, farzandim agar ertaga sening o‘rningni robotlar egalashini xoxlamasang, albatta yoshlikdan san’atga mehr qo‘ygin. Farqi yo‘q musiqa asbobini chalishgami (skripka, pianino, rubobmi), teatr studiyasida aktyorlik to‘garagiga borasanmi, rassomchilikmi albatta kerak. Bu senga ijodkorlikni, kreativlikni, fikrlashda qonuniyatni buzib yangilik kiritishga o‘rgatadi. Robotlar esa hech qachon bu ishlarni qila olmaydi. Shu ko‘nikmalaring bilan sen robotlarga yangi ish topib berasan.

Shuningdek, farzandim til o‘rgan. Avval o‘z ona tilingni mukammal o‘rgangin. O‘z tilingdan so‘ng maktab davridayoq rus va ingliz tilini to‘liq o‘zlashtirib olgin. Sababi dunyodagi adabiyotlarning va internetdagi ma’lumotlarning qariyb 70 foizi shu tillardadir. 21 yoshingda ushbu tillarni o‘rganganingdan so‘ng yangi bironta til o‘rgan (xitoy, nemis, fransuz yoki koreys tilini). Bu seni mukammal bo‘lishinga va xotirangni yaxshilashga xizmat qiladi.

Nihoyat oxirgi maslahatim hayotingda biror jiddiy qaror qabul qilishdan oltin yetmish marta o‘ylagin, oqibati nima bilan tugashini bilgin va albatta ushbu qaror oilang, ota onang sha’niga zarar yetkazmasligiga ishonching komil bo‘lgandan so‘ng qaror qabul qil va ijrosini oxirigacha yetkaz. Hayotda o‘z prinsiplaringni ishlab chiq va ularga amal qil. Ichkilik va tamakidan, vaqtinchalik obro‘dan, bema’ni ziyofatlardan va sinalmagan do‘stlardan yiroq yur. 

Farzandim ushbu maslahatlarga amal qilsang seni buyuk kelajak kutmoqda. Vataninga xizmat qilish bu sharafdir. Har bir qilgan ishingdan xalqing rozi bo‘lsa va otangga raxmat degan so‘z aytsa barcha bergan tarbiyamga rozi bo‘laman. Bir faylasuf aytgan ekan "Bu dunyoda eng baxtli ota kim deb savol berishganda, javob berishipti, farzandiga bergan tarbiyani nabirasida ko‘rgan otadir". Men ham shunday baxtli ota bo‘lishni istayman. Ushbu maktubdagi maslahatlarimga amal qilib kelajakda o‘z farzandinga o‘qib bersang demak men to‘g‘ri yo‘l tanlagan bo‘alaman. Seni doim jonidan ortiq ko‘radigan va har soniyada seni kamolingni o‘ylaydigan Padari buzurkvoring Otabek Xasanov*.

* Muallif sifatida ismi sharif joyiga o‘z ismingizni qo‘yishingiz va farzandingizga yo‘llashingiz mukmin. Kelinglar birgalikda yurtimizga Najmiddin Komilov aytganidek, KOMIL insonlarni tarbiyalab beraylik!!!








Report Page