Gaagadagi Hakamlik sudining doimiy palatasida uchrashuv

Gaagadagi Hakamlik sudining doimiy palatasida uchrashuv

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

O‘zbekiston delegatsiyasining Gaagaga tashrifi doirasida joriy yilning 31-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Hakamlik sudining doimiy palatasi (HSDP) bosh kotibi Xyugo Siblez bilan uchrashdi.

Ma’lumot uchun: Hakamlik sudining doimiy palatasi 1899-yilda birinchi Gaaga tinchlik konferensiyasi qarori bilan tashkil etilgan. Palata ko‘rib chiqish uchun davlatlararo nizolar bo‘yicha hamda xususiy tashkilotlarning xalqaro xarakterdagi da’volarini qabul qiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va HSDP o‘rtasida xalqaro xususiy huquqni rivojlantirish, zamonaviy standartlarga muvofiq yuridik kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston adliya vaziri R.Davletov Palata rahbariyatiga 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, norma ijodkorligi jarayonini takomillashtirish, fuqarolarga yuqori sifatli yuridik xizmatlar ko‘rsatishda Adliya vazirligining faoliyati va roli haqida batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, 2021-yilda qabul qilingan “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi Qonun hakamlik muhokamasi samaradorligini oshirish va xorijiy investorlarning ishonchini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Xyugo Siblez O‘zbekiston rahbariyati fuqarolar va biznes vakillarining odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bo‘yicha samarali choralar ko‘rayotganini ta’kidladi. Hakamlik sudining doimiy palatasi bosh kotibi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, turli hakamlik nizolari yuzaga kelgan taqdirda hakamlik sudlari institutlarini tanlashni yanada diversifikatsiya qilishni ta’minlaydigan 1907-yildagi Xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha Gaaga konvensiyasida O‘zbekistonning ishtirok etish istiqbollarini ham muhokama qildilar.

Uchrashuv so‘nggida tomonlar xalqaro xususiy huquqni unifikatsiya qilish mexanizmlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha Palata ekspertlarini jalb qilgan holda qo‘shma tadqiqotlarni tashkil etish O‘zbekistonda xalqaro xususiy huquq doirasida huquqni qo‘llash amaliyoti sifatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning 30-mayidan 2-iyuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Gaaga shahrida (Niderlandiya) bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon odil sudlov forumida (WJF) ishtirok etmoqda.

Butunjahon odil sudlov forumi (WJF) har ikki yilda davlat va xususiy sektor rahbarlarini qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida birlashtiradigan global tadbirdir.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Report Page