Gunoh —birinchi isming, ayol!
Maftuna Umirzakova—Lilit, birpas shoshmay turing. Xatlarni pochta bo'limiga olib borish kerak edi. Bizni ish vaqtimiz tugadi. Omadni kelganini qarang, bugun kuryer ham ishga kelmabdi. Siz olib olib borolasizmi? — deb uzoqdan turib baqirdi bosh hisobchi.
Men butun vujudim bilan buyuruqbozlikni yomon ko'rardim,qalbimning barcha tolalari bilan buyurubozlikdan nafratlanardim. Alam qiladigani shuki, sendan so'rab o'tirishmaydi, so'raganlari ham yo'q deyishga imkon qoldirmaydi. Lekin buyuruqni o'tta aniq berishadi. Bajarmaslik esa, bo'ysunmaslik degani va itoatsizlar jazoga tortiladi. Aynan buyruqning o'zi jazo emas deb kim aytgan ularga?
Bosh hisobchi yo'lak bo'ylab, yonimga yugurib kelib,
- Xo'sh?- Deb, ko'zini qisib qo'ydi.
- Yaxshi, - javob berdim.
Biroz tinchlanishga harakat qildim. Garchi bu mening vazifalarim qatoriga kirmasa ham qilishga majburman. Chunki uning yordami bilan men kompaniyaning xizmatlar bo'lim menejeri lavozimiga tayinlandim. Yana qanday kompaniya deng? Tinimsiz rahbariyat almashinuvini boshidan kechirayotgan kompaniyaga. Jin ursin hammasini. Lekin nima bo'lganda ham bu meni oladigan maoshimga ta'siri yo'q. Chuqur nafas: "Uhh!". Mana endi to'liq tinchlandim.
- Rahmat, azizim. Siz yordam berishingizni bilardim, - dedi bosh hisobchi. —Xatlarni bosh derektor stoli ustidan olasiz.
—Ho'p, olib boraman.
Pochta bo'limiga borishdan oldin shoshilinch vazifalarim bor-yo'qligini tekshirib olishim kerak. Daftarcham ishlarni tamomlagan belgisi bilan to'lgan edi, faqat bitta ish ro'yxatda belgilanmagan.
Derektorning xonasiga ko'tarildim. Kirganimda u qop-qora teri qoplangan oromkursida ters o'tirardi. Xonaga kirganimda u men tomonga o'girildi. Yo Xudoyim! Men uni qayerdadir ko'rganman. Ha-ha, ko'rganman.
—Salom, keling. —Dedi men salom beravermaganimdan keyin. O'zimga " Xo'sh, ko'rgan bo'lsam nima bo'di? Nega bunchalik hayratga tushyabman o'zi?!"—deb kaftimni peshonamga urdim.
* * * *
Atrof shu darajada oq ediki, dastlab ko'zini ochgan kimsa sutda cho'milyabman deb o'ylashi hech gap emasdi. Tevarakni moviy tog'lar o'rab olgan, daryolarda to'lqinli suvlar mavjlanardi. Xira soyalar, yo'llar esa yaltirab turardi go'yo. Osilib turgan daraxtlardan namhush hidlar taralardi. Yoqimli tovushlar atrofni qamrab olgan va quyosh charaqlagancha yam-yashil qorong'ulik orasiga tushdi. Bu go'zal yurtda barcha ranglar, beg'ubor kunlar cheksiz yoz yashnashiga o'ralgan. Binafshalar uyg'oq, nilufar egilibgina turar, uning xushbo'y kosasidan totli tong shudringi tomardi. Yam-yashil mohlar bilan o'ralgan, quyoshda cho'milayotgan tabiat...
Biroz o'tib esa daryolar, adashgan asalarilar, daraxtlar g'alati ovoz chiqara boshladi: g'uv-g'uv, g'ing-g'ing, shitir-shitir. Gullarning avzoye buzuldi. Qushlarning bezovta chug'uri va qattiq shamol esganda o'rmon qo'zg'aldi.
Quyosh tikka kelganda xurmo daraxti ostida bashar ayollarning birinchisi - Lilit - uyg'ondi. Uning yalong'och, nihayatda latofatli qomati oftobda yaltirardi. Bo'yin kosasi botiq, quyosh nuri kabi uning yorqin sochlari yelkasi uzra sochilib turardi. Qizg'ish yanoqlari tong yorishishini eslatardi. Lilit uyqudan uyg'otilgan go'dakday bir atrofga, bir oyog'i ostida yotgan Odamga esankirab qarardi. Biroz o'tmay Odam uyg'ondi, o'rnida cho'kkalab o'tirib, avval Lilitning yuziga, keyin g'amgin, ma'yus ko'zlarga g'alati tikildi. Odamning Lilitga aytgan ilk gapi:
—Ey muhabbat, - dedi u, - endi mening yarmimsan!
—Nega yarming? Axir men bus-butun yaraldim!
—Chunki men sendan baland va kuchliroqman. Men erman!
—Bas, sen o'zingni hukumron sanama. O'rtamizda tenglik bo'lsin. Chunki bizni Robbimiz quyosh tikka kelganda, bir osmon ostida egizak qilib yaratdi. —Odam Lilitga yaqinlashib, —Agar shunday o'jarlikda davom etsang nafaqat menga, balki o'z-o'zinga ham hech qachon bas kelolmaysan. Biz bani basharga daxldor bo'lgan ilk insonlarmiz. Barcha dunyolar va rejalar bir kun kelib urchishi kerak, aks holda ular chiriy boshlaydi. Shunday ekan har kim o'z ro'lini o'ynamog'i kerak.
Bu gaplarni eshitgan Lilit yelkasiga taqdirning og'ir yuki ortilganday qaddi dol qoldi. Odam uni yupatmoq vajidan bag'riga bosdi. Ayni shu paytda osmon qarsillab, quyuq bulutlar orasida chaqmoq ilonday o'ynardi.
* * * * *
Xatlarni oldim-u, ovchining qo'lidan sirg'alib chiqqan o'ljadan tashqariga otildim. Yanoqlarim qizarib, yonib ketayotganday edi. Eshik ortidan uning og'ir nafas olishi eshtilardi. Ortimga qaytib,
—Men bilan nima sodir bo'ldi?
—Avvalo shahvoniy xayolotlar, keyin notanishlarga nisbatan dahshatli xatti-harakatlar.—Dedi jilmaygancha. Kechikkan pushaymonga botgan edim.
—Rostdanmi?
—Behosdan, —erkak ko'ylagini tugmalarini birin-ketin qadar ekan, so'zida davom etdi:
— Siz menga nisbatan qilgan bu nojoya xatti-harakatlaringiz uchun kechirim so'rashingiz kerak. Boshimni silkib o'zimga "ha" dedim (lekin unga emas). Uning ko'zlari aqlimdan ozdiradigan darajada yoqib qoldi va men butun ongli va ongsiz hayotimni shu moviy tovlangan ko'zlaridan o'tkazdim. Ular yonayotganday tuyuldi, provartda meni ham yuragimni yoqib yubordi va qalbda abadiy iz qoldirdi.
—Men bilan birga kechga ovqatga nima deysiz?—U gapiryotganda hayolim faqat hozir qilgan axloqsizligimda edi.
—Hoy, yaxshimisiz?
—Nima?— dedim hayolimni yig'nashga harakat qilib.
—Yana takrorlashim kerakmi? Kechga ovqat. Men bilan? — derkan orada qo'l soatiga qarab oldi. Go'zal qosh-ko'zlar hayratda qoldirdi va bu uning yonida turishga ortiq toqat qilolmasligimni ko'rsatdi.
—Menimcha, buning keragi yo'q,—dedim-u, og'zimdagi chuchmal tupugimni yutishga urunib.
U darhol menga yaqinlashdi va kaftlarini bir-biriga ishqalab,
—Bu uzoqqa cho'zilmadi, va'da beraman.
—Qanday qilib hozir, xuddi shunday vaziyatda taklifingizni qabul qilishim mumkin? Axir... men o'zimni noqulay sezyabman.
Hayajonim ortib borardi. Ochiq derazadan tushgan yorug' stolning silliq yuzasida aks etar, peshtaxtani bitta katta oynaga aylantirgan edi. Voqealar va o'zimni to'xtatish uchun kechka ovqat taklifiga uzul-kesil rad javobini berdim. Unga pochtaga borishim kerakligini aytganimda men bilan borishni va uyimgacha kuzatib qo'yishni istayotganligini aytdi.
* * * * *
Yarqiroq jim-jit lahza. Kun allaqaqachon botgan. Odam Lilitni bog'riga olib, hali ham ayolning kelajakdagi vazifalari, Odamning oldidagi majburiyatlari haqida ma'ruza o'qirdi. Ayol indamasdi. Hayolida hammasini tahlil qilib borardi: birin-ketin, birin-ketin. Bu hayratomuz darajada siqiq va aniq kechardi. Yonlaridan oqayotgan suvda o'z aksini kuzatayotib, Odam ham o'sha paytda uni kuzatayotganini ko'rdi-yu, yuz ifodasida o'zgartirdi. U butun umr ojiz ko'rinishni emas, kuchli va qat'iyatli, har bir harakati o'z shaxsiy chegarasi borligini eslatib turishini istardi. Lilit Odamga ko'ngil qo'ydi, lekin jilovini topshirgunicha yo'q. Odam buni sezib turardi va ayolga yanada keskin va ravshanroq ta'sir o'tkazish yo'llarini qidirdi.
Kunlar o'tdi. Tong yorishib, quyosh sahovatini borliqqa sochib boshladi. Lilit Odamning qo'lidan terlagan kaftlarini bo'shatdi, uni sekin o'zidan itarib joyidan qo'zg'aldi.
- Yo'q, yo'q, turishingni istamayman, —dedi Odam uyg'onib,—meni aytganimni qil.
—Odam, senga so'zsiz ergashishim kerakmi? Tur, yugur, cho'kkala degan buyuruqlaringni bajarishim kerakmi? Savolimga javob ber?!
Odam bosiqlik bilan,
—Yaxshisi, ertalabdan bunday noxushliklarni unut.
—Bizni bog'lab turgan chilvir ip nimadan yasalgan? —Lilit bu savolni Odamning bog'langan tilini yechish uchun bergandi. — Mas'uliyatdanmi? Men faqat senga bo'ysunish va zuriyot qoldirish uchun yaraldimi?
— Yo'q, azizam. Sevgi. Bizni bog'lagan ip sevgidan to'qilgan. Birga chinor barglarini terganimizni, soy bo'ylab marvaridli tariqlar sochganimizni esla. Umuman birga o'kazgan lahzalarni yod et.—Odam Ato aqlli edi,u boshidan kechirayotgan narsalardan ko'ra,atrofida sodir bo'layotgan voqealarga ko'proq qayg'urar edi.
Lilit o'ylanib qoldi. Nihoyat, Odam Atoga:
—Bu devorlar ortida nima borligini bilmayman. Past-balad orollar , balki tinch dengiz, odamlarsiz bo'shliqlar, jaziramada yonayotgan qumliklar, yashil o'rmonlar, hayvonlar egallab olgan yoz yaylovlari, quyuq qarag'aylar, qorli o'lkalar, binafsha rangga o'ralgan muz cho'qqilari, yaltirab yotgan soyali okeanlar. Men hali ham Jannatdan tashqariga chiqmadim.
Odam uning bema'ni injiqligini tinchlantirish uchun tepasida egilib, peshonasidan o'pdi.
—Nega men sening bo'sh vaqtingni kutishim kerak? Jannatdan o'zim chiqsam bo'lmaydimi?—Lilit bu safar ruhsat tegishidan umidvor edi. Ammo javob kutulganday bo'lmadi. Odam alayhissalom yumshoq va oddiy qilib,
— Yo'q, azizam. Bizning uyimiz shu bog'. Bu devorlar ichida xavfsizmiz.
* * * * *
Lift bizni ogohlantiruvchi polda kutib turardi. Yo'lakda bizdan boshqa hech kim yo'q. Xuddi butun ofis muzlab qolganday. Lift eshiklari ohista ochilargan, gangib qolgan miyam ham qoq ikkiga bo'linib ketayitganday tuyuldi. Ichkariga kiritib, sekin zalga tushdik. Kiraverishda uyqusiragan soqchi derektorga ohista bosh irg'adi.
Nihoyat, toza havo. Yelvizak alanga yonoqlarimga kelib uruldi. Katta yo'lga qarab ketayotganimda boshliq:
—Mashinam binoni orqasida —deb qoldi.
—Rahmat. Piyoda yurmoqchi edim. Siz boravering, — dedim-da,tezlik-tez mayda qadamlar bilan shag'al ko'chadagi toshlarni ezg'ilab borardim: bir-ikki, bir-ikki. Orqamga qaraganimda u g'oyib bo'lgandi. Hayriyat. Zudlik bilan pochta bo'limiga qarab yo'l oldim. Yaxshiyamki, u ofesimiz bosh idorasi joylashgan ma'muriy binodan uncha uzoqda emas.
Ko'chada ketarkanman har kim o'z ishiga shoshilar, hech kim bir-biriga ahamiyat bermasdi. Haqiqiy yolg'izlik bu —katta shaharlarning aholisi orasida edi. Bu erda hech kim har tomonga yurayotgan odamlar haqida hech narsa bilmaydi, buni istashmaydi ham. Bular chekka qishloqda yashaydigan odamlar kabi emas. U yerda bir qo'shni boshqa qo'shnisi haqida hamma narsani biladi. Ular nonushta, tushlik va kechki ovqat uchun nima yeyishidan tortib, bozordan endi chirib boshlagan sabzavotlarni chegirma narxda olib kelishigacha. Chunki ularning bundan boshqa qiladigan ishi ham yo'q.
Bir tomondan, katta shahardagi anonimlik sizni o'ziga jalb qiladi: ular siz haqingizda nima deb o'ylayotganlari haqida o'ylashingiz shart emas, boshqa tomondan esa o'zingizni yolg'iz sezganingizda odamlar bilan aloqa qilishni turli yo'llarini izlashga majbur qiladi. Hayotdagi telekommunikatsiya millionlab odamlar uchun katta ne'mat va eng katta baxtsizlikga aylanib qoldi.
Men shunday fikrlar bilan pochta bo'limiga shoshildim, u erda eski tartibda ro'yxatdan o'tgan xatlarni yuborishim kerak edi. Bizning zamonamizda elektron vositalar, tezkor xabarlar uchun mo'ljallangan dasturlar mavjud. Lekin ba'zi narsalar hali ham o'z dolzarbligini yo'qotmagan va ish yozishmalari hamon qog'oz ko'rinishida.
Navbat norozi bo'lib, g'azablana boshladim. Deyarli yopilishdan oldin navbatim keldi. Mendan sal keyin kelgan xomilador ayolga vaqt yetmasligini eshitib navbatimni unga berdim. Soatga qaradim. Ofisdagi ish kuni allaqachon tugadi, endi orqaga qaytishning ma'nosi yo'q. Uyga kech keldim. Yon daftarchamda esa bitta meniki bo'lmagan va bajarilmagan ish belgilanmay qoldi.
* * * * *
- Yo'qmi? - dedi Lilit,- shirin joning bunchalar qadrli bo'lmasa?
- Jannatda omon qolaman, lekin men buni tinchlik uchun ham, sevgi ham, hayot uchun ham qilyabman,- xitob qildi Odam, - sen shunchaki bo'ysin. Men Robbimizga bo'ysunaman va hurmatim faqat unga.
— Afsuski, bugundan o'sha sevgidan bunyod bo'lgan chilvir ip uzuldi. Men senga bo'ysunish uchun emas, yashash uchun yaratildim. —Lilit shunday dedi-yu, Jannatni tark etish uchun yo'lga otlandi. Yo'lda ketarkan, Odam uning ortidan qachondir kelishiga ishonardi. Balki hozirning o'zida kelayotgandir. U o'girildi, bir lahza to'xtadi. Lekin u ko'rinmasdi. Lilitning ko'z oldidan o'tmish va kelajak baravar o'tib borardi. Hali tug'ilmagan buyuk va mol-dunyo uchun bir-birini qirg'in qilayotgan xalqlarni kuzatib turadi. U bunday zuriyotlarning boshi —onasi bo'lishni istamadi. Qorayib borayotgan osmonga qaradi.
- Xira yonayotgan yulduzlar o'rnini yangi yulduzlar egallaydi. Xayr, Jannatim! - Deb mehr bilan xo'rsindi.
Davomi bor...