GIYOHVANDLIK…ACHCHIQ QISMATDIR
Sevinch G‘ANIYEVA
Jamiyatda shunday muammolar mavjudki, ular haqida so‘z yuritish og‘ir. Ammo sukut saqlash undan ham xavfli. Giyohvandlik ana shunday illatlardan biridir. U eshik qoqmaydi, ogohlantirmaydi, sekin-asta kirib keladi va inson taqdirini parchalab yuboradi.
Viloyatimizda 2024-yilda giyohvandlik bilan bog‘liq 222 ta jinoyat aniqlangan edi. Oradan bir yil o‘tib, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 265 taga yetdi. Nima uchun profilaktika ishlari ko‘paygan sari jinoyatlar ham ko‘payib bormoqda? Bu o‘sish — e’tiborsiz qolgan muammolarning, vaqtida to‘g‘ri xulosa chiqarilmagan qarorlarning natijasi.
Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish bo‘yicha 2024-yilda 105 ta, 2025-yilda esa 81 ta holat qayd etilgan. Bu, ijobiy ko‘rsatkich. Demak, yerga ekilayotgan zaharga qarshi kurash kuchaygan.
Ammo muammo yerda emas, muammo ongda. Agar ekinlar kamayib, jinoyatlar ko‘payayotgan bo‘lsa, demak, xavf boshqa yo‘ldan kirib kelmoqda. Eng achinarlisi, bu yo‘l ko‘pincha maktab eshigidan boshlanmoqda.
Bugungi kundagi tashvishli holatlardan biri, maktab o‘quvchilari orasida psixotrop moddalarni qabul qilishining ortib borayotgani. Bu kelajakka qaratilgan bevosita tahdid emasmi?!
O‘smirlik — inson hayotidagi eng nozik davr. Shu davrda qilingan birgina xato butun umrga dog‘ bo‘lib qolishi mumkin. Afsuski, ayrim yoshlar bu yo‘lda bilim
emas, zararli moddalarni tanlashmoqda.
Hozirda o‘smirlar giyohvandlikka qadam qo‘yar ekan, ular faqat o‘zlarini emas, balki oilasini, maktabini, jamiyatni ham ortidan jar yoqasiga tortishadi. Ko‘p hollarda bu “qiziqish”, “do‘stlar ta’siri”, “bir marta sinab ko‘rish”dan boshlanadi.Ammo bu yo‘l oxir-oqibat qaramlikka, umidsizlikka va yo‘qotilgan orzularga olib boradi.
Xo‘sh, ayb kimda? Faqat yoshlardami? Bu holatda faqat bolalarni ayblash — oson chora. Aslida muammoning ildizlari ancha chuqurlikka tutashgan. Qaysi paytda ota-ona farzandining kayfiyatiga e’tibor bermadi? Qaysi maktabda profilaktika ishlari faqatgina qog‘ozda qoldi? Qaysi mahallada “menga tegishli emas” degan befarqlik ustun keldi?
To‘g‘ri, mas’ul shaxslar tomonidan talay ishlar amalga oshirilmoqda. Hisobotlar tayyorlanmoqda. Ammo nega natija sezilmayapti?
Profilaktika ishlari ko‘p holatlarda jonli emas. Qog‘ozda xo‘jako‘rsinga, amalda esa sust. Yoshlarning ko‘ngliga yo‘l topib, ularning tilida gaplashilmayapti. Ularni qiynayotgan savollarga ochiq javob berilmayapti. Eng yomoni — ayrim hollarda kattalarning o‘zlari befarq. Ota-ona farzandidagi o‘zgarishlarni ko‘rmaslikka oladi. Maktab mas’uliyatni chetga suradi. Mahalla esa “bizda bunday holat yo‘q” degan tasalli bilan yashaydi. Aslida giyohvandlik aynan shu befarqlikdan kuch olmaydimi?
Giyohvandlikka qarshi kurash faqat reydlar yoki hisobotlar bilan emas, ong bilan, tarbiya bilan, jonli muloqot tarzida olib borilmasa, raqamlar yana o‘saveradi.
Giyohvandlik — bu faqat jinoyat emas. Bu buzilgan oila, yarim yo‘lda qolgan ta’lim, ishonchini yo‘qotgan yoshlar va jamiyat uchun boy berilgan kelajakdir.
Aniqlangan har bir jinoyat ortida bir inson taqdiri, bir onaning ko‘z yoshlari, bir otaning ichga yutilgan dardi bor. Statistikada esa bu og‘riq ko‘rinmaydi.
Agar bugun bolalar bilan ochiq gaplashmasak, ertaga ular bizdan yuz o‘girishlari mumkin. Agar bugun muammoni tan olmasak, ertaga uni hal qilish uchun kech bo‘lishi muqarrar.
Giyohvandlikka qarshi kurash — bu faqat huquq-tartibot idoralarining vazifasi emas. Bu — vijdon, mas’uliyat va jamiyat kelajagi masalasi.
Sevinch G‘ANIYEVA