“Galaktikamizning eng buyuk yosh olim”lari yohud pulga sotilayotgan olimlik

“Galaktikamizning eng buyuk yosh olim”lari yohud pulga sotilayotgan olimlik

Sharofiddin Hoshimjonov

Nomni oʻqib, “shunaqasiyam boʻladimi?”, deyishingiz mumkin. Ha, hozir pulini bersangiz, “galaktikalararo eng buyuk olim” maqomini oʻzingizniki qilishingiz mumkin.

Gap nimada? Oʻtgan ikki yildan beri koʻplab talabalar “Bobek” nomli umummilliy harakat (Qozogʻiston) tomonidan berilayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining “Eng yaxshi yosh olimi” maqomi, koʻkrak nishoni va birinchi darajali diplomlarini koʻz-koʻz qilishayotganini guvohi boʻlyapmiz. Boshida uncha eʼtibor bermadim, xalqaro tanlovdir-da deb oʻyladim. Lekin, MDHning “Eng yaxshi yosh olim”lari yomgʻirdan keyin chiqqan qoʻziqorindek koʻpaydiki, “oʻzi aslida qaysi biri eng yaxshisi?” degan tabiiy savol tugʻiladi. Yaxshi gumonda boʻlish kerak deb, turli xil yoʻnalishda boʻlsa kerak desam, yaqinda universitetimizdagi bir yoʻnalishda oʻqiydigan, bir yoʻnalishda qatnashgan ikki talaba tengdaniga “Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021” diplomini olishibdi.

Shundan soʻng surishtiruv boshladim. Bu tashkilot joylashgan manzil Qozogʻistonning Nursulton shahri, Almati tumani, E-49 koʻcha, 3/1 uy, 1-podyezd, 3-qavat, 24-xonadon yaʼni bu tashkilot roʻyxatdan oʻtgan manzil turar joy tipidagi uy. Assosiatsiya shaklidagi yuridik shaxslar uyushmasi “Bobek” umummilliy harakati” rahbari Abiyev Yerkebulan Muratovich boʻlib, hozirda 29 yoshda, Moskva davlat universiteti aspiranti. Tashkilot 2018-yil 19-iyunda roʻyxatdan oʻtgan.Eng qizigʻi ushbu tashkilot saytida Tahrir hayʼati boʻlimida (http://bobek-kz.com/team) hech kimning ismi familiyasi yoʻq. Hamdoʻstlik davlatlarining ilmiy integratsiyasini kuchaytirib, olimlar, doktorantlar, talabalarning maqolalarini qabul qilib koʻplab toʻplamlar chop etganlarda tahrir hayʼati yoʻq. Buni qanday tushunish mumkin. Demak, pulini bersa, xohlagan maqolani eʼlon qilish va koʻkrak nishoni olish mumkin degan gaplar rost.

Eng yomoni ilmni biznesga aylangani. Iltimos ilmdan bu kir qoʻlingizni torting. Boshqa sohada biznes qiling. Shuhratga oʻch odamlardan foydalanib, aksariyati bir tiyinga qimmat maqola yozganlarga “Eng yaxshi yosh olim” maqomini bermang!!! Shuhratga intilib, oson yoʻl bilan ilm olamida “katta yutuqqa” erishmoqchi boʻlgan doʻstlar ilm yoʻli sizlar uchun emas. Chin maʼnoda ilmiy ish qilmoqchi boʻlsangiz, pul berib medal olmang, yaxshi ishlasangiz bunday yutuqlar oʻzi quvib keladi. Boʻlgan voqeani yozay. Shu orada koʻplab talabalarimiz universitet telegram kanaliga ushbu muvaffaqiyatini eʼlon qilib berishini soʻrab murojaat qildi. (U vaqtda axborot xizmatida ishlardim). Men bu haqidagi “xushxabar”ni rasmiy sahifalarimizda yoritilmasligini, bu “xaltura” narsa ekanini tushuntirdim. Shundan keyin, notanish raqamdan telefon boʻldi, oldim. Telefon qilgan kishi nega rasmiy sahifalarga “yutuqqa erishgan” talabalar haqida xabarlarni qoʻymayotganimni dagʻdagʻa ohangida soʻradi. Yuqoridagi javobni aytdim. Negaligini asoslashimni soʻradi, unga hisob bermasligimni tushuntirdim. Keyin bilishimcha bu yigit universitetimiz talabasi, “Bobek” bilan aloqa oʻrnatgan, ularga har bir nomzoddan 50 AQSH dollaridan yetkazib, oʻziga 15 AQSH dollaridan olib qolgan. Kim boʻlishidan qatʼi nazar, u ilmiy ish olib boradimi yoki yoʻq ahamiyatsiz pulini beradi va eng yaxshi yosh olim va koʻkrak nishoni olaveradi.

Zoʻr-a? Yaqinda oʻzim juda yaxshi taniydigan bir talabamiz shu “maqom”ni qoʻlga kiritganini feysbukda koʻrib qoldim. Eng zoʻri u talaba ilmiy ish u yoqda tursin, darslarni ham zoʻr oʻzlashtirmasdi, maqola haqida umuman gap boʻlishi mumkin emas. Tezis ham yozmagan, hatto. Eng qizigʻi bunday loxotronlarni katta-katta rasmiy axborot agentliklari, internet nashrlari tekshirib oʻtirmay yulduzga aylantirishdi, qaysidir viloyat hokimi qoʻsha-qoʻsha sovgʻalar ham berdi

Xullas, talab boʻlmasa taklif boʻlmaydi. Shunday oson yoʻl bilan, pul toʻlab maqom olishdan qayting!!!

Report Page