G'azoliklardan o'rganganlarim

G'azoliklardan o'rganganlarim

Jakhongir Saydaliev

[Ingiliz tilida bu yerda o'qishingiz mumkin]

Bir necha oy oldin shu maqolani o'qib qolgan edim. Keyin buni LinkedIn'da bir necha marotaba ko'rdim. Maqolada Falastinlik bir qiz urush vaqtida akasidan ayrilgani haqida yozgan. O'qib ancha ta'sirlangan edim. Chunki yangiliklarda 20 ming, 30 ming, 40 mingta odam o'ldirildi deb eshitsak biz uchun bu raqamlar hech narsani anglatmaydi, lekin o'sha 40 mingta inson orasidan 1 donasi ichidan o'tgan kechinmalari haqida chuqurroq o'rgansak u qattiq ta'sir qiladi. Lekin bari bir, bu maqolani o'qiganimda bu bo'layotgan hodisalar mendan minglab kilometrlar uzoqda ekanligini his qilar edim. Lekin ishonasizlarmi yo'qmi, bir necha kun avval shu maqolani yozgan Falastinlik qiz bilan uchrashib qoldim!

Sentyabr boshida Shvetsariyaga amaliyot uchun 4 oylik dastur bilan kelgan ekan (u bilan yana boshqa bir qiz ham kelgan ekan). Keyin urush tufayli bu dastur 1 yilga cho'zilibdi. Agar maqolalar yozib turishini aytmaganda, va men ularni o'qib ko'rishni so'ramaganimda, uning bu maqola egasi ekanini hayolimga ham keltirmagan bo'lar edim. U bilan gaplashib turib, bu sinovlar G'azoliklardan boshqa biron bir millatga berilganda, bardosh bera olmagan bo'lar edi deb o'yladim. U haqida 1-2 ta taassurotlarim haqida yozaman.

Xarakteri shu qadar kuchliki, uning oilasi urush ichida yashayotgani, oila a'zosidan ajralgani, oilasini boshqa ko'rmasligi mumkin ekanini bilib ham bo'lmaydi. Xarakteridan sezilib turadigan eng muhim xislati, u o'zini, oilasini, va umumiy G'azoliklarni urush qurboni sifatida ko'rmaydi. Chunki aniq ishonch bilan biladi, ular haq yo'lda, isroilliklar esa nohaq yo'lda va urushning asl qurbonlari ular. Aksincha, urush orqali ba'zi qadriyatlari o'zgarayotgani haqida xavotirda. Misol uchun, urushdan oldinga va keyingi o'zgarishlarni aytib shunday dedi: "Urushdan oldin oilam bilan yashaganimda oilamizdagi qadriyatlarimizdan biri, hech qachon qolganlardan yordam olmasdan, doimiy ravishda yordam berish edi. Biron bir sabab bilan tashqaridan yordam olishga majbur bo'lib qolsak ham, eng kamida o'sha miqdorda yoki undan ham ko'proq qilib bu yordamni qaytarar edik. Urush boshlangandan keyin esa bu qadriyatimizga amal qila olmay qoldik. Hozir G'azoliklar tashqaridan yordam olishga majbur bo'lyabdi." Men buni eshitib qo'pol qilib aytsa "jinni" bo'lib qoldim. Birinchidan, isroilliklar bosqini ichida yashayotgan, qo'pol qilib aytsa yevropadagi uy hayvonlaridan ham yomonroq sharoitda katta bo'lgan xalqda shu qadar kuchli g'urur va insoniylik bo'lishi mumkinmi!? Ikkinchidan, iymon va qadriyat qanday darajada kuchli bo'lishi kerakki, urush vaqtida, ertaga yashash-yashamasligini bilmaydigan holatda, birinchi qayg'urayotgan narsasi qadriyatini va g'ururini yo'qotayotganligi!? Yana boshqa bir G'azolik qiz ham aytdi, "Urushdan oldin, meni qayerdan ekanligim haqida so'rashganda G'azodan deb javob berar edim. Chunki G'azo va Ga'rbiy Sohil orasida juda katta farq bor. Lekin urushdan keyin o'zimni Falastinlik deb tanishtiryabman, chunki G'azolik deb tanishtirsam, menga achinish nigohi bilan qarashadi. Bu esa menga yoqmaydi."

Oila a'zolari hozir nima qilayogani haqida ham bir oz aytib o'tdi. Bir opasi kun bo'yi faqat kitob o'qiyogan ekan. Yana bir opasi esa, ishonasizlarmi yo'qmi, IT o'rganayotgan ekan! Ga'zoda ko'p joyda internet o'chganligi sababli, har kuni 1 soatlik yo'lga piyoda borib kelib o'qiyogan ekan. Yo'lning o'zi ham havfsiz emas deydi. Tasavvur qilyabsizmi, urush vaqtida, ertaga yashash-yashamasligini bilmaydigan vaqtda qilayotgan ishi jonini xavf ostiga qo'yib IT o'rganyabdi. Nega desa, u aytadiki "Agar xalok bo'lsa, bo'ldi hayot tugaydi, lekin agar xalok bo'lmay qolsa urushdan keyin hayot davom etishi kerak". Eng qizig'i, "Keyinchalik ishga topshirganda, nega CV'da bo'shliq bor deb so'rab qolishi mumkin" deydi. Ochig'i bu "CV" haqidagi gapini eshitib biron narsa deya olmay qoldim.

Bular shunchaki bir ikki misollar, ular haqidagi taassurotlarimni so'z bilan ifodalay olmayman. Ular bilan gaplashib, G'azoliklar bu sinovlarga qanday qilib bardosh berayotganini ko'rdim. Bu g'urur, bu insoniylik, bu iymon bo'lgan xalqni hech qachon yengib bo'lmaydi. Axir qanday qilib o'zining haq yo'lda ekanligini to'liq his qilib turgan xalqni yengish mumkin!?

Bular ming yillar oldin yashab o'tgan insonlar haqidagi ertaklar emas, bular biz bilan bir davrda yashayotgan zamondoshlarimiz. Bu insonlarning biz bilan zamondosh ekanligi esa, amallarimizdagi kamchiliklarimiz bo'yicha bizga hech qanday bahona qoldirmadi. Endi, G'azoliklardan ko'ra o'zimizga ko'proq achinib ketdim. Chunki ular "yo'q" imkoniyatdan ham foydalanishga harakat qilyabdi, eng og'ir holatda ham insoniyligini, iymonini nafaqat saqlab turibdi, ba'lki buni eng haq yo'l ekanini to'liq his qilib turibdi. Biz bo'lsa, bizga berilgan cheksiz imkoniyatlar, qulaylik, ozodlik haqida o'ylab ham ko'rmaymiz, uning ma'suliyati qanchalik og'ir ekanligini his ham qilmaymiz. Aksincha "musaffo osmon" deb turib kinoya va qo'pol xazil bilan gapiramiz.

G'azoliklar uchun eng minimal qilishimiz mumkin bo'lgani, ularni duolarimizda eslab qo'yaylik. Alloh halok bo'lganlarni shahid darajasida qabul qilsin, Ga'zoni tashqi bosqinlardan ozod qilsin, bizga bo'lsa tavfiq bersin!

Jakhongir Saydaliev

Lausanne, Switzerland

16.07.2024

Report Page