BOSH QOMUSIMIZ – MUVAFFAQQIYATLARIMIZNING XUQUQIY ASOSI!

BOSH QOMUSIMIZ – MUVAFFAQQIYATLARIMIZNING XUQUQIY ASOSI!


FOTO

Kishilik jamiyatida qonunlarning ahamiyati juda ham katta. Darhaqiqat, adolatli qonunlar – xalq farovonligi hamda dunyo va oxirat obodligining asosidir. Davlat siyosiy yetukligi va mamlakat ijtimoiy barqarorligini o‘zaro birlashtiradigan mezonlar bor. Ular ko‘p emas. Shular orasida eng asosiysi jamiyatda qonun ustuvorligini so‘zsiz ta’minlash bo‘lsa, ikkinchisi, hokimiyat va xalq o‘rtasidagi shaffof hamda uzluksiz muloqotni yo‘lga qo‘yishdir. Bu nafaqat demokratiya, balki kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir.  Ona – Vatanimiz o‘z istiqlolini qo‘lga kiritgan kunidan boshlab, respublikamizning birinchi Prezidenti marhum va mag‘fur Yurtboshimiz rahbarligida mustaqil davlat yangi qonunchiligining yaratilishi va qabul qilinishi borasida dadil qadam tashlandi. Bu borada kerakli chora – tadbirlar amalga oshirildi. Dastlabki qabul qilingan qonunlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘lib, o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilindi. Barchamizga ma’lumki 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun. Qomusimizda inson huquqlari, burch va vazifalari bilan birga vijdon erkinligi ham alohida kafolatlab qo‘yilgan. Bundan tashqari inson qadri buyukligi, uni kim bo‘lishidan qat’iy nazar sha’ni va qadr-qimmati himoyalanishi ta’kidlangan. Jumladan, 48-moddada bunday deyilgan: “Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar”. Bugun turli zo‘ravon kuchlarning to‘qnashuvlari, qo‘poruvchilik quzg‘unlari avj olayotgan bir davrda insoniyatning ana shu huquqlari eng qadrli, eng totli ne’matga aylanib bormoqda. Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasida belgilab qo‘yilgan mazkur huquqlar Konstitutsiyamiz ikkinchi bo‘limida o‘z aksini topgan. Xalqimizning ezgu niyatlarini o‘zida mujassam etgan, erkinlik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hamkorlik, bag‘rikenglik kabi umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yurtimizda yashab kelayotgan insonlarni tengligi, ularning tili va diniy urf-odatlari hamda milliy qadriyatlarining garovi sifatida kishilik jamiyatini barcha jabhalarda taraqqiyotga erishishga xizmat qilib kelmoqda. Shu jumladan, 130 dan ortiq millat va elat vakillarining bir moviy gumbaz ostida tinch-totuv, xotirjamlik asosida yashab kelishi ham Qomusimizning nechog‘lik hayotga tatbiq etilganligidan va diyorimiz kishilarining bag‘rikengligidan darak beradi.

Guliston shaxar “Iso o‘g‘li Muso” masjidi imom – xatibi:     A.A.Jalolov




Report Page