G‘aznachilik faoliyatini raqamlashtirish tajribalari muhokama qilindi
Toshkent shahrida Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tayotgan “G‘aznachilik faoliyatini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish” mavzusidagi G‘aznachilik amaliyoti hamjamiyati (TCOP) yalpi yig‘ilishi 14-oktabr kuni o‘z ishini davom ettirdi. Tadbirda 20 dan ortiq mamlakatlarning g‘aznachilik tizimi mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari ishtirok etmoqda.
Yig‘ilishning ikkinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat xaridlari siyosati departamenti direktori Sarvar Nazarov mamlakatda joriy etilgan elektron davlat xaridlari tizimi haqida so‘z yuritdi. U elektron platformalar orqali xarid jarayonlarini shaffoflashtirish, raqobatni kuchaytirish va budjet mablag‘laridan samarali foydalanish borasida erishilgan yutuqlarni taqdim etdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning g‘aznachilik tizimini modernizatsiya qilish tajribasi ham batafsil yoritilib, raqamli yechimlar asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari muhokama qilindi.
Kun davomida o‘tkazilgan sessiyalar sun’iy intellekt (AI) va raqamli texnologiyalarni g‘aznachilik faoliyatiga integratsiya qilishga bag‘ishlandi.
Dastlab G‘aznachilik jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha xalqaro tendentsiyalar va ilg‘or tajribalar muhokama qilindi. Jahon banki maslahatchisi Mark Silins g‘aznachilik funksiyalarini raqamlashtirishning imkoniyatlari va cheklovlariga to‘xtaldi.
Koreya Respublikasi Fiskal axborot xizmatining “dBrain+” hisob-kitob tizimi operatsiyalari bo‘limi boshlig‘i Sanguk (Pol) Nam “dBrain+” tizimi doirasida AI yordamida amalga oshirilayotgan avtomatlashtirish loyihalari haqida ma’lumot berdi. Shunigdek, Koreyada g‘aznachilik operatsiyalarini avtomatlashtirish va Davlat moliyasini boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Jahon bankining davlat sektori bo‘yicha katta mutaxassisi Charlz Blanko g‘aznachilik operatsiyalarida AI texnologiyalarini qo‘llash imkoniyatlari va xavf-xatarlarini tahlil qildi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) davlat moliyasi boshqaruvi bo‘yicha ishchi guruhi rahbari Delfin Moretti OECD mamlakatlaridagi ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.
Turkiya Moliya va g‘aznachilik vazirligi huzuridagi AI va ma’lumotlar tahlili boshqarmasi rahbari Aydin Yilmaz esa sun’iy intellekt asosida buxgalteriya hisobi va chuqur analitika tizimini joriy etish tajribasini taqdim etdi.
Kun yakunida delegatlar kichik guruhlarda to‘lovlarni avtomatik tasdiqlash va g‘aznachilik nazoratini avtomatlashtirish masalalari bo‘yicha amaliy muhokamalar o‘tkazishdi. Ishtirokchilar mavjud tajribalar, muammolar va AI texnologiyalarini qo‘llash orqali jarayonlarni yanada soddalashtirish imkoniyatlarini tahlil qilishdi.
Muhokama natijalari yig‘ilishda taqdim etilib, kelgusida g‘aznachilik faoliyatini modernizatsiya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida o‘rtoqlashilgan ilg‘or tajribalar O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar uchun raqamli g‘aznachilikni rivojlantirish, AI texnologiyalarini joriy etish hamda davlat moliyasi boshqaruvida samaradorlikni oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati